Joriy yilning 13 - dekabr kuni Sirdaryo viloyatining Xovos tuman IIB Xovos tumani Qahramon qishlog‘i yashovchisiga nisbatan (ismi Ozodlikka ma’lum-tahr.) Jinoyat Kodeksining 129-moddasi 2-qismiga asosan ("O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish") jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Sirdaryolik nafaqa yoshidagi xovoslik erkak o‘zining 5 yashar nabirasini zo‘rlab, "jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirganlik"da gumon qilinmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Ozodlik bilan suhbatda bunday tuban jinoyatlarni jazolash va ayollar huquqlarini himoya qilish borasida prezident topshirig‘i mavjudligi va bu kabi jinoyatlar Bosh prokuraturaning jiddiy nazorati ostida tergov qilinishi"ni aytdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili¸ bolalar ombudsmeni Aliya Yunusova Ozodlik bilan suhbatda bu hodisaga e’tibor qaratishini ta’kidladi.
Voqea yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi belgilangan va bobosi tarafidan zo‘rlangani iddao qilingan 5 yashar qizcha bilan psixolog suhbati o‘tkazilgan. Psixolog qizchaning jinsiy zo‘ravonlik nishoni bo‘lganini tasdiqlagan.
Mustaqil "Eltuz" nashri muxbiri Guliston Davlat universitetida ishlaydigan bu psixolog bilan suhbatlashgan. Nashrning psixologga tayanib yozishicha¸ 5 yashar qizcha o‘z e’tirofini "uni zo‘rlagan boboning jinsiy olatini chizib ko‘rsatish orqali" tasdiqlagan.
Sirdaryo viloyat prokuraturasidagi ismi ochiqlanishini istamagan mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ tergov ishlari ketmoqda. Gumonlanuvchiga tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat mavzusi yosh bolalarni zo‘rlash bilan bog‘liq bo‘lgani bois tafsilotlar matbuotga ochiqlanmasligi bildirildi.
Ozodlik muxbiri 5 yashar nabirasini zo‘rlaganlikda gumonlangan boboning yaqinlari bilan bog‘landi. Ularning aytishicha¸ "o‘z aybidan pushaymon bo‘lgan bobo nomusga chiday olmay, 15 - dekabr kuni o‘z joniga qasd qilgan, ammo o‘lmay qolgan".
Yaqinlariga ko‘ra, u dekabr oyining o‘zida bir necha marta o‘z joniga qasd qilishga uringan.
Tarmoqni titratgan video
Bundan oldin ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda sirdaryolik ona mast holda bo‘lgan qaynotasi 5 yashar qizchasini zo‘rlaganini iddao qilgan edi.
Videotasvirda uch bolasi bilan o‘tirgan ayol (ismi Ozodlikka ma’lum-tahr.) eridan ajrashib, ko‘chada qolgani bois o‘z farzandlarini sobiq erining uyida qoldirganligini iddao qiladi:
«Sobiq erim 5 yashar qizimni o‘zini otasiga tashab ketgan (Ozodlik bu voqeaning joriy yil oktabr oyining o‘rtalarida yuz berganini aniqlagan- tahr.) Uning otasi ichvolib, bechora besh yoshlik qizimni zo‘rlab tashlagan. (Ayol tizzasida o‘tirgan qizini boshini silab yig‘lab gapiradi) Qanaqa qilib besh yoshli qizni shunaqa qiladi? Qanaqa qilib shunaqa qiladi? Qaysi ota shu ishni qiladi? Iltimos, chora ko‘ringlar. Hukumatimiz bormi o‘zi?..."
Ayol o‘z videochiqishida qizining zo‘rlanganligini ovsinidan eshitgani va ovsini bu holatni “zapis” qilganini ham ta’kidladi. Videomurojaatda ayolning 12 yashar qizi ham bobosining 5 yashar singlisini zo‘rlagani haqida gapiradi.
Shu bilan birga, videoda ayol uch farzandi uchun aliment olmayotgani, uy-joy bilan ta’minlanmaganidan ham shikoyat qiladi.
Nosog‘lom muhit
Ozodlik ayolning o‘zi bilan bog‘lana olmadi. Jinsiy zo‘ravonlikda gumonlangan bobo yashaydigan Bo‘ston MFY vakili esa, Ozodlikka bu oilada "nosog‘lom muhit oqibatida doimiy janjallar bo‘lib turishi"ni aytdi.
O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida pedofiliya uchun alohida modda yo‘q.
2018 - yilda yosh qizlarga jinsiy tajovuz qilgan qo‘qonlik Yu.M. O‘zbekiston JKning 129 - moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish - tahr)da ayblanib, 1 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
O‘zbekiston JKning pedofiliyada ayblanganlarga nisbatan qo‘llanadigan mavjud 129-moddasi "uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash" jazosini nazarda tutadi.
O‘zbekiston jinoiy qonunchiligidagi ushbu holatga izoh bergan Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova "milliy qonunchilik jinsiy tajovuz bo‘yicha jinoyatchilarga jazo bera olishi"ni ta’kidladi.
Uning Ozodlikka aytishicha, "jinoyat uchun jazoning muqarrarligi" tamoyili mavjud.