O‘zbekistonda Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy bloger Alisher Tursunov Turkiyada 28-dekabr kuni politsiya tomonidan qo‘lga olingani to‘g‘risida “Azon Global” axborot tahliliy portali 9-yanvarda xabar berdi.
Mubashshir Ahmad asos solgan mazkur portalda e’lon qilingan rasmiy bayonotda Tursunov “gumonlanuvchi” sifatida qo‘lga olingani aytiladi. Biroq bayonotda Mubashshir Ahmad aynan nimada gumonlangani va Turkiyaning qaysi shahrida ushlangani aytilmagan.
“Dastlab qandaydir anglashilmovchilik bo‘lgani, shu bois ommani behuda tashvishga solish kerak emasligi kabi mulohazalar bilan bu haqda keng ommaga xabar berilmadi”, deyiladi bayonotda.
“Azon Global” axborot tahliliy portalining yozishcha, dastlabki surishtiruvlarda Mubashshir Ahmadga qo‘yilayotgan ayblov o‘z isbotini topmagan. Ammo bloger ozod qilinish o‘rniga deportatsiya markazishga joylashtirilgan. “Azon Global” Mubashshir Ahmad qaysi depportatsiya markazida saqlanayotganiga oid ma’lumotni ochiqlamagan.
“Albatta, bu hodisa sodir bo‘lgan kunidanoq advokatlar harakatlarini boshlashgan va boshqa barcha kerakli chora tadbirlar ko‘rilmoqda”, deyiladi bayonotda.
2023-yilning 6-avgust kuni “Azon media” guruhi rahbari bo‘lgan Mubashshir Ahmad guruhga kiruvchi barcha loyihalarining to‘xtatilganini e’lon qilgandi. “Azon media” 2017-yilda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat yurituvchi onlayn media tarmog‘i sifatida tashkil qilingandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 1,2 million obunachisiga ega bo‘lgan “Azon media” ta’sischisi o‘z faoliyatining yakunlanganiga oid sabablarga izoh bermagan. Uning ta’kidlashicha, keyinchalik bu sabablar ochiqlanishi mumkin.
Hozirgi paytda saytdagi barcha diniy kontentlar o‘chirilgan va sayt xodimlari “Fikrat” nomli yangi loyiha ustida ish boshlaganini ma’lum qilishgan. O‘tgan yilning noyabrida esa Mubashshir Ahmad rahbarligida o‘zbek, rus, ingliz va turk tillarida faoliyat yurituvchi “Azon Global” axborot tahliliy portali ishga tushirilgandi.
2021-yil iyun oyida “Azon media” guruhining 4 nafar rahbari bir qancha diniy kontent va materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi nazoratidan o‘tkazmay chop qilgani uchun sud tomonidan yirik miqdorda jarimaga tortilgan edi. Bosh muharrir Abdulaziz Muborak buni “sayt ovozini o‘chirishga urinish” deb atagandi.
2018-yilning aprelida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Kotibiyat bo‘limi mudiri Ulug‘bek Sultonov va uning yordamchisi Mubashshir Ahmad egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgandi. O‘shanda diniy idora buning sabablarini oshkor qilmagan.
O‘shanda Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan toshkentlik imomga ko‘ra¸ Mubashshir Ahmad “matbuot va tarmoqdagi diniy chaqiriqlaridan keyin istalmaydigan shaxsga” aylangani haqida aytgan edi.
2018-yilning aprelida Ozodlik bilan suhbatda Mubashshir Ahmad o‘zining ishdan bo‘shatilishi DXX raisining bayonotidan keyin yuz berganligini “shunchaki tasodif”, deb atagandi:
- Men DXX raisi Ixtiyor Abdullayevning bayonoti ortidan diniy e’tiqod cheklanganiga guvoh bo‘lmadim. Azon.uz saytida yozganimdek, Ixtiër Abdullayevga ishonaman. Uning diniy e’tiqodni cheklamasligiga ishonaman. Abdullayevning bayonotidan keyin ishdan bo‘shatilganim - faqat tasodif. O‘zbekistonda e’tiqod erkinligi borasida muammo yo‘q. Men musulmonlar idorasidagi ishimdan bo‘shatilganim bilan¸ Toshkent Islom institutida o‘qituvchilik va noshirlik faoliyatim davom etmoqda. Diniy idora Kotibiyat mudiri Sultonov va imom Shermurod Tog‘ayning ishdan bo‘shatilishi ortida ham siyosiy sabab yo‘q, deb bilaman. Shermurod Tog‘ay diniy idorani tanqid qilgan bo‘lsa, bu uning fikri. Aynan tanqid qilgani uchun imom ishdan olindi deb ayta olmayman¸ - degandi Mubashshir Ahmad Ozodlik bilan suhbatda.
Mubashshir Ahmad Namangan shahrida tug‘ilgan. 1991-1996-yillarda Toshkent islom instituti va Misrdagi “Al-Azhar” universitetlarida ta’lim olgan. “O‘zbekiston musulmonlari” (hozirgi “Hidoyat”), “Fikrat” jurnallarida va “Islom nuri” gazetasida ishlagan.
Mubashshir Ahmad 1996-yildan boshlab bir muddat Toshkent islom institutida fikh, usulul fikh va faroiz fanlaridan dars bergan.