"Hech kimni ayblamayman". Zelenskiy markaziy osiyolik jurnalistlar savollariga javob berdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy. Xarkov, 24-may, 2024

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Xarkovda Markaziy Osiyo jurnalistlari uchun brifing o‘tkazdi. Xususan, mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosati va ularni tinchlik sammitiga taklif etish haqida o‘z fikrini bildirdi.

Brifing Rossiya vayron qilgan Xarkov binolaridan birida bo‘lib o‘tdi. Ukraina prezidenti hozirgi geosiyosiy vaziyat va Markaziy Osiyo davlatlarining roli haqida gapirdi.

TINCHLIK SAMMITI VA MARKAZIY OSIYO

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tashqi siyosatda betaraflik e’lon qilganiga qaramay, anchagina kremlparast pozitsiyani egallamoqda, degan Vladimir Zelenskiy.

“Rahbarlaringizda muvozanat yo‘q. Menimcha, ular ko‘proq Rossiya tomonida – Kremldan qo‘rqqanlari uchun", dedi u.

Zelenskiy mintaqa davlatlari rahbarlarini 15-16-iyun kunlari Shveysariyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan tinchlik sammitiga taklif qilganini qo‘shimcha qildi.

“Men hech kimni ayblamayman. Biz tanlovimizni qildik, kurashyapmiz. Meni bezovta qilayotgan narsalar haqida so‘zlamoqchiman. Mana bir misol: biz tinchlik sammitini o‘tkazyapmiz, birinchi qadamlarni qo‘yyapmiz. Ularda xuddi boladagidek beqarorlik bor, ammo ularni qo‘llab-quvvatlash muhim. Bu to‘g‘ri qadam. Ular ham tinchlik istashadi. Ular urush tarafdori emas, albatta.

Mana, sizga bir misol: biz rahbarlarni, mutlaqo erkin, ilgari bir stolda o‘tirmagan barcha rahbarlarni taklif qilamiz. Har kimning o‘z manfaati bor, kimdir sanksiya kiritgan, boshqalari esa yo‘q. Biz barchani, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini ham taklif qildik. Ularni ushbu sammitda ko‘rishni istaymiz”, dedi Zelenskiy.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Мирзиёев ташқи сиёсатни 19 йил бошқарган А. Комиловни нега ишдан олди?

Uning fikricha, Shveysariyada o‘tishi rejalashtirilgan Tinchlik sammiti barcha mamlakatlar rahbarlari qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj.

“Buning nimasi qo‘rqinchli? Bu yerda yagona qo‘rqinchli narsa shundaki, [Rossiya Prezidenti Vladimir] Putin u yerda bo‘lmaydi. Tasavvur qiling-a, Putin shuni deb Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga tanklar bilan hujum qila oladimi? Yo‘q. Bu yetarli emas. Qo‘shilmaydiganlar nimadan qo‘rqishadi? Ular nimanidir yo‘qotishdan qo‘rqishadi. Ular hatto bugungi Kreml bilan munosabatlarni buzib qo‘yishdan ham qo‘rqishadi. Bu urushni tugatishga yordam bermaydi. Chunki tasavvur qiling, davlatingiz, xudo asrasin, bizning ahvolga tushib qolsa, sizning davlatingiz, xalqingiz qo‘llab-quvvatlamaydigan, qo‘llab-quvvatlamasa ham, qo‘shilmagan davlatlarga qanday qaraydi?! Tasavvur qiling-a, shunday tajovuzkorga qarshi urushda yolg‘iz qolasiz. Menimcha, bu zaiflik. Biz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ham kelishini istardik”, dedi Ukraina prezidenti.

15-16-iyun kunlari Italiyada bo‘lib o‘tadigan Katta yettilik – G7 sammitidan so‘ng Shveysariyada xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Umuman olganda, Shveysariya 160 dan ortiq davlat vakillarini taklif qilgan va Rossiya taklif qilinganlar orasida yo‘q. Vladimir Zelenskiy avvalroq tushuntirganidek, Ukraina Moskvaning jarayonni buzishini istamaydi. Rossiya vakillari, uning aytishicha, keyingi bosqichda vositachilar orqali jalb qilinadi.

Moskva, o‘z navbatida, Shveysariyadagi uchrashuvda, hatto taklif qilinganda ham, qatnashmasligini ma’lum qildi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya Ukrainaning “tinchlik formulasi”ni muhokama qilishga tayyor emasligini aytdi. Ukrainaning asosiy shartlaridan biri Rossiya qo‘shinlarini Ukrainaning butun xalqaro tan olingan hududidan olib chiqib ketishdir.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Shveysariyaga kelish-kelmasligi hozircha noma’lum.

MUSTAQILLIK HAQIDA

Vladimir Zelenskiy Markaziy Osiyodan kelgan jurnalistlar savollariga javob berar ekan, suverenitet masalasini ko‘tardi.

“Biz hozir mustaqillik uchun kurashning eng og‘ir yo‘lidan o‘tmoqdamiz. Bu faqat til, madaniyat va hokazolar haqidagi balandparvoz so‘zlar emas. Mustaqillik, ongingizda bo‘ladi, shunda siz erkin odamsiz. Bu juda muhim: qanday yashash, kimni sevish, qayerda yashash, qayerda ishlashni o‘zingiz tanlang. Bu juda muhim – erkinlik. Menimcha, bu mustaqillikka olib boradigan yo‘ldir.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Россия-Ўзбекистон: Мирзиёев Путинга қучоқ очди, Рамзан куёвлар зиёфатида

Sizga bu yo‘lni bosib o‘tishni maslahat beraman, shunda bugungi ukrainaliklar kabi og‘riqli kurash olib borishga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zingizni do‘stlik va hurmatdan boshqa narsaga bog‘lamang, bosim o‘tkazadigan, qaror qiladigan "katta og‘a"ning kichik qismi bo‘lmang", dedi Ukraina rahbari.

Uning fikricha, mustaqillik iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omillaridan biri bo‘lib, buning uchun katta tabiiy resurslarga ega bo‘lish shart emas.

“Hamma mamlakatlar ham katta pul keltiradigan qazilma boyliklari bilan maqtana olmaydi. Shunday davlatlar borki, foydali qazilmalar va energiya resurslarisiz ham texnologik jihatdan dunyoda ilg‘or. Chunki ular mustaqil. Ular nima bo‘lishidan qat’iy nazar, pul topa oladi. Ular birinchi navbatda o‘z xalqiga – ta’limga, erkinligiga, odamlarning qulay yashashi va ishlashiga, o‘z fuqaroligini, pasportini, bayrog‘ini hurmat qilishini ta’minlash uchun kuch sarflaydi”, dedi Vladimir Zelenskiy.

MARKAZIY OSIYO NEYTRALLIGI

Mintaqadagi deyarli barcha davlatlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyingi dastlabki kunlardayoq neytral pozitsiyasini e’lon qildi.

2022-yilda Rossiya bosqini boshlanganidan bir hafta o‘tib, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Moskva va Kiyevni muzokaraga chaqirdi. Keyin Ostonadan Ukraina mustaqil va hududiy yaxlit davlat bo‘lib qolishi kerakligi haqidagi so‘zlar aytildi. Qozog‘istonda urush boshidanoq «urush» deb ataladi va ular G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari hurmat qilinishiga va’da berib kelishadi.

2022-yil fevral oyida Qirg‘iziston ham mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori edi. 2022-yil aprel oyida prezident Sadir Japarov Ukrainadagi urushni “maxsus operatsiya” emas, balki «urush» deb atadi. Japarov, shuningdek, Qirg‘iziston Kiyev va Moskva o‘rtasidagi mojaroda betaraflikni saqlashini ta’kidladi.

2022-yil 25-fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin shu mavzuda telefon orqali muloqot qildi. Bir kun o‘tib Mirziyoyev matbuot kotibi o‘z bayonotida O‘zbekiston Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda betaraf pozitsiyani egallashini ta’kidladi.

Tojikiston rasmiylari Ukrainadagi urush haqida ilk bor 2023-yil fevralida izoh berishgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

ЭКСКЛЮЗИВ: Мирзиёев. Қрим. Тоштурма

Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sirojiddin Muhriddin Dushanbe urushni tezroq tugatish tarafdori ekanini aytib, Tojikiston an’anaviy tarzda ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaxshi munosabatlarga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u Rossiyadagi tojikistonliklar jangovar harakatlarda qatnashishiga qarshi ekanini ta’kidladi.

Turkmaniston tashqi siyosat masalalarida deyarli gapirmaydi: mamlakat rasman 20 yildan ortiq vaqt davomida betaraflikni saqlab kelmoqda. Biroq mahalliy OAV muntazam ravishda Ashxobod Ukraina urushi borasida Rossiyaga moyilligi haqida xabar bermoqda.

«Ozodlik» radiosi turkman tahririyati jurnalistlari yozishicha, turkman rasmiylari G‘arbni Ukrainada urushni avj oldirishda ayblashgan.