IIV yerto‘lasida yotib ishlagan qashqadaryolik ustalarning haqi "to‘lab berildi"

Qashqadaryolik ustalar Ichki ishlar vazirligida qurilgan mana shu obyektda ishlagan. Toshkent, 2021.

Qashqadaryo viloyat, Mirishkor tumanilik ustaning Ozodlikka bildirishicha, o‘zi boshchiligidagi 6 kishidan iborat quruvchilar guruhi shu yil bahorida Ichki ishlar vazirligi hududida bajargan qurilish ishlari uchun ish haqining bir qismini 8 - iyulgacha ololmayotgan edi.

Vazirlikka qarashli Qurilish-ta’mirlash davlat unitar korxonasi (DUK) rahbariyati vakili quruvchilar ish haqi to‘lanmaganini ular ishlagan obyektning loyihalash hujjatlari qurilish ishlari bilan parallel tayyorlangani bilan izohladi. DUK rahbariyati vakili loyiha shu kunlarda bitgani va ish haqi kelasi haftada to‘lanishini bildirdi.

Vazirlik matbuot xizmati qilingan ishlar uchun barcha to‘lovlar 20 - mayda amalga oshirilgani, biroq shikoyat o‘rganilib, holat tasdiqlangan taqdirda ish haqi bir kun muddatda to‘lanishini bildirdi.

Maqola bitguncha ish haqi to‘langani haqida xabar yetib keldi.

Ozodlikka kelgan xat

Qashqadaryolik quruvchilar guruhi boshlig‘i 27 yashar Abror Bobomurodovning Ozodlikka yozishicha, u yetakchiligidagi 6 kishilik guruh 24 - martdan 9 - maygacha Ichki ishlar vazirligi hovlisida qurilgan Xotira majmuasi qurilishida ishlagan.

Quruvchilar guruhi 45 kun mobaynida jami 17 mln. so‘mlik ish bajargan. Bu pulning 9 mln. so‘mini olgan. Qolgan 8 mln. so‘mini ikki oydan buyon ololmayotgan edi.

IIVdan ish haqini ololmayotgan qashqadaryolik quruvchidan kelgan xat.

"IIV podvalida yotdik"

Abror Bobomurodov Ozodlik bilan suhbatda ikki oydan buyon vazirlikka bir necha marta borgani, biroq soqchilar vazirlik darvozasidan ichkariga kiritmaganini aytdi.

Ustaning aytishicha, uning hamyurtlaridan iborat guruhi 45 kun davomida uzunligi 65, balandligi 3 metrli beton devor hamda uzunligi 226, balandligi 6 metrli tunuka devor qurgan.

“Men sizga bu devorlarning yer ustida ko‘rinib turgan qismini aytyapman, xolos, ularning yer ostidagi qismini, boshqa mayda-chuyda ishlarni aytmayapman”, dedi Abror Bobomurodov.

Ustaning aytishicha, u sheriklari bilan “IIV podvalida yotib ishlagan”.

“Har kuni soat 6 da ish boshlanardi, qosh qorayguncha ishlar edik. Ba’zida yarim tungacha ham ishlaganmiz”, - qo‘shimcha qildi usta.

Abror Bobomurodov vazirlik hududida qurgan obyekti suratlarini ham Ozodlikka taqdim qildi.

Qashqadaryolik ishchilar IIVda uzunligi 65, balandligi 3 metrli beton devor hamda uzunligi 226, balandligi 6 metrli tunuka devor qurgan.

Ish beruvchi: Ish haqini kelasi haftada to‘laymiz

Qashqadaryolik usta ish haqini to‘lab berishga mas’ul bo‘lgan uch kishining ismlarinigina bilishi ma’lum bo‘ldi. Ular: Fayzulla, Navro‘z va Shuhrat.

Ozodlik Navro‘z va Shuhrat bilan bog‘lana olmadi, biroq Fayzulla bilan bog‘landi. Familiyasi va lavozimini aytishni istamagan bu amaldorning javoblaridan u vazirlikka qarashli Qurilish-ta’mirlash davlat unitar korxonasi (DUK) rahbariyati vakili ekanligi tushuniladi.

Mulozim gap qashqadaryolik quruvchilarning ish haqi ustida ketayotganini darhol tushundi va Ozodlik savolidan kelib chiqib, qashqadaryolik quruvchilarni nazarda tutarkan, bunday dedi:

“U bolalar subpodryadchi tashkilotda ishlagan, menda ishlagan emas, ularni Navro‘z aka degan odam ishga yollagan. Endi biz ularga pul chiqarib beramiz keyingi haftada. O‘sha pul chiqarilganidan keyin o‘tkazib beradi ularga. Obyekt qurilishiga parallel ravishda uni loyihalash ishlari qilindi. Loyiha hujjatlari bitdi. Tasdiqlandi. Tasdiqlangan dastur asosida endi pul chiqariladi va keyingi haftada to‘lab beramiz”.

Bu gapni aytgan Fayzulla, bir-ikki soniyadan so‘ng "dastur tasdiqlanishi qolgani, tasdiqlanganidan so‘ng pul berilishini" ma’lum qildi.

IIV matbuot xizmati: Barcha to‘lovlar 20 - maygacha amalga oshirilgan

Ozodlik quruvchilar guruhi boshlig‘i Abror Bobomrodovning xatini hamda bu guruh qurgan obyekt suratlarini IIV matbuot xizmatiga izoh so‘rab taqdim etdi.

Matbuot xizmati o‘z javobida "holat tasdiqlansa, ish haqi bir kunda undirib berilishi" bildirilgan:

“Xaqiqatan ham ko‘rsatilgan ishlar amalga oshirilgan. Buyurtmachi, IIVga qarashli Qurilish-ta’mirlash DUK yollanma ishchi sifatida Poyonov D. rahbarligida ishchilar guruhini yollagan. Bajarilgan ishlar yuzasidan joriy yilning 20 - may kuni barcha to‘lovlar ishchilar guruhi rahbari Poyonov D.ga berilgan. Nima uchun aynan Bobomuradov A. pulini olmaganligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkaziladi, holat tasdiqlansa bir kun muddatda puli undirib beriladi”.

IIV matbuot xizmati javobida “to‘lanmayotgan 8 mln. so‘m ishi”ning yana bir “figuranti” – Poyonov D. paydo bo‘ldi. Kim u?

Ozodlik yana Abror Bobomurodov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, Dilshod Poyonov ishchi bilan ish beruvchi o‘rtasidagi vositachi xolos:

“Vazirlikdagi ishni bizga Poyonov topib bergan. O‘zi, bilishimcha, hech qayerda ishlamaydi. Ish topib bergani uchun ishchidan 10 foiz oladi. Poyonov bizning haqimizni olganmi-yo‘qmi – bilmayman. O‘rtada turgani uchun haqimizni u orqali undirishga harakat qilib, ikki oydan beri unga ham bir necha marta telefon qildim, umuman javob bermaydi”.

Maqola shu joyga kelganda, shu kunda Qibrayda ishlayotgan Abror Bobomurodov yana aloqaga chiqdi:

“Hozirgina pulni oldik. Yonimda Fayzulla aka turibdi. Pulni olib kelib berdi. Rahmat”.

Ozodlik muharriridan:

Bir qarashda masala hal bo‘ldi – ikki oydan beri ish haqini ololmayotgan ishchilarga pul to‘landi – yopiqlik qozon yopiqligicha qolsa ham bo‘laverar edi.

Biroq maqola davomida yuzaga chiqqan bir necha savol javobsiz qolmoqda.

  • “Obyekt loyiha hujjatlari tez orada tasdiqdan o‘tadi va shundan so‘ng – kelasi haftada pulni to‘laymiz”, degan Fayzulla bugunning o‘zidayoq pulni yetkazib berdi. U pulni qayerdan oldi?
  • Fayzulla nima uchun Ozodlikka bir javob, IIV matbuot xizmatiga boshqacha javob berdi (Matbuot xizmati Ozodlikka yo‘llagan javob katta ehtimol bilan Fayzullaning aytganlariga asoslangan)
  • Ichki ishlar vazirligiga qarashli DUK ishchilarni nega qandaydir xususiy shaxs orqali yollaydi? (Abror Bobomurodovning aytishicha, uning sheriklarini qurilish brigadasi, deb atab ham bo‘lmaydi. Bobomurodov qishloqdoshlarini erchitib kelavergan Toshkentga)
  • Nima uchun ishchilar IIVning yerto‘lasida yotib ishladi, ular nega tong sahardan qosh qorayguncha ishlatildi?
  • Ular qanday rasmiylashtirilgan? Yoki vazirlik quruvchilarni xususiy tomorqada ishlatiladigan mardikorday ishlatdimi?