"Jarimani prezident to‘lasin!" Toshkentda 75 yashar muxolifatchi ayolga hukm o‘qildi

Sudda Vazira Egamberdiyeva prezident Mirziyoyevning siyosiy muxolifat haqidagi so‘zlaridan ilhomlanganini aytgan.

24 - fevral kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Ma’muriy sudi 75 yashar muxolifatchi Vazira Egamberdiyevani bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1 350 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortish haqidagi hukmni e’lon qildi.

U O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 202-modda 1-qismi (Ruxsat etilmagan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar o‘tkazish uchun sharoitlar yaratish)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda ayblangan.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBning TTZ dahasidagi bo‘linmasida o‘tkazilgan onlayn sud majlisida ishtirok etgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, rasmiylar sud majlisining onlayn tarzida o‘tkazilishini epidemik vaziyat bilan izohlagan.

Sud majlisida Vazira Egamberdiyevaning aytishicha, shu yilning 19 - yanvarida o‘nga yaqin faollar uning uyiga yig‘ilishib, Qozog‘istonda bo‘lgan so‘nggi voqealar, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni muhokama qilishgan. Ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilishiga "qo‘shnilarining Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBga xabar bergani" asos bo‘lgani aytiladi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Vazira Egamberdievaning sud hukmiga munosabati.

Vazira Egamberdiyeva unga qo‘llanilgan jarimani prezident to‘lashini talab qilganini aytadi:

"Menga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima qo‘llashdi. Men bu jarimani prezident to‘lab berishini talab qildim. Sababi u baland minbardan turib mamlakat ichida partiya tuzilsin, dedi. Shundan ilhomlanib, partiya tuzilishida qatnashgan edim. Hech kim partiya yig‘ilishi uchun joy bermadi, men joy berganim uchun jarima to‘layapman. Shuning uchun bu jarimani prezident to‘lashini talab qilaman!"

Vazira Egamberdiyevaning advokati Ruhiddin Komilovga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek sudi himoya tomonining ishda jabrlanuvchi va guvohlarni so‘roq qilish bilan bog‘liq iltimosnomalarni qanoatlantirmagan.

“Sud belgilangan miqdordan kam jarima belgilaganiga qaramay, yuqori turuvchi sudga qaror ustidan appelyatsiya tartibida shikoyat beramiz. Vazira opa mutlaqo aybsizdir”, deydi advokat Ruhiddin Komilov.

Sudga jurnalistlar, mahalliy jamoatchilik vakillari va siyosiy faollar yig‘ildi. Ularning orasidan 6 nafar shaxs sud o‘tkazilgan zalga kiritildi.

Vazira Egamberdiyeva Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. O‘qituvchilikdan pensiyaga chiqqan Vazira opa mustaqillikning dastlabki yillarida “Birlik” xalq harakati qoshidagi “To‘maris” ayollar klubiga rahbarlik qilgan.

2020 - yilga qadar O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining Toshkent shahar bo‘limi faoli, so‘ng professor Xidirnazar Allaqulov tomonidan tuzilgan yangi muxolif partiya tarafdori o‘laroq tanilgan.

Sud majlisi shu yilning 21 - fevralida boshlangan va huquqbuzarlikda ayblangan Vazira Egamberdiyeva ma’muriy ish materiallari bilan tanishmagani bois mahkama qoldirilgandi.