"Kemel Jomartovich". Toqayev oilasining Rossiya bilan rishtalari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev. Rossiya-Qozog‘iston Mintaqaviy hamkorlik forumi - Omsk, 7 -noyabr, 2019

Vladimir Putin 10 - yanvar kuni KXShT yig‘ilishida Qozog‘iston prezidenti Toqayevni adashib Kemel Jomartovich deb yubordi. Bu yanglishish tasodif bo‘lishi mumkin emas: Kemel – Toqayevning otasining ismi. 2019 -yili, Toqayev Qozog‘iston prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lganidan so‘ng uning o‘g‘li Timur ismini Kemelga o‘zgartirgan.

Ozodlikning rus xizmati va “Nastoyashcheye vremya” telekanali muxbirlari Timurning Rossiyadagi biznes-aktivlarini topishdi: u 2016 - yilda “Mayak” OAJ direktorlar kengashiga kirgan. Ushbu qurilish shirkati Ximki shahridagi yagona jamoat stadionini buzib tashlaganlikda ayblanishi ortidan tilga tushgan edi.

Ayrim tahlilchilar Qozog‘istonda yuz bergan tartibsizliklarni Toqayev va Nazarboyev klanlari o‘rtasidagi kurash oqibati, deya talqin qilishadi. Biroq Ozodlik ma’lumotiga ko‘ra, Qasim-Jomart Toqayevning rus xotinidan ko‘rgan o‘g‘li atigi besh yil burun sobiq prezident Nazarboyev hamda uning boshqaruvchisi hamda “g‘aznachisi” Kenes Rakishev bilan aloqador biznes tuzilmalar bilan qattiq bog‘langan edi. Rakishev namoyishlar boshlanganidan so‘ng Qozog‘istondan chiqib ketgani aytilmoqda.

Toqayev va uning Rossiya fuqaroligidan kechmagan rus xotini

“Vikipediya”dagi Qasim-Jomart Toqayev sahifasida u Nadejda Davidovna Toqayeva ismli ayolga uylangani aytilgan. Prezidentning rasmiy saytidagi ma’lumotlarda esa u ajrashgani va Timur ismli o‘g‘li borligi ko‘rsatilgan. Toqayev prezident lavozimiga kelganidan so‘ng qozoq mediasi Nadejda Toqayeva Rossiya fuqarosi ekanini aniqlashdi. Rossiya IIV qaydlariga ko‘ra, u fuqarolikdan voz kechmagan. Qozog‘iston OAVlari yozishicha, er-xotinning ajrashishiga aynan shu holat sabab bo‘lgan. Ammo onasidan farqli o‘laroq, Timur Rossiya fuqarosi emas.

2021 - yil dekabrda Navalniyning Korruptsiyaga qarshi kurash fondi “Rosreyestr”dan yuqori martabali mulozimlarning shaxsiy ma’lumotlari yashirilgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Surishtiruvda Qasim-Jomart Toqayevning sobiq rafiqasi va o‘g‘li Timur ham tilga olingan, ular Moskva shahrining eng yaxshi joylarida qiymati bir necha million dollarga teng dang‘illama kvartiralarga egalik qilishi aytilgandi.

Keyinroq Ozodlik jurnalistlari Nadejda Toqayevaning Moskva viloyati, Abramsevo posyolkasida shohona chorbog‘i ham bo‘lganini aniqlashdi.

Shveysariya kollejidan – Ximkiga

Timur Toqayev bilan bog‘liq “Mayak” OAJ 2014 - yilda Ximki shahrida (Moskva viloyati) yagona jamoat stadionini buzib, o‘rniga turar-joy qurmoqchi bo‘lganida kattagina janjal ko‘tarilgan edi. Ammo pirovardida sud shirkat tarafini olgan va “Mayak” nomli turar-joy majmuasi baribir qurilgan.

Ozodlik jurnalistlari ochiq manbalardan shirkatning 2016- yildagi hisbotlarini topib, o‘shanda uning direktorlar kengashi a’zolaridan biri Qozog‘iston prezidentining o‘g‘li Timur Toqayev bo‘lganini aniqlashdi. Hujjatda unga doir ilgari hech qayerda chiqmagan ma’lumotlar ham bor: “Ma’lumoti – oliy. Siyosiy fanlar nomzodi. Leman kolleji, Jeneva Shveysariya. Vebster universiteti umumta’lim kolleji diplomi, Belvyu, Shveysariya. RF Tashqi ishlar vazirligi akademiyasi diplomi”.

Internetda Timur Toqayev 2009 - yili Rossiya TIV akademiyasida himoya qilgan dissertatsiyasini topish mumkin. “Qozog‘istonning G‘arbga nisbatan strategiyasi. Milliy manfaatlar, ustuvor vazifalar, yo‘nalishlar” nomli ilmiy ishda Nazarboyev familiyasi 112 marta tilga olingan. Qiyoslash uchun Putin, Obama va Bush familiyalari birgalikda 21 marta qayd etilgan. “Rossiya – Qozog‘istonning yagona ittifoqchisi”, deb yozgan kichik Toqayev.

“Mayak” OAJning keyingi yillardagi hisobotlarini topishning imkoni bo‘lmadi, Timur Toqayev hali ham direktorlar kengashidami, yo‘qmi – noma’lum.

Timur va uning komandasi

Timur Toqayev Qozog‘istonda ham qator yuridik shaxslar bilan bog‘langan. Xususan, u bobosi Kemel Toqayev nomi bilan ataluvchi xayriya fondi rahbari sanaladi. Fond saytida u boshqaruv a’zosi deb ko‘rsatilgan.

Yaqin o‘tmishda kichik Toqayev faoliyati tugatilgan “SALISh” shirkati sohiblaridan biri edi. Uning avvalgi nomi “Abi Petroleum Kepital” bo‘lgan: qozoq OAVlariga ko‘ra, Timur uning ta’sischilari ro‘yxatiga 2002 - yilda, ya’ni 18 yoshida kirgan va shundan so‘ng tez orada shirkat Atirau viloyatidagi konni ishlatishga litsenziya olgan.

Timur Toqayevning neft shirkatida ulush sohibi bo‘lishi otasi Qozog‘iston bosh vaziri lavozimidan TIV rahbarligiga o‘tgan paytga to‘g‘ri keladi. “Abi Petroleum Kepital”ning Timur bilan teng ulushga ega ikkinchi mulkdori – qozoq diplomati Temirtoy Izbastinning o‘g‘li, ayni chog‘da Qasim-Jomart Toqayevning jiyani, ya’ni Timurning amakivachchasi Muhamed Izbastindir. Ikki qarindoshning oilaviy biznesi boshida yomon bo‘lmagan: 2012 - yili shirkat taxminan 50 mln dollar sof foyda qilgan. Ammo keyinchalik daromad kamayib ketgan va 2014 - yildan zarariga ishlay boshlagan, 2020 - yilda esa tugatilib, “Salish” MChShga aylantirilgan.

2018 - yilda “Scanner Project” nashri Timur Toqayev familiyasini Jenevaning Chemin Gilbert-Trolliet ko‘chasi 3-uy manzilida yashovchilar ro‘yxatidan topgan edi. kz.expert nashri esa Toqayevning Jenevadagi kvartirasini 2 mln dollarga baholagan. Ammo, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentning o‘g‘li Jenevada emas, Moskvada muqim yashaydi va “otasining tanish-bilishlari yordamida” tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Bunda aynan “Mayak” OAJ developerlik shirkati nazarda tutilgan bo‘lsa ajab emas. Zero, shirkat mulkdorlari orasida kichik Toqayevdan tashqari Qozog‘istonning qator yirik tadbirkorlari ham bor.

“Mayak”ning asosiy mulkdori (57,4 foiz aksiyalar egasi) – Niderlandiyada ro‘yxatga olingan Dostyk Investments B.V. fondi sanaladi, fondni esa amalda Nazarboyevning o‘rtancha kuyovi hamda Qozog‘istonning eng obro‘li tadbirkori Timur Qulibayev nazorat qiladi.

Shirkatning yana bir mulkdori – Kenes Rakishev, Qozog‘istonning eng badavlat odamlaridan biri sanaladi. Eng muhimi, jurnalist va bolgerlar uni “Nazarboyevning ishonchli hamyoni” deya ta’riflashadi. Shuningdek, Kenesov o‘z biznes doirasida “rus tuprog‘ida ildiz otmoqchi bo‘lgan vatandoshlarga ko‘maklashuvchi muruvvatpesha” sifatida ham mashhur.

Rakishev Nazarboyev davridagi ko‘zga ko‘ringan siyosatchilardan biri Imangali Tasmagambetovning qiziga uylangan. Uning qaynotasi prezident ma’muriyati rahbari, Olmaota va Astana hokimi, mudofaa vaziri, 2016–2019 - yillarda Qozog‘istonning Rossiyadagi elchisi lavozimlarida ishlagan.