Mandarindan boshqasi qimmat... Bozor iqtisodiyotiga tanaffus e’lon qilindi

Shu kunlarda Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida tashkil etilgan Yangi yil yarmarkalarida aholiga arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari sotilmoqda.

Yillardan buyon an’anaga aylanib qolgan bunday yarmarkalarni bu yil ham uyushtirish haqida prezident Mirziyoyev bundan ikki oy oldin o‘tkazilgan yig‘ilishda aytgan edi.

Yarmarkalar va doimiy bozorlardagi narxlarni qiyoslagan o‘zbekistonliklar hukumatning tadbirkorlar hisobidan narxni tushirishga urinishlari samarasiz ekanligini bildirdi.

Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi kabi, Mirobod dehqon bozorida ham Yangi yil yarmarkasi ochilgan. Bozor ma’muriyatidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 10 - dekabrda ochilib, 10 - yanvargacha ishlaydigan bu yarmarkada asosiy oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashtrilgan narxlarda sotilmoqda.

Kepqoling, arzon bo‘ldi, opqoling!

Yarmarkadagi narxlar to‘g‘risida Ozodlik 16 - dekabr kuni bozor ma’muriyatidan mana bu ma’lumotlarni oldi:

go‘sht (mol) 54000 so‘mdan 60000 so‘mgacha (kg);

go‘sht (qo‘y) 56 000 dan 60 000gacha;

o‘simlik yog‘i – 13 000 so‘m (l);

tuxum - 900 so‘m (dona);

shakar - 6 000-6 500 (kg)

un (mahalliy) 2 800 so‘m (kg)

Bozor ma’muriyati xodimining aytishicha, shakar bir kishiga 2 kilodangina sotilmoqda. Qolgan tovarlarga sotuv limiti yo‘q.

Marg‘ilon shahar dehqon bozori qoshida ochilgan Yangi yil yarmarkasida 1 kilo mol go‘shti - 45 000 so‘m.

Marg‘ilon. Dehqon bozoridagi arzonlashtirilgan mollar do‘koni. 2020, 16 - dekabr.

Qashqadaryoning Koson tumanida tashkil etilgan yarmarkada bir kilo go‘sht 50 000 so‘m.

Qashqadaryo viloyat, Koson tumanidagi go‘sht do‘koni. 2020, 16 - dekabr.

Andijon shahrida ochilgan Yangi yil yarmarkalaridagi narxlar bilan mana bu yerda tanishishingiz mumkin.

Yarmarkalardagi bu narxlarni Chinoz shahri bozoridagi quyidagi narxlarga qiyoslashingiz mumkin:

go‘sht (mol)- 55 000 - 60 000;
go‘sht (qo‘y )-65 000;
yog‘ (pista, Rossiya) - 82 000 (5 l.);
yog‘ (pista, O‘zb. ) - 75 000 (5 l);
yog‘ (paxta Qoz.) - 75 000 (5 l);
kartoshka -3 500 (kg); piyoz - 1000 (kg)

Chinoz shahri bozoridagi yog‘ rastasi. 2020, 16 - dekabr.

Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahrida Yangi yil yarmarkasi rastalari shu kunlarda qurilmoqda. Shu yerlik bir xaridordan olingan ma’lumotlarga qaraganda, 16 - dekabr kungi narxlar quyidagicha:

go‘sht (mol) - 55 000;

kartoshka - 4000;

piyoz - 3000;

sabzi - 3000;

o‘simlik yog‘i - 16 000;

Guliston shahridagi go‘sht do‘koni. 2020, 16 - dekabr.

Mandarindan boshqasi qimmat

16 - dekabr kuni Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonliklarga ko‘ra, keyingi bir oy davomida oziq-ovqat narxlarida keskin o‘zgarish bo‘lmagan, biroq uzoqroq muddat olinadigan bo‘lsa, narxlar o‘sayotganini ko‘rish mumkin.

Faqat bir mahsulot – O‘zbekistonga import qilinadigan meva – mandarin so‘nggi kunlarda keskin arzonlagani qayd etildi:

Mirobod tuman bozori qoshidagi Yangi yil yarmarkasida 13 000 so‘m.

Qo‘yliq bozorida 15 000 so‘m.

Chinozda 15 000 so‘m.

Gulistonda 15000 so‘m. Bu narxlar yirik mandarinniki.

Aytilishicha, bu mevaning kilosi 3-4 hafta muqaddam 25-30 ming so‘m edi.

Biroq mayda mandarin baribir qimmat: Chinozda 45 ming so‘m (bir hafta oldin 50 000 edi) Gulistonda 55000 (bir hafta oldin 60 000 edi)

Mandarinning arzonlashini Qo‘yliq bozorida savdo qiluvchi sitrusfurush Yangi yil bayrami ramzlaridan biriga aylangan bu mevaning katta miqdorda import qilingani bilan izohladi.

Mandarindan tashqari yana bir mahsulot – Rossiyada ishlab chiqarilgan shokoladli konfetlar ham arzonlagani to‘g‘risidagi gaplar o‘z tasdig‘ini topmadi. Aksincha, bu mahsulot qimmatlagani aytildi. Toshkentlik xaridorlardan biri 15 -dekabrda Qo‘yliq bozoridan bir kilo konfetni 38 000 so‘mga olganini aytdi, xuddi shu konfetni joriy oy boshida 35000 so‘mdan olganini esladi.

Chinoz shahri bozori. 2020, 16 - dekabr

Yarmarkalar yuki

Marg‘ilon bozoridan 16 - dekabrda olingan suratga diqqat bilan qarasangiz, kilosi 45 000 so‘mlik go‘sht Qo‘shtepa tumanidagi (Farg‘ona viloyati) “Muhammad Umar Umid eri” fermer xo‘jaliginiki ekanini ko‘rasiz. Arzonlashtirilgan tovarlar sotilayotgan do‘kon peshtoqiga uyushtiruvchilar shahar hokimligi va bozor ma’muriyati ekani katta harflar bilan yozib qo‘yilgan bo‘lsa-da, yarmarka yuki tadbirkorlar, fermerlar zimmasiga tushadi.

“Savdo birlashmasi markazi” MChJ rahbari, andijonlik Kushodbek Usmonov 16 - dekabrda Ozodlik savollariga javob berarkan, hokimlik bosimi bilan o‘zi ham yarmarkaga mahsulot etkazib berishga majbur bo‘lganini, bu ishni so‘nggi bor 2014, 2015 - yillarda qilganini aytib berdi. Usmonovning fikricha, yarmarkalarni uyushtirish orqali hokimliklar aholining eng qashshoq qatlami “ko‘nglini olishi” mumkin, biroq bu chora bilan doimiy bozorlardagi narxlarga mutlaqo ta’sir o‘tkazib bo‘lmaydi.

“Chunki yarmarkaga chiqariladigan mahsulotlar miqdori juda oz va shuning uchun ularning narxi katta bozordagi narxlarni pasaytira olmaydi”.

Tadbirkor fikricha, “ma’muriy-buyruqbozlik usuli bilan bozor iqtisodiyotiga beriladigan bunday tanaffuslardan hech qanday naf yo‘q. Bunday yarmarkalardan zarar ko‘rgan tadbirkor, agar insofliroq bo‘lsa, ko‘rgan zararini hisoblab, dami ichida yuraveradi, insofsizi ertaga zararni qoplash taraddudiga tushadi va oxir-oqibat yana iste’molchi zarar ko‘radi”. Fikrini davom ettirar ekan, narxlarni talab bilan taklif o‘rtasidagi munosabat belgilashini, agar taklif hajmi katta bo‘lsa, narx tushishini aytib, bunga shu kunlarda mandarin narxi tushganini misol qildi.

Prezident narxlarning oshganini tanqid qildi

16 - dekabr kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Mirziyoyev narx-navoning oshishini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat ichki bozorga asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun 50 million dollarlik maxsus jamg‘arma tashkil etgan.

Ayni paytda hukumat aftidan, hozircha narx-navo ko‘tarilishining oldini olishda ma’muriy vositalarni qo‘llash tajribasidan voz kechmoqchi emas.

Mirziyoyev har bir hududda maxsus shtab tashkil qilib, bozorlarda narx-navo spekulyatsiyasining oldini olishga buyruq bergan. Narx-navo hamda ehtiyoj va talabni o‘rganish va nazorat qilish maqsadida idoralararo ishchi guruh ham tashkil etiladi.