Mirziyoyev Konstitutsiya islohotiga “tahlikali va murakkab vaziyat” sababchi bo‘layotganini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda mamlakat bosh qonunining o‘zgartirilishiga “hozirgi tahlikali zamon va murakkab vaziyat” turtki berayotganini ta’kidladi. Ammo prezident bu bilan aynan nimalarni nazarda tutayotganini izohlamadi.

Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyani o‘zgartirish yuzasidan tashkil etilgan komissiyaga o‘zbekistonliklardan “48 ming 492 ta taklif kelib tushgani ham konstitutsiyaviy islohotlar obyektiv hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqayotganini yaqqol namoyon etayotgani”ni aytdi.

“Nima uchun aynan bugun konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zarurati tug‘ilmoqda?” degan savolni o‘rtaga tashlagan prezident so‘zida davom etar ekan bu savolga: “Hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda”, deb javob berdi.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarni muhokama qilish jarayonida “ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surayotgani” haqida ham gapirdi.

Bu kabi takliflarga munosabat bildirar ekan Mirziyoyev o‘lim jazosi tiklanishiga qarshi ekanini ta’kidladi va “Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman”,-dedi.

Shuningdek, prezident asosiy qonunda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani mustahkamlashni taklif etdi.

Mirziyoyev o‘z nutqi davomida Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarni tasdiqlash uchun umumxalq referendumini o‘tkazishni ham taklif qildi:

"Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, deb o‘ylayman".

Bundan tashqari Mirziyoyev prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazish, jumladan, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o‘tkazish taklifini ham kiritdi.

Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartishlar ortidan uning avvalgi prezidentlik muddatlari nollashtirilishi va bu unga uchinchi marta prezidentlikka saylanish imkoniyatini yaratishi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda hamda xalqaro matbuotda bildirilayotgan fikrlarga munosabat bildirmadi.

Bundan avvalroq O‘zbekiston Senati raisining o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz nashriga bergan intervyusida mamlakat asosiy qonuniga o‘zgartirishlar amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning oldingi prezidentlik muddatlarini "nollashtirishi"ni tasdiqlagan edi.

"Yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, u albatta barcha fuqarolar uchun, shu jumladan bugungi prezidentimiz uchun ham yangi Konstitutsiya bo‘yicha saylovlarda ishtirok etishga imkoniyat yaratib beradi”, degan Safoyev prezident bu imkoniyatdan foydalanishi ehtimoldan holi emasligini “…biz islohotlarni davom ettirishimiz kerak. Men aminmanki, bu islohotlarni boshlagan insonda uni oxirigacha yetkazishga imkoniyat bo‘lishi kerak. Buni men kim bilan xohlasangiz va qayerda xohlasangiz bahs qilishim mumkin”,- degan so‘zlar bilan ta’kidlagandi.

Ayni paytda AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist va Oliy Majlisning sobiq deputati Jahongir Muhammad Konstitutsiyaviy islohotdan ko‘zlangan asosiy maqsad Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatdagi umrini uzaytirish, deb hisoblaydi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasida hokimiyatning uchta bo‘g‘ini orasidagi muvozanatni saqlaydigan bandlar mavjud emas. Unga ko‘ra, asosiy qonunga mana shu yo‘nalishda qo‘shimchalar kiritlgan taqdirdagina bu jarayonni “Konstitutsiyaviy islohot” deb atash mumkin bo‘lar edi:

“Bugun endi Asosiy qonun islohot qilinadigan bo‘lsa, birinchi galda uchta kuch mustaqilligi ta’minlanishi shart. Aks taqdirda mamlakatni demokratik deyishga asos yo‘q va islohotlar deyishning ham ma’nisi qolmaydi”,-deydi Jahongir Muhammad.

2021-yilning 24-oktabridagi saylovda rasman ikkinchi va amaldagi Konstitutsiya bo‘yicha oxirgi muddatga saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi ortidan O‘zbekistonda boshlangan navbatdagi Konstitutsiyaviy islohot doirasida asosiy qonunga kiritishi rejalashtirilayotgan o‘zgartishlar 26-maydan boshlab noma’lum muddatga umumhalq muhokamasiga qo‘yildi.

Bu muhokama qancha vaqt davom etishini Konstitutsiyaviy komissiya ham bilmasligini 28-may kuni Toshkentda o‘tkazilgan brifingda Komissiya matbuot kotibi Odil Tojiyev tan oldi.

“Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini qonun loyihasi ishlab chiqilgunigacha davom ettiradi. Bu bir oy ham yoki undan ozgina oshishi ham mumkin. Bu endi fuqarolardan kelib tushayotgan takliflar hamda komissiya ishi samaradorligiga bog‘liq”, -deb aytgan Tojiyev.

Konstitutsiyaga navbatdagi o‘zgartirish kiritish tashabbusini prezident Mirziyoyev o‘tgan yilning 7-dekabr kuni ko‘targan edi.

Shavkat Mirziyoyev ilk marotaba iqtidorga kelganidan so‘ng konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini rag‘batlantirgandi.

Jumladan, 2017-yilda konstitutsiyaga sud tizimini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan, 2019-yilda esa “hukumat va uning hisobdorligini demokratiyalashtirish”ga qaratilgan tuzatishlar kiritildi.

2021-yilda prezidentlikka qayta saylanganidan so‘ng ham Shavkat Mirziyoyev mamlakatga konstitutsiyaviy islohotlar zarurligini ta’kidlagan.

O‘tgan yilning 7-dekabr kuni Konstitutsiya kuni munosabati bilan "O‘zbekiston xalqiga tabrigi"da prezident Mirziyoyev mamlakat asosiy qonuniga hozirga qadar 7 marta o‘zgartirishlar kiritilganini aytdi va ularni "demokratik islohotlar" zarurati bilan tushuntirdi.
1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga shu paytgacha 16 marta o‘zgartirishlar kiritilgan.