Navalniy tarafdorlari namoyishi kuni ushlangan o‘zbekistonlik talaba badarg‘a qilinmoqda

Navalniyni dastaklash uchun shu yil 23 -yanvarida Qozon shahrida o‘tkazilgan aksiyadan lavha.

Qozon davlat tibbiyot universitetining talabasi, o‘zbekistonlik Andrey Lagunin muxolifatchi Aleksey Navalniyni dastaklash uchun shu yil 23 - yanvarida o‘tkazilgan aksiya kuni ko‘chada ushlangani vajidan Rossiyadan badarg‘a qilinmoqda. Bu haqda “Vechernyaya Kazan” nashri xabar qildi.

Laguninning iddaosiga ko‘ra, u qo‘lga olinganlar orasiga tasodifan tushib qolgan – 19 yoshli talabaning namoyishda qatnashish niyati ham bo‘lmagan, shunchaki u politsiyachilar odamlarni tutib ketayotgan ko‘chaga bilmasdan kirib qolgan, xolos.

Lagunin sudda o‘zining aybsizligini isbotlay olmagan va unga 10 ming rubl jarima solingan. Shundan so‘ng talabani politsiya bo‘limiga chaqirishib, unga Rossiyaga kirish taqiqlangani haqida hujjat topshirishgan.

Migratsiya masalalari boshqarmasida Laguninga uch kun ichida Rossiya hududini tark etishi lozimligi tushuntirilgan.

Avvalroq O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada yurgan o‘zbekistonliklardan mamlakatning turli shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan namoyishlarda ishtirok etmaslik haqida ogohlantirgandi.

4 - fevral kuni Agentlik Telegram kanalida joylangan xabarnomada Rossiya Federatsiyasi qonunlariga rioya etish va odamlar ko‘p to‘planayotgan joylarga bormaslikni so‘ralgan.

“Bu kabi rasman ruxsat berilmagan tadbirlarda qatnashish chet el fuqarolari uchun Rossiya Federatsiyasi qonunlariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortilish yoki davlatdan majburiy chiqarib yuborishga olib kelishi mumkin”, deya eslatilgan agentlik xabarnomasida.

Joriy yilning 23 - yanvaridan boshlangan Navalniy taarfdorlari namoyishlari Rossiyaning 100 dan ziyod shaharlariga yoyilgan. Ularda o‘n minglab odam ishtirok etgan, kamida 5 ming kishi hibsga olingan.

Norozilik aksiyalari boshlanishiga 17 - yanvar kuni muxolifatchi Aleksey Navalniyning hibsga olingani sabab bo‘lgan.

Aleksey Navalniy zaharlangani ortidan muolaja olgan Germaniyadan shu yil 17 - yanvarida Moskvaga qaytib kelishi bilanoq qo‘lga olingandi. 2 - fevral kuni sud “Iv Roshe” ishi bo‘yicha muxolifatchiga nisbatan chiqarilgan shartli jazoni haqiqiy qamoq jazosiga almashtirgan.

20 - fevral kuni sud Navalniyning apellyatsiya tartibida bergan shikoyat arizasini rad qilgan. Endilikda muxolifatchi umrining ikki yildan ko‘prog‘ini koloniyada o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Rossiyada yanvar oyida Navalniy himoyasiga uyushtirilgan namoyishlarda qatnashganlarga nisbatan tobora qattiqroq jazolar qo‘llanilmoqda. Jumladan, avvalroq Astraxan davlat universiteti uch talabani norozilik namoyishlarda qatnashgani uchun o‘qishdan haydagan edi.

5 - mart kuni Vladimir shahridagi Lenin tuman sudi 23 - yanvar kuni muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy tarafdorlari o‘tkazgan miting davomida politsiya xodimiga hujum qilganlikda ayblangan Vitaliy Timofeyenkoni uch yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Sud Timofeenkoni namoyishchilarni tarqatish paytida politsiya xodimiga qarshi qalampir purkagich ishlatishda aybdor deb topdi.

Navalniy himoyasiga o‘tkazilgan namoyishlarda Rossiya bo‘ylab minglab talabalar ishtirok edi, o‘quvchi va talabalar tomonidan maktab sinflari va universitet auditoriyalarida olingan TikTok videolarini ko‘pchilik ko‘rdi.