Nijnevartovsk talabalari: Bizni pul va yaxshi baholar evaziga "Yedinaya Rossiya"ni targ‘ib qilishga undashyapti

Nijnevartovsk davlat universitetida tahsil olayotgan talabalar.

Rossiyaning Nijnevartovsk davlat universitetida tahsil olayotgan bir necha talaba universitet xodimlari ularni pul va imtiyozlar evaziga hukmron “Yedinaya Rossiya” partiyasini targ‘ib qilishga undaganini iddao qilmoqda.

Ozodlikka ismini oshkor qilmaslik sharti bilan intervyu bergan talabalarga ko‘ra, ular uchun tashkil etilgan yopiq guruhda universitet xodimlari talabalarni partiyani ijtimoiy tarmoqlarda oldindan yozilgan postlarni ulashish va boshqa yo‘llar bilan qo‘llashga chorlagan.

-Bu to‘g‘ri emas. Men o‘z kuchimga tayangan holda, mustaqil o‘qiyman. Boshqalar esa bir-ikki qo‘ng‘iroq qilib, nafaqat pul ishlayapti, balki ijobiy tavsiyanomalarni ham olyapti. Bu adolatdan emas, - dedi talabalarning biri.

Ayni damda avtoritar prezident Vladimir Putin hukumati 19 - sentabrga qadar o‘tkazilishi kerak bo‘lgan duma saylovlarga hozirlik ko‘rmoqda.

“Yedinaya Rossiya” partiyasining reytingi keyingi yillarda koronavirus pandemiyasi yuzaga keltirgan iqtisodiy tanazzul oqibatida va partiya 2018 - yilda aholining keskin qarshiligiga sabab bo‘lgan pensiya islohotini qo‘llab-quvvatlagani, partiya muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy ta’biri bilan aytganda “firibgarlar partiyasi” o‘laroq ko‘rila boshlagani uchun tushib ketgan edi.

8 - fevral kuni “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida universitet guruhlari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan virtual suhbat chog‘ida o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Kristina Chernopiskaya “Yedinaya Rossiya” talabalar orasida ko‘ngillilarni izlayotganini aytgan.

Qiziqqan talabalarga “Yedinaya Rossiya” faoliyati to‘g‘risidagi yangiliklarni mamlakat bo‘ylab tarqatadigan “Agitator” nomli ilovani yuklab olish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Ilovaga talabalar ijtimoiy tarmoqda ulashishlari mumkin bo‘lgan tayyor matnlar ham joylashtirilishi aytilgan.

Partiyani targ‘ib qiluvchi postni ulashgan talabalar bu haqda Chernopiskayaga hisobot berishga chaqirilgan.

Bu ko‘rsatmalar universitetning chat guruhida audioxabar shaklida ulashilgan. Ozodlik bilan suhbatlashgan talabalar Chernopiskayaning ovozini taniganliklarini aytishdi.

-Bu shubhasiz Kristina Aleksandrovnaning ovozi. U avval ham audioxabarlarni yuborgan, - dedi talabalarning biri.

Universitetning gumanitar fanlar fakulteti dekani Yekaterina Dolgina universitet xodimlari “Yedinaya Rossiya” partiyasini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanayotganini rad etdi.

-Hammasi yolg‘on. Siz bu ma’lumotni qayerdan olganingizni bilmayman, - dedi Dolgina Ozodlik bilan suhbatda.

Chernopiskayadan izoh olish urinishlari samara bermadi.

Talabalar bilan ulashilgan ko‘rsatmaga ikkita “misol” ilova qilingan. Ularning biri “Perviy kanal”14 - dekabr kuni ““Yedinaya Rossiya” partiyasining virtual ijtimoiy forumi davomida Vladimir Putin ko‘ngillilar bilan suhbatlashdi” nomi bilan hozirlagan reportajga yo‘naltiradi.

Ikkinchi misolda Xanti-Mansi avtonom okrugi deputati, “Yedinaya Rossiya” partiyasi a’zosi Sergey Velikiy Nijnevartovskdagi shifoxona xodimlariga oziq-ovqat paketlarini tarqatayotgani aks etgan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan talabalarning aytishicha, agar yetarlicha talaba “Yedinaya Rossiya” partiyasini qo‘llashga rozi bo‘lmasa, talabalarga bosim kuchayishi mumkin. Ayrim talabalar partiyani qo‘llashdan bosh tortganlar hatto o‘qishdan haydab yuborilishi mumkinligini aytdilar.

Talabalar, shuningdek, o‘qituvchilar ularni og‘zaki ravishda ruxsat berilmagan muxolifat namoyishlarida qatnashmaslik haqida ogohlantirgani, aks holda ular muammolarga duchor bo‘lishlari mumkinligini so‘zlab berdilar.