O‘zbek muhojiri rus bolaga tan jarohati yetkazishda ayblanmoqda - millatchilik iddaolari (VIDEO)

O‘zbek muhojiriga 5 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Sankt-Peterburgda 36 yashar o‘zbekistonlik 11 yoshli bolaga tan jarohati yetkazganlikda ayblanib, qamoqqa olindi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining sobiq xodimi J. urushayotgan bolalarni ajratayotganida o‘g‘lini urayotgan bolani qo‘lini sindirib qo‘yganlikda gumonlanmoqda.

Ayblanuvchining rafiqasi Ozodlikka jabrlangan bola va uning do‘stlari 10 yashar farzandini oldin ham tahqirlab, urib kelganini aytib berdi.

O‘zbek muhojiri bolaga tan jarohati yetkazgan - tergovchilar

Shu yilning 8 - dekabr kuni Sankt-Peterburg shahar sudi qarori bilan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yashar J.E. ismli shaxs tergov yakuniga qadar hibsga olindi.

Rossiya Tergov Qo‘mitasi Sankt-Peterburg bo‘yicha boshqarmasining Ozodlikka bergan rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbek muhojiri Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 112 - moddasi 2 - qismi “v” bandi bo‘yicha - “voyaga yetmagan shaxsga qasddan o‘rta og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish”da ayblanmoqda.

- Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 2020 - yilning 5 - dekabr kuni shaharning Prosveshcheniya shoh ko‘chasida joylashgan bolalar maydonchasida 10 yashar o‘g‘li va 11 yashar boshqa bola o‘rtasida sodir bo‘lgan mushtlashuvni ajratgani kelgan gumonlanuvchi boshqa bolani bolalar maydonchasiga otvorib, o‘ng bilagi suyagini o‘rtasidan sindirib qo‘ygan. 8 - dekabr kuni sud uni tergov yakuniga qadar hibsga olish talabini qondirdi. Yaqin orada unga ayblov e’lon qilinadi, deyiladi rasmiy xabarnomada.

Tergov xodimlari o‘zbekistonlik gumonlanuvchiga qaydda turgan joyi bo‘yicha oilasi bilan yashamayotgani aybi ham qo‘yilayotganini bildirdi.

Ozodlik qo‘li singan peterburglik bolaga jarrohlik yordam ko‘rsatilgani, u hozirda shifoxonada qolayotganini aniqladi. 11 yashar bolani qo‘lini sindirib qo‘yganlikda ayblanayotgan J.E. ilgari O‘zbekiston Ichki ishlarida xizmat qilib kelgani va hozirda nafaqada ekani ma’lum bo‘ldi.

Bu xabar ortidan Rossiya ommaviy axborot vositalarida Peterburgning Kalininskiy tumanidagi bolalar maydonchasida sodir bo‘lgan hodisa videosi tarqatildi.

Unda maydonchada mushtlashayotgan ikki bolaning oldiga kelgan shaxs ulardan birini oyog‘idan ko‘tarib, yerga tashlayotganini ko‘rish mumkin. Tasvirdagi bola “u mening qo‘limni sindirdi!”, degani ham eshitiladi. Video qo‘li singan bolaning sheriklaridan biri tomonidan olingani ma’lum.

Qonundagi aybsizlik prezumpsiyasi Rossiya ommaviy axborot vositalari va Peterburg birlashgan sudlari matbuot xizmatining gumonlanuvchi maqomida bo‘lgan o‘zbek muhojirining shaxsiga oid to‘liq ma’lumotlarni e’lon qilishiga to‘sqinlik qilmadi.

Sankt-Peterburgning Kalinin tumani Tergov bo‘limi surishtiruv ishlari davom etayotganini aytmoqda.

"Tergovchilar faqat bizni aybdor qilmoqchi!"

Ozodlik peterburglik bolaga tan jarohati yetkazganlikda gumonlanuvchi 36 yashar J.ning yaqinlari bilan suhbatlashib, hodisa tafsilotlarini o‘rgandi.

O‘zbekistonlik muhojirning ismini ochiqlamaslikni so‘ragan rafiqasi, turmush o‘rtog‘i hibsxonaga olib ketilgani va u ikki bola bilan qolganini so‘zladi. M.ning aytishicha, mushtlashuvga rus bolalarining millatchiligi sabab bo‘lgan.

- Ular 5-6 kun oldin bolamning jig‘iga tekkan, millatchilik qilgan. Shanba kuni bu mashg‘ulotlardan qaytayotganida bolalar o‘yingohida uni to‘rtta bola urishga tushgan. Ulardan biri videoga olgan, boshqa o‘rtoqlariga ko‘rsatib, maqtanish uchun. Ular urushi bir soatcha bo‘lgan, o‘g‘lim otasiga qo‘ng‘iroq qilgan. Dadasi kelib bularni ajratgan. Qo‘liga tegib ketganmi - videoda aniqmas. Dushanba kuni o‘g‘limdan politsiya kelib, maktabda ko‘rsatma olgan. Dadamiz maktabga borganida o‘sha yerdan militsiya xonasiga olib ketgan. Ular internetga dadasi kelib ajratgan joyinigina qo‘ygan - bolamni urgan joylari kesib tashlangan, - deydi o‘zbekistonlik ayol.

Mushtlashgan 10 yashar J. o‘zi va yoshi 1-2 yosh kattaroq bo‘lgan piterlik bolalar o‘rtasidagi janjal bir kun oldin boshlanganini Ozodlikka so‘zlab berdi.

- O‘tgan juma kuni oshxonada men dejurniyga idish-tovoqlarni yig‘ishga yordam berib turganimda? ular meni yo‘limda turib, haqorat qilishdi. Men ularga e’tibor qilmadim. Ertasi kuni men ularni bolalar maydonchasida ko‘rib qoldim. Ular yana boshladi: “Sen kelgindisan, o‘zbeksan! Bizlarni yerimizdan yo‘qol! Bizning yurtimiz yaxshi - seniki yomon! S...”, deb so‘kindi keyin. Men jahlim chiqib, urushdim ular bilan. Men ust kiyimimda boshlaganman urushni. Ular to‘rt kishi urdi meni. Videoga esa oxirini ko‘rsatib, faqat dadam urib ketgandek ko‘rsatyapti, - deydi mushtlashuvda ishtirok etgan bola.

Ma’lum bo‘lishicha, J.E. bundan uch yil oldin Peterburgga ish izlab kelgan. U shaharning korxonalaridan birida haydovchilik qilib kelgani, keyinroq oila a’zolarini ham Rossiyaga olib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Uy bekasi bo‘lgan bolaning onasi hozirda ikki o‘g‘li bilan bir o‘zi qolgani va kimga murojaat qilishni ham bilmasligi, ularda hatto advokat yo‘qligini aytdi. U barcha oila a’zolarida migratsiya hujjatlari joyida ekani, politsiya xodimlarida jabrlangan bola o‘rtoqlari bilan o‘g‘lini kaltaklashni boshlagani to‘g‘risida nazorat kameralaridan olingan videosi ham bor, deydi:

- Men jabrlangan bola oilasiga yordam berishga ham tayyorman. Uni ko‘rish, uning ota-onasi bilan uchrashish uchun shifoxonaga bordim, qo‘yishmadi. Tergovchi ham “Ering 5 yil o‘tirsa o‘tiribdi, tez o‘tib ketadi!”, deb masxara qilyapti, bolamni urgan videolarni yashiryapti. Ikkita bolam bilan qolib ketamanmi?! Hech qayerda ishlamasam. Menga O‘zbekiston hukumati yordam berishini so‘rayman. Men farzandlarimni otasiga o‘xshagan yaxshi inson qilib tarbiyalamoqchi edim. Ikki yildan beri o‘qiydi a’lo baholarga o‘g‘illarim.

O‘zbekistonlik ayol dushanba kuni Rossiya telekanal va nashrlaridan kelgan 10ga yaqin jurnalistga bo‘lgan voqeani so‘zlagani, lekin hozirgacha birortasi uning so‘zlarini efirga uzatmagani va chop etmaganini aytdi.

Peterburg politsiyasi Ozodlik so‘roviga javoban gumonlanuvchi J.ga qo‘yilgan modda asosida sud hukmi bilan 5 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligini bildirdi.