O‘zbekiston qamoqxonasidagi ikki VIP- mahkum qiynoqlar haqida xat chiqardi

Otasining davrida qamoqqa tashlangan Gulnora Karimova Mirziyoyev davrida ham jazo o‘tamoqda

O‘zbekiston birinchi prezidentining Toshkentdagi 21-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan qizi, 49 yashar Gulnora Karimova maktub chiqarib, o‘zining “muntazam qiynoqqa tutilgani"ni she’riy misralarda baën qilgan.

Xat Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova tarafidan o‘n kun oldin ochilgan Telegram kanalida e’lon qilindi.

Imon Karimova

Imon Karimovaning iddaosiga ko‘ra, “malyava”ni yaqinda qamoqdan ozod etilgan “jasur” ayol olib chiqqan.

Mirziyoyev davridagi yana bir VIP-mahbus, 2018-2019 - yillarda Davlat Xavfsizlik Xizmati raisi bo‘lib ishlagan va korrupsiya hamda mansabni suiiste’mol qilish ayblari bilan 18 yilga qamalgan Ixtiyor Abdullayev ham qamoqdan xat chiqarib, o‘zining qiynoqqa solinganini iddao qilgan.

Ixtiyor Abdullayev

Avvaliga bloger Ulug‘bek Ashur kanali, keyin esa Bi-bi-si O‘zbek xizmatiga gapirgan Abdullayevning otasi va o‘g‘li Ixtiyor Abdullayevning qamoqdagi qiynoq hamda yomon muomala ortidan salomatligi yomonlashganligini iddao qilishgan.

10 - mart kuni Ozodlik bu iddaolar yuzasidan Gulnora Karimova jazo o‘tayotgan umumiy tartibli 21-sonli ayollar koloniyasi boshlig‘i Gulhayo Karimova hamda Ixtiyor Abdullayev bilan birga jazo o‘tagan sobiq mahbuslar bilan suhbatlashib, mavzuga oydinlik kiritdi. Ozodlik suhbatdoshlarining fikricha¸ jazoni o‘tayotgan “VIP”- mahkumlarga boshqa mahkumlarga nisbatan "yaxshiroq sharoitlar yaratilgan".

Ozodlik gaplashgan Bosh prokuraturaning ismi ochiqlanishini istamagan mulozimi O‘zbekiston qamoqxonalarida "VIP"-kameralar va alohida muomala ko‘rsatiladigan vip-mahkumlar ham yo‘qligini ta’kidladi.

“Bu yerda hamma narsa qiynoq ustiga qurilgan”

Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova yuritayotgan Telegram kanalida 10 - mart kuni qo‘yilgan qisqa matnda 8 - mart munosabati bilan ozod qilingan sobiq mahkumalardan biri Gulnora Karimovadan maktub olib chiqqani iddao qilinadi. “Yaqinda KIN-21dan ozod qilingan jasur ayol sharofati bilan Gulnora Islomovna haqida xabar va uning salomatligi borasida ma’lumot oldik. Shuningdek, mana bu she’r yozilgan maktubni ham oldik. Afsuski, Gulnora Islomovna bilan boshqa hech qanday aloqa yo‘q. Biz yozgan maktublarni unga berishmayapti. Advokat qo‘yilmadi. Telefon suhbatiga ham izn yo‘q. Bu she’r uning his-tuyg‘ulari izhoridir. O‘zbekiston turmalaridagi ahvol odam tassavvur qilolmaydigan darajada yomon. Jazo o‘taganlar nima azoblar ichidan o‘tganini o‘zlari bilishadi. Chunki O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘q.”

Bu kirish so‘ziga Gulnora Karimovaniki deb aytilgan va rus tilida yozilgan 14 misra she’r ilova qilingan.

“Bu yerda seni haqoratlashar tinmayin” deya boshlangan she’r “Bu yerda hamma narsa qiynoq ustiga qurilgan. Seni har kuni, har on, har soniya qiynashar” degan satrlar bilan davom etadi va “Bu yerda qonunlar toptalmoqda. Bu qonunlarni hech kim o‘qimagan hech qachon. Toptashar har on. Oddiy insonlikning hayot tarzini¸odamning odamligini yer bilan bir qilishadi bu yerda!!!” degan misralar bilan yakunlanadi. (Bu va boshqa tarjimalar maqola muallifiga tegishli)

Ozodlik Gulnora Karimovning madaniyatga oid tadbirlarida u bilan birga bo‘lgan, ammo ismi aytilishini istamagan san’atshunosga bu she’rni ko‘rsatdi.

Suhbatdosh she’r ritmi va so‘zlar tuzilishiga qarab, “ha, buni Gulnora yozgan¸ koshki yozmasaydi”, - dedi.

Rasman: Qiynoqqa tutilmagan

Ozodlik Gulnora Karimova o‘z she’riy satrlarida “qiynoqqa tutilganini” iddao qilgan umumiy tartibli 21-sonli ayollar koloniyasi boshlig‘i Gulhayo Karimova bilan bog‘landi.

Qamoqxona boshlig‘i mahkumalar¸ xususan, Gulnora Karimovaga nisbatan qonunda belgilanmagan hech bir harakat qilinmaganligini ta’kidladi.

“Albatta, Gulnora Karimova haqida yozish jurnalist o‘laroq sizning huquqingiz. U qiynoqqa tutilmagani va jazoni o‘tash sharoiti qonunda belgilanganday, degan gapimga ishonmasangiz, mening bevosita rahbarlarim- Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasidan qayta so‘rashingiz mumkin”.

Joriy oy boshida Gulnora Karimova bilan 20 oy birga o‘tirgan sobiq mahkuma Mavluda Hakimova mahalliy blogerlar bilan suhbatda “Gulnora Karimovaning boshqa mahkumalardan ko‘ra yaxshiroq sharoitda ekani” va “yegani oldida, yemagani orqasida” ekanligini ta’kidlagan edi.

Joriy oy boshida 21-sonli ayollar koloniyasini maxsus komissiya tarkibida borib ko‘rgan huquq faoli Abdurahmon Tashanov ham Gulnora Karimovaning qiynoqqa tutilganiga ishonmaydi:

“Qamokxonada qiynoq bo‘lishi mumkin, ammo Gulnora Karimovaga nisbatan qiynoq qo‘llanilishiga ishonmayman. Har holda, alohida e’tibordagi mahkuma. Ombudsman bir necha marta kirib chiqdi, inson huquqlari bo‘yicha komissiya doimiy kirib turibdi jenturmaga. Bunday vaziyatda Gulnoraga qiynoq qo‘llanilishi mumkinmas. Ehtimol, turma uning avvalgi hayotiga qiyoslaganda xaqiqatan do‘zaxdir, ammo qonun barchaga barobar.”

Birovga ravo ko‘rilmaydigan maskan

Gulnora Karimova qamoqdan chiqargan maktubiga ilova qilingan she’rda jazo o‘tash maskan manzarasini chiziladi:

”Na faryoding, na dodingdan avloding bexabardur toabad. Kimsa sasin chiqarmas bu yerda,

Vijdoni o‘lmagan¸ sharafi so‘nmagan¸ tanholarning qamoq muddatini cho‘zishar bu erda”.

Bir paytlar birinchi prezident qizining ommaviy madaniy tadbirlarida unga hamrohlik qilgan taniqli san’atshunos nazarida, Gulnora Karimova yozgan satrlar real voqelikdan ko‘ra ko‘proq ichki tug‘yonlar izhori:

Inson faryodiga kimsa e’tibor bermas¸ Xasharotga aylantirilgan Hazrati Odam,

Bu yerda sanoqli odam Tangriga inonar. Bu yerda sotqinlik arvohi podshohlik qilar

Hisobsiz odamning hayoti qamishday singan va ular yuztuban qulashga majburlanayotir,

Bu yerda insonlik yonmoqda. Inson yuzidan tomirigacha sug‘urilmoqda insoniy qiyofa,

Bu yerda sharaf va g‘ururingdan mosuvo qilishar. Butkul ado bo‘lguningcha pajmurdalikda,

Bu yerda har odam bo‘ynida narxnoma. Faqat raqamlar bu saltanatda sultonlik qilar,

Faqat sanoqli odamlar it bo‘yinbog‘ini sharafsizlik uchun bog‘lamay qo‘ygan bu yerda.

Gulnora Karimova bilan 20 oy birga o‘tirgan Mavluda Hakimova avvaliga qamoqxona sharoitlarini maqtaganday bo‘lsa ham, suhbat o‘rtasida ko‘ziga yosh olib “Hech kimni u yerga ravo ko‘rmayman¸ hech kimni. Hech bir ayol kishini u yerga borgulik qilmasin. Hech qachon. 20 oy o‘tirdim. Hech kimni u yerga ravo ko‘rmayman” , - deya afsus bilan ta’kidlaydi.

"Eng katta poraxo‘r"

Britaniyalik kriminologiya professori Kristian Lasslettning yozishicha,¸ Gulnora Karimovaning jinoyati mutlaqo o‘z isbotini topgan va u to‘g‘ri jazo o‘tamoqda:

“Dalillar Karimova yaxshi uyushtirilgan sindikatning reketchilik faoliyati O‘zbekistonning ijro etish, qonun chiqarish hamda milliy xavfsizlik tarmoqlari orqali amalga oshirilishini nazorat qilib turganini ko‘rsatadi”.

O‘tgan yili e’lon qilingan surishtiruv mualliflarining ta’kidlashicha, Karimovaning jinoiy sindikatidagi yordamchi va yugurdaklarning aksari yuqori lavozimli rasmiylar bo‘lgan. Bu shaxslar Karimova mojarosi ommaga ayon bo‘lganidan keyin ham yuqori lavozimlarda ishlashda davom etmoqda.

AQSh Adliya vazirligi huzuridagi prokuratura idorasining Nyu-York janubiy hududi bo‘yicha prokurori 2019 - yilning 7 - mart kuni Gulnora Karimovaga nisbatan rasmiy ayblovlarni e’lon qilgan edi.

Karimova qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali aksiyalari AQSh birjasida sotuvga qo‘yilgan uch yirik xalqaro telekom shirkati – TeliaSonera, VimpelCom va MTCdan jami 865 million dollar pora olganlikda ayblanadi.

Adliya vazirligi baënotida ta’kidlanishicha¸ Karimova AQShning xorijdagi korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, hozirga qadar eng katta pora olganlikda ayblangan shaxsdir.

Qamoqxonada guppi tikayotgan DXX raisi

Davlat Xavfsizlik Xizmati (DXX)ga 2018-2019 - yillarda rahbarlik qilgan Ixtiyor Abdullayevning yaqinlari ham maxsus xizmatlar va kuch tizimlarining sobiq rahbari qiynoqqa solinganini iddao qildi.

Rasmdagilardan faqat bir kishi qamoqda emas

Yaqinlarining iddao qilishicha, Abdullayev bir muddat temir qafasda saqlangani va qamoqxonadagi yomon sharoitlar bois salomatligi yomonlashgan.

O‘g‘li Aziz Abdullayevning Bi-bi-siga aytishicha, joriy yil yanvarida otasi Prezident Mirziyoyev nomiga 27 varaqlik xat bitib, unda o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni «epizodma-epizod» rad qilgan. Ammo oilaning ishonishicha, xat manzilga yetib bormagan, Abdullayev esa jazo tariqasida karserga tashlangan.

Ozodlik Ixtiyor Abdullayev bilan birga jazo o‘tagan sobiq mahkum bilan gaplashdi. Bu mahkumga ko‘ra¸ “oxirgi paytda Abdullayevning qamoqdagi sharoiti yaxshilangan va u boshqa mahkumlar orzu qiladigan yengil ish “tikuv mashinasida guppi (paxtalik nimcha) tikish ishiga o‘tkazilgan. Mahkumning so‘zlariga ko‘ra, Ixtiyor Abdullayev tikuvchilik hunarini yaxshi o‘zlashtirib, chevarlikda boshqa mahkumlarga o‘rnak bo‘lgan.

2019 - yilning 27 - sentabrida O‘zbekiston Harbiy sudi Ixtiyor Abdullayevni, kuch tizimlarining qator boshqa zobitlari bilan bir qatorda, yirik miqdordagi poraxo‘rlik, o‘z mansabini suiiste’mol qilish va tovlamachilikda aybdor, deb topib, 18 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Yopiq mahkama tafsilotlari davlat sirlari vajidan matbuot va jamoatchilikka oshkor qilinmagan. Ammo suddan avval internetda shov-shuvga sabab bo‘lgan maqolalarda Abdullayev o‘ziga ishongan sheriklari bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev va oilasi ortidan kuzatuv o‘rnatishda ayblangani iddao qilingandi.

Mirziyoyevning VIP-mahkumlari

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan huuquqni muhofaza qilish organlarining sobiq xodimlari saqlanuvchi maxsus koloniyadan yaqinda ozodlikka chiqarilgan mahkumlardan biri ayni muassasadan DXX raisining sobiq o‘rinbosari, general Hayot Sharifxo‘jayevning 2020 - yil dekabrida ozod qilinganini aytdi.

“Sud tomonidan 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Sharifxo‘jayevga qo‘yilgan JKning 301-moddasi 2-qismi 1-qismga qayta malakalanib, muddati qisqardi va ozodlikka chiqarildi”, dedi sobiq mahkum.

Shuningdek, sobiq mahkum DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevning salomatligi yaxshi ekani, uning tikuv sexiga shu yil fevral oyi o‘rtalarida olinganini ta’kidladi. Sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov esa, tez-tez tibbiyot bo‘limida qon bosimi tufayli davolanmoqda. Sobiq mahkumning so‘zlariga ko‘ra, Qodirov koloniyada deyarli hech kim bilan muloqot qilmaydi.

“Bu turdagi nomdor mahkumlarga qiynoqlar qo‘llanilmaydi. Ularga bu yerda o‘tirishning o‘zi qiynoqdir”, - deydi sobiq mahkum Ozodlikka ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

O‘zi qazgan chuqurga tushganlar

Ozodlik bilan suhbatda bir paytlar Gulnora Karimovaning tadbirlarida u bilan yonma-yon o‘tirgan va bugun "uyalganidan" ismi zikr etilmasligini so‘ragan san’atshunos o‘zbek qamoqxonalarida o‘tirgan sobiq elita mansublariga nisbatan qalbida empatiya yo‘qligini aytadi:

“Ular bu tizimni o‘zlari yaratdi. Argentinalik ëzuvchi Xulio Kortasar asari qaxramoni qiynoq mashinasi yaratadi va o‘zi shu qiynoq mashinasi qurboniga aylanadi. Qissadan hissa: qiynoq mashinasini yaratmang. Bu gapni men bugun o‘zini malika bo‘lishga chog‘laëtgan yangi to‘ng‘ich qizlar va cheksiz hokimiyatdan mast amaldorlarga aytaman”, - deydi o‘zbekistonlik san’atshunos.

O‘zbekiston qamoqxonalari Karimov boshqaruvi davrida shafqatsiz qiynoqlar bilan nom chiqargan. Inson huquqlari tashkilotlari o‘zbek huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlari qiynoqlar uchun mas’ul ekanini aytib, qiynoq qo‘llovchilarni jazoga tortish chaqirgan.

Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan huquq faollari qamoqxonalarda, xususan, Karimov davrida eng ko‘p qiynoq qurbonlari bo‘lgan diniy-siyosiy ayblar bilan qamalganlarga nisbatan qiynoqlar bilan bog‘liq xabarlar kamayganini qayd etishgan. Ammo huquq faollariga ko‘ra, tergov hibsxonalari va jazoni o‘tash muassasalarida qiynoqlar hanuz davom etmoqda.

Prezident Mirziyoyev o‘z chiqishlarida qiynoqlarga barham berishga chaqirgan, ammo uning shaxsan o‘zi "prezident va davlatga qarshi xiyonat"da ayblagan qator sobiq kuch tizimlari mulozimlariga nisbatan adolatli mahkamani ta’minlashga chaqirmagan. Tahlilchilar prezidentning bu kabi chiqishlari adolatni qaror toptirish urinishidan ko‘ra ko‘proq qasos harakatiga o‘xshab ketishini aytadilar.