Omsk oblastining Yuqori Karbush qishlog‘i aholisi yo‘llarini asfaltlab berishni so‘rab Germaniya kansleri Angela Merkelga videomurojaat yo‘lladi. Ular mahalliy amaldorlarga ko‘p yillardan beri arz-dod qilib keladi, biroq hech bir natija bo‘layotgani yo‘q. Darvoqe, ular asfalt to‘shab berishni iltimos qilayotgan ko‘cha nemis konslagerida o‘ldirilgan sovet generali Karbishev nomi bilan ataladi.
— Rostini aytsam, Merkel bizga pul berishiga yoki asfalt keltirishiga ishonmayman, lekin ehtimol hukumatimizga ta’sir qilar loaqal?! Putin bilan uchrashib qolganida: “Boshqa mamlakatlarga yordam bergandan ko‘ra, rossiyaliklar va rossiyalik nemislar holidan xabar olsangiz-chi!” deb tanbeh berar balki. Men shundan umidvorman, deydi murojaat muallifi, Yuqori Karbush qishlog‘i deputati Irina Drozdova.
Qishloqliklarning aynan Merkelni tanlagani bejiz emas: Yuqori Karbushga 110 yil burun nemislar asos solishgan, uni hanuzgacha nemis qishlog‘i, deb atashadi.
Dmitriy Karbishev nomidagi ko‘cha shahardagi eng qadimgi va eng katta ko‘cha sanaladi. “Ilgari u xuddi vannaga o‘xshardi. Yomg‘ir yog‘sa, uzun rezina etik kiymasdan o‘ta olmasdik. Keyin ko‘chaga 150 mashina qurilish chiqindilarini olib kelib, to‘kdik. Suv to‘planishidan qutuldigu lekin yog‘ingarchilikda baribir loy-balchiqqa botyapmiz”, deydi Drozdova.
U deputat sifatida Yuqori Karbush va qo‘shni qishloqlarning yo‘llarini epaqaga keltirish uchun uch yildan beri olishayotganini aytadi.
— Qayerlargagina murojaat qilmadik deysiz! Katta-kichik amaldorlardan yordam so‘radik. Medvedev prezidentligida Moskvaga, Oq uyga ham bordik. Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarda savol yozdik, lekin bir marta ham efirda o‘qib eshittirishmadi. 2019 - yili Putin shahrimizga kelganida dardimizni havo shariga yozib, uchirdik. Baribir foydasi bo‘lmadi, davom etadi u.
Drozdovaga ko‘ra, oxirgi marta 1989 - yilda nari-beri asfaltlangan Sadovaya ko‘chasi o‘tgan yili, nihoyat, ta’mirlangan. Ammo bunga qishloqliklar osonlikcha erishmaganlar. Drozdova yo‘lni ta’mirlashni talab qilib boshqa deputatlar bilan piketlarga chiqqanini, ochlik e’lon qilganini aytadi. Ayniqsa ochlik e’lon qilishganidan so‘ng mulozimlar “qimirlay boshlabdi”.
Ammo Karbishev ko‘chasi masalasida qaysi eshikka bosh urishmasin, hamma joyda bir xilda “pul yo‘q”, deb javob berishmoqda. Ko‘p ham umid qilishmasa-da, bordiyu Germaniya kansleri rostdan Yuqori Karbushga yordam bersa, Drozdova ko‘chaning boshida “Bu yo‘l Angela Merkel mablag‘iga qurilgan”, degan peshlavha ochib qo‘ymoqchi.
— Nega Germaniyaning yo‘llari ravon, bizniki dabdala? Ular yo‘l qurilishi va ta’miriga ko‘proq pul ajratadi, deb o‘ylaysizmi? Aslo. Ularda o‘g‘rilik kam, hamma gap shunda, deydi Irina.
Darvoqe, Irina Drozdova qishloq muammolari bilan chet davlat rahbariga birinchi marta murojaat qilayotgani yo‘q.
— 30 yil muqaddam bu yerga Bratskdan ko‘chib kelganman. Yuqori Karbushga shahardan bitta ham transport qatnamasligini ko‘rib hayratga tushdim. Odamlar eng yaqin bekatga borish uchun olti chaqirim piyoda yurishardi. O‘shanda men Amerika prezidenti Bill Klintonga maktub yozgandim. Javob kelgani yo‘q, albatta, ammo mahalliy OAV mavzuni davom ettirdi. Uch yil deganda murodimizga yetdik: qishloqqa kunda ikki mahal avtobus qatnaydigan bo‘ldi. Odamlar juda xursand bo‘lishdi.
Xalqaro janjaldan qo‘rqib
Yuqori Karbush — Omsk oblastidagi Germaniya kansleridan ko‘mak so‘ragan yagona qishloq emas. 2019 - yil dekabrda Azov nemis milliy tumanining Zvonaryov Kut qishlog‘i ahli ham Merkelga murojaat yo‘llagan. Karbushliklar kabi, ular ham videomurojaat yozishgan va xat jo‘natishgan. Ular ko‘mirda ishlaydigan qozonxonalarini gazga o‘tkazishda yordam so‘ragan.
Mahalliy huquqbon Valentin Kuznetsovning aytishicha, 1992 - yili Omsk viloyati hududida aholisi asosan nemislardan iborat Azov nemis milliy tumani tuzilganida Germaniya uni rivojlantirishda faol hamkorlik qila boshlagan, xususan, moliyaviy ko‘magini darig‘ tutmagan. Binobarin, Kuznetsovning fikricha, “aynan Merkelga murojaat etib mantiqan to‘g‘ri ish qilishgan”.
— Qozonxonamiz juda yomon ishlaydi. Qishda zo‘rg‘a 14-16 daraja issiq beradi. Bormagan joyimiz qolmadi: eng quyidan eng yuqorigacha chiqdik, xotirlaydi Kuznetsov.
Zvonaryov Kut qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Irina Datsenkoga ko‘ra, xalqaro janjaldan qo‘rqib Merkelga murojaat qilishga qarshi chiqqanlar ham bo‘lgan. Murojaat qilish tarafdorlari esa, garchi o‘z amaldorlaridan yorug‘lik chiqishidan umid uzgan bo‘lsalar-da, Merkelning javob berishiga ham unchalik ishonishmagan.
Ammo javob tezda kelgan. Javob Germaniya Bundestagi (parlamentning quyi palatasi) a’zosi Mayk Sidoruk imzosi bilan kelgan.
— Sidoruk xatidan biz tasvirlagan turmush sharoiti ularni “bir paytning o‘zida ham ranjitib, ham larzaga solgan”ini bildik. Merkel juda band bo‘lgani bois bizga shaxsan maktub yoza olmabdi. Ammo iqlim va energiya nazorati tizimlari bilan shug‘ullanuvchi bir nemis shirkatining Rossiyada biznes-sherigi bor ekan. Sidoruk bizga o‘sha agentlikka murojaat qilishni tavsiya qilib, telefonlarini yozib yuboribdi. Lekin biz ularga qo‘ng‘iroq qilmadik, — deydi Datsenko.
Ayolning aytishicha, 2020 - yilda ahvol birmuncha yaxshilangan. To‘g‘ri, qozonxonani gazda ishlashga o‘tkazishmagan, lekin harqalay uylar qishda avvalgidan issiqroq ekan. “Menimcha, ma’muriyat o‘zidan uyalib, sifatliroq ko‘mir sotib olib bergan bo‘lsa kerak”, taxmin qiladi Datsenko.
U Ozodlik muxbirining “Nega rossiyaliklar aynan xorijiy davlatlar yetakchilariga murojaat qilishyapti?” degan savoliga javoban shunday dedi:
— Nimaga desangiz, Rossiyada hech nimaga erishib bo‘lmaydi, shuning uchun chetdan najot izlashga to‘g‘ri kelyapti. Shunchalikka bordiki, ayrimlar tiz cho‘kib Putindan yordam so‘rashmoqda. Men bunaqalarni ko‘rganimda uyalaman. Odamlarga nima bo‘lyapti o‘zi? Prokuratura, sud, politsiya idoralarining shuncha tahqir va xo‘rliklariga qanday toqat qilish mumkin? Men hech kimni hech narsaga da’vat qilayotganim yo‘q, ammo, nega cho‘k tushishimiz kerakligini baribir tushunmayman. Normal davlatda, rahbar kimligidan qat’iy nazar, tizim ishlashi kerak. Va bu tizim oddiy xalq farovonligi uchun ishlamog‘i lozim, 2 foiz “saralanganlar” foydasiga emas.
Biz qilmasak, kim qiladi?
“Yabloko” partiyasi Omsk shu’basi raisi Tatyana Nagibina aniq bitta odamga emas, balki barcha “yetakchi davlatlar rahbarlariga” murojaatnoma yozishga qaror qilgan. 2020 - yil yanvarda Nagibina tashkil qilgan mitingga kelgan 100 dan ziyod kishi peshqadam davlatlar rahbarlaridan millionchi shaharni zaharli tutunlar va tepsa-tebranmas amaldorlardan qutqarishni rus va ingliz tillarida iltimos qilishgan edi.
— 2017 - yildan beri Omsk atmosferasiga sanoat korxonalaridan zararli tutunlar chiqishi butkul nazoratsiz qolib, odamlar hamisha havodan kimyoviy moddalar isini hidlashga majbur bo‘lishmoqda. Havoda uglerod oksidi, xlorvodorod, azot oksidi, etilbenzol kabi gazlar miqdori yo‘l qo‘yilgan me’yordan ancha yuqori. 2019 - yil oktabrda Putinga videomurojaat yozuvdik. Bir nechta javob oldik, lekin mazmuni bir xil: “zararli tashlanmalar manbaini aniqlash imkoniyati yo‘q, chunki tekshiruvchilarga federal ahamiyatga ega korxonalarga kirish uchun vakolat berilmagan”.
Shunda Nagibinada muammoni mamlakatdan tashqariga olib chiqish g‘oyasi tug‘ilgan. Ilg‘or mamlakatlarning deyarli barchasida ekologiya va atmosfera tozaligi muammosi yo‘qligini o‘ylab, biryo‘la hammasiga murojaat qilishga qaror berishadi.
— Shundan so‘ng Perviy kanalda biz haqimizda lavha efirga uzatildi. Ortidan federal korxonalarni rejadan tashqari tekshirishdi. Kimlargadir jarima solishdi, qandaydir o‘zgarishlar bo‘ldi. Ishonchim komilki, qo‘l qovushtirib tursak, shu ham bo‘lmasdi. Ammo harakatdan to‘xtaganimiz yo‘q. Bu kurashda barcha qonuniy choralardan foydalanamiz, — deydi u.
O‘z muammolarini hal qilishda boshqa davlatlar rahbarlaridan yordam so‘ragan rossiyaliklar faqat Omsk viloyati ahli bilan cheklanmaydi.
O‘tgan yilning martida Xabarovsk markazida joylashgan xaroba ahvoldagi yog‘och uyning ikkinchi qavatida “Tramp, yordam ber — bizni boshqa joyga ko‘chirishsin”, degan yozuv paydo bo‘lgan edi. Boshqaruv shirkati plakatni tezda yirtib tashlagan bo‘lsa ham, uy ahli chekinmadi: miting tashkil qilib, AQShning o‘sha paytda amalda bo‘lgan prezidenti Donald Trampga Oktabrning 60 yilligi ko‘chasidagi 67-uyning vayrona holatiga kelib qolgani, xususan devorlar mog‘orlab, kanalizatsiya va markaziy suv ta’minoti yo‘qligi haqida so‘zlab berishdi. 2020 - yil dekabrda, norozilik chiqishidan 9 oy keyin shu va boshqa bir necha uyni “avariya holatida” deb topishdi. Ammo 2021 - yilning mart oyiga kelib odamlar, ularni ko‘chirishmayotganidan shikoyat qilib tag‘in mitingga chiqdilar. Ammo bu safar ajnabiy davlat rahbariga murojaat qilishgani yo‘q.
2019 - yilning yozida Kuzbass viloyatining Kiselyovsk shahri aholisi ularga ekologik qochoq maqomini berishini so‘rab Kanada bosh vaziriga murojaat qilishgandi. Ular Jastin Tryudo nomiga videomurojaat yozib internetga joylashgan, shu mazmundagi maktubni esa Moskvadagi Kanada elchixonasiga jo‘natishgan.
“Biz ekologik halokat sharoitida yashashga majbur bo‘lyapmiz. Yonimizdagi konlarni tinimsiz portlatishadi... Ko‘mir korxonalari egalari ko‘mirni ochiq usulda qazib olish jarayonida aholiga yetkazilgan zararni mutlaqo qoplamaydi. Atrof-muhit tozaligini saqlashga mas’ul mansabdorlar esa bizning emas, ularning tarafini olmoqda”, deyilgan aholi murojaatnomasida.
Ushbu chiqishdan so‘ng Kuzbass gubernatori Sergey Tsivilyov aholini Kuzbass va Rossiyaning obro‘sini to‘kishda aybladi. Kiselyovsk ma’muriyati esa 71 ta uy aholisini ko‘chirishga va’da berdiyu 4 kundan so‘ng so‘zidan tondi. 2019 - yil iyunda esa Kanada bosh vaziri murojaatga rasmiy javob berib, ekologik qochoqlarga boshpana berish tartib-qoidalarini tushuntirdi: qochoq maqomiga da’vogar odam shu mamlakat hududida yashayotgan bo‘lishi, hukumat idorasiga rasman ariza berishi kerak ekan. Ammo kiselyovskliklardan hech kim Kanadaga jo‘nab ketmadi.