Shimoliy Kavkazda o‘ziga juft topish uchun nikoh agentliklari xizmatlaridan foydalanayotgan musulmonlar tobora ko‘paymoqda. Instagram'da bir qancha “sovchilar” profillari ishlab turibdi – garchi ijtimoiy tarmoq Rossiyada taqiqlangan bo‘lsa-da.
Kavkaz.Realii nashri muxbiri Kavkazda nikoh qurish uchun tanishuv instituti qanchalik o‘zgargani va oila qurishga ko‘maklashuvchi agentliklarga islom dinining munosabatini o‘rgandi.
Dog‘istonda tug‘ilgan 24 yoshli Fotima va moskvalik injener, 34 yoshli Magomed Instagram'dagi nikoh agentliklaridan biri yordamida tanishganlar. Universitetni qizil diplom bilan tamomlagan Fotima uzoq vaqt o‘z dunyoqarashi va hayotiy maqsadlariga mos insonni uchrata olmaganini aytadi. Qiz o‘qimishli va muvaffaqiyat qozongan, ayni chog‘da taqvoli musulmon bilan turmush qurishni istagan ekan.
“Bir kuni dugonam Instagram'dagi musulmoncha nikoh sahifasida ro‘yxatdan o‘tishni taklif qildi: sahifada yigit-qizlar o‘z tarjimayi hollarini va kelajakdagi orzu-niyatlarini bo‘lishishar ekan. Avvaliga jiddiy qabul qilmadim, lekin keyin o‘ylab ko‘rgach, tavakkal qilishga qaror qildim”, deya eslaydi Fotima.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Shunday qilib, Fotima anketa to‘ldirib, o‘z qiziqishlari, dunyoqarashi haqida yozadi. Qarindoshlari ko‘rib qolishidan qo‘rqib suratini e’lon qilmaydi, chin ismini ham yashiradi. Bir haftalar o‘tib Magomed unga yoza boshlaydi. “U juda ziyrak va tarbiyali suhbatdosh chiqib qoldi. Maqtanmas, erkakligini pesh qilmas, kamtar edi, eng muhimi – maqsadlarimiz uyg‘un edi”, deydi Fotima.
Fotimaning qarindoshlari to‘yga rozi, yaqinda ikki yoshni mahalliy rasm-rusumga binoan unashtirib qo‘yishdi. Biroq qiz ularga qanday tanishganlarini aytmagan. Fotima bunga shunday izoh beradi: “Oilamiz juda eskicha. Kuyov bilan nikoh agentligi orqali tanishganim otamga yoqmasligi aniq, shuning uchun bilishlari shart emas”.
VIP-paket
“Instagram'da nikoh qurishni istovchilarga ko‘maklashuvchi loyihani topganimdan so‘ng uzoq ikkilandim: bu yerda bari jiddiyligiga, shu yo‘l bilan haqiqiy umr yo‘ldosh topish mumkinligiga ishongim kelmadi, – deya hikoya qiladi 25 yoshli Amina. – Lekin baribir a’zo bo‘lishga qaror qildim, chunki menga maslahat bergan qiz ana shu pablikda o‘ziga er topgan edi. Dastlab shunchaki kuyovlarning anketalarini ko‘rib chiqdim, ba’zilari ma’qul bo‘ldi, bir nechasi bilan yozishdim ham, lekin ko‘nglimdagisi uchramayotgandi”.
Amina tanlagan agentlik o‘zini “xalqaro miqyosda ishlovchi agentlik” deb ataydi, lekin uni Shimoliy Kavkazlik ayol yuritadi va obunachilarining aksari ham shu mintaqadan. Loyihada ikki tarif mavjud: “standart” va VIP. Birinchi paket suratlarsiz, faqat anketa ma’lumotlari bazasiga “dostup beradi”.
“Bunaqa sharoitda erkak kishi o‘ziga xotin tanlay olmaydi, – deydi Kavkaz.Realii suhbatdoshi. – Ammo VIP paket butkul boshqacha: unda menejerlar talabgorga o‘z juftini topgunicha rosa yordam berishadi, unga oldindan belgilagan mezonlar bo‘yicha nomzodlar qidirib, anketa va suratlarni jo‘nataverishadi”.
Aminaning aytishicha, VIP paketi narxi qariyb 100 ming rubl. Pulni hamisha erkak kishi to‘laydi, loyihada qatnashish ayollar uchun tekin.
“Ochig‘i, birov men bilan qiziqadi deb o‘ylamagandim, chunki islom diniga yaqinda kirganman, millatim rus, ajrashganman, unchalik yosh ham emasman. Ammo asli qozog‘istonlik bir yigit meni yoqtirdi, shundan so‘ng bizga WhatsApp'da guvohlar ishtirokida gaplashib olishimizga sharoit qilib berishdi”, davom etadi Amina.
Guvohlar degani – loyihaning ishonchli vakillari: ular yoshlarni suhbatiga qo‘shilishmaydi, lekin chatdagi yozishmalarini ko‘rib turishadi. “Biz “shaxsiy”ga o‘tib gaplashsak ham bo‘lardi, ammo qoidalarni buzishni xohlamadik”, deydi qiz.
Aminaga ko‘ra, bo‘lg‘usi eri boshqa agentliklarga ham murojaat qilgan, lekin ular olgan pullariga loyiq xizmat ko‘rsatishmagan ekan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Tanishganlaridan uch kun o‘tib kuyov uylanishga ahd qilganini aytadi va qiz bilan yuzma-yuz uchrashish uchun Rossiyaga uchishini ma’lum qiladi. Uch haftadan so‘ng u keladi va Aminaning ota-onasidan qizni o‘zi yashab turgan Saudiya Arabistoniga olib ketishga ruxsat so‘raydi. Aminaning Rossiyada o‘z biznesi bo‘lib, tashlab ketish og‘ir botardi.
“Biroq oila men uchun moddiy narsalardan qiymatliroq, shu bois erimning yonida bo‘lish uchun dunyoning narigi chekkasiga bo‘lsa ham ketishga qaror qildim. Arabistonda u meni bir ijara uyga joylashtirdi, to‘ygacha alohida-alohida yashadik”, deydi qiz.
Yoshlar nikoh o‘qitishgan, endi kelinning Saudiya Arabistonida yashashini qonuniylashtirish uchun nikohlarini rasman qayd ettirishni rejalashmoqda.
“Kamtar” kelinlar va “mas’uliyatli” kuyovlar
Instagram'da “nikoh” deb so‘rov bersangiz, nikoh xizmatlarini taklif qiluvchi bir talay pabliklar chiqib keladi. Kavkaz.Realii sayti ulardan ayrimlarini tahlil qildi. Juft topishga talabgorlar o‘zlari haqida asosan bir xil ma’lumotlarni berishar ekan: bo‘y, vazn, milliy mansublik, yashaydigan mamlakati va shahri, fe’l-atvori, kasbi. Shundan so‘ng alohida qatorda – o‘zlari istagan inson tavsifini keltirib, bo‘lg‘usi juftiga nimalar bera olishini yozishadi.
Darvoqe, ayollar o‘z anketalarida “hijobdaman” yoki “hijobli emasman”, “bo‘lg‘usi erim xohlagan taqdirda hijob kiyaman (yoki kiymayman)”, “namoz o‘qiyman (yoki o‘qimayman)”, “ko‘pxotinlilikka tayyorman (yoki tayyor emasman)” deya qayd etadilar. Ba’zi qizlar “faqat ikkinchi xotin bo‘lmoqchiman”, deb ro‘y-rost yozishadi. Kavkaz.Realii ilgari Chechenistonda shunaqa tendensiyani kuzatganini urg‘ulaydi. Ekspertlar fikricha, buning sababi odatda ikkinchi xotinlar ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanmay, “o‘z huzuricha yashashida” ekan. Erning ota-onasiga qarash, ovqat, supur-sidir katta xotinning gardanida bo‘ladi, deyishadi.
Ayni chog‘da, ikkinchi xotin qidirayotgan erkaklar anketalari ham uchraydi. Qizig‘i, aksarida talab bir xil: kelin bo‘lmish – talabgor tez-tez xizmat safariga borib turadigan shaharda yashashi lozim. Katta ehtimol bilan, bu erkaklarga ikkinchi xotinni birinchisidan yashirish uchun kerak. Ayrim hollarda kelinni – potensial kuyov emas, uning qarindoshlari izlaydi.
Milliy mansublik ko‘pincha muhim hisoblanmaydi, lekin “faqat o‘z millatimdan bo‘lsin” yoki “odatlarimizga qat’iy rioya qiladigan kelin kerak” deb yozilgan anketalar ham uchrab qoladi, albatta.
Yosh talabi – 18 va undan yuqori. Asosan ilgari turmush qurmagan kelinlarni qidirishadi, ammo beva, hatto bolali ayolga uylanishga rozi erkaklar ham oz emas.
Anketa muallifi bilan faqat administrator orqali bog‘lanish mumkin. Talabgorlarning telefon raqamlari osonlikcha berilmaydi. Loyiha tashkilotchilari juft izlovchilar faqat guvohlar ishtirokida va bir martada faqat bir talabgor bilan muloqot qila olishini ta’kidlaydilar. Har bir juftlikka tartib raqami berilib, shu raqam chat nomi bo‘ladi. Chatdan tashqarida gaplashish, qo‘ng‘iroq qilish qat’iyan man etilgan. Aminaning aytishicha, ushbu qoidalar yuzma-yuz uchrashuv bosqichiga qadar amal qiladi. U yog‘iga mas’uliyat – kelin va kuyovlikka talabgorlarning o‘zlariga yuklatiladi.
Kavkaz nikoh agentliklarida “kamsuqum, itoatkor, taqvoli” kelinlarni hamda “mas’uliyatli, xudodan qo‘rqadigan, o‘ziga to‘q” kuyovlarni izlashadi. Aksar hollarda qizlarning yuzlari yashirilgan – Shimoliy Kavkaz respublikalarida ayollarning ijtimoiy tarmoqqa suratlarini joylashlari ma’qul ko‘rilmaydi.
“Otam bilib qolsa, ranjigan bo‘lardi. U yaxshi odam, lekin eskicha tarbiya ko‘rgan, – deydi Fotima. – Bunaqa ish qilgan qizni qamab qo‘yadigan oilalar bor. Bu har bir oilaga bog‘liq, lekin, umuman, ayol kishining o‘zini bozorga solishi islomda ham, Kavkaz odatlarida ham ravo emas”.
Instagram'dagi nikoh agentliklaridan birining administratori fikricha, ijtimoiy tarmoqlar orqali juft qidirish keng tarqalayotganiga sabab odamlarda bo‘sh vaqt qolmayotganidir. Rossiyada Meta (Facebook, Instagram) taqiqlanganiga qaramay, internetda kelin yoki kuyov izlash tobora avj olyapti.
“Har qanday mehnatning haqqi bor, shu bois xizmatlarimiz pulli, ammo faqat erkaklar uchun – bu mablag‘lar faoliyatimizni rivojlantirishga yo‘naltiriladi”, deydi virtual sovchi.
Kavkaz.Realii suhbatdoshi bu yo‘l bilan qurilgan oilalar qanchalik mustahkam bo‘ladi, degan savolga javob berishga qiynaladi. Bir oz o‘ylangach: “Bu talabgorlarning o‘ziga bog‘liq. Injiqliklardan xoli inson qisqa vaqtda o‘ziga juft topishi mumkin. Masalan, so‘nggi bir haftada uch erkak va ikki ayoldan ijobiy javob oldik”, deydi u.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
“Odob va islomiy tarbiya doirasida”
“Ilgari Kavkazda yigit va qizni kelgusida oila qurishlari uchun tanishtirib, topishtiradigan maxsus ayollar – sovchilar bo‘lardi, – deydi ingushetiyalik tadqiqotchi (repressiv qonunchilik tufayli Kavkaz.Realii uning ismini ochiqlamagan). – Odatda bu ish bilan obro‘li, hurmat qozongan ayollar shug‘ullanishardi”.
Suhbatdoshga ko‘ra, sovchilar ko‘p hollarda o‘qimishli ayollar bo‘lmagan, biroq ularning roli mahalliy odatlarni, inson psixologiyasi va muomala madaniyatini chuqur bilishni taqazo etardi. Oilaviy an’ana va qadriyatlar ardoqlanadigan Kavkaz jamiyatlarida sovchilarning o‘rni juda muhim bo‘lgan.
“Sovchi yoshlarga o‘ziga mos juft topib berish uchun ularning oilalarini yaxshi tanishi, ijtimoiy statuslari, dunyoqarashlari va boshqa muhim jihatlardan xabardor bo‘lishi zarur edi, – tushuntiradi tadqiqotchi. – Ikki xonadon taklif etilayotgan nikohga rozi bo‘lgan taqdirda sovchi kuyov bo‘lmishning onasi bilan kelinning uyiga kelar va shundan so‘ng yoshlar turmush qurishardi”.
Suhbatdosh aytishicha, hozirda bu yo‘sin tanishuvlar juda kamayib ketgan. Erkak va ayollar ishxonada, o‘qishda, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlari topishishmoqda. Qarindoshlarga esa nomiga sovchilikka borish-u to‘y qilib berish qolyapti.
Sobiq imom Shomil Albakovga ko‘ra, agarda “odob va islomiy tarbiya doirasida” muloqot qilinadigan bo‘lsa, din ijtimoiy tarmoqlarda nikoh pabliklari tashkil etilishini man qilmaydi.
“Bu qaytaga yaxshi, chunki hozirda eng ko‘p tanishuvlar ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lyapti. Odamlarga o‘ziga mos juft topishga yordam beradigan maydon bor ekan, marhamat, foydalanaverishsin. Boz ustiga, bu ish baribir kelin-kuyovning qarindoshlari orqali hal bo‘lar ekan-ku”.
Biroq nikoh agentliklari qizning xavfsizligiga, ayniqsa axborot xavfsizligiga nihoyatda hushyor bo‘lishlari lozim, ta’kidlaydi Albakov.
“Erkaklar qiz bilan muloqotdan so‘ng uni hayotiga oid qandaydir ma’lumotni oshkor etish bilan shantaj qilishi hollari keng tarqalmoqda. Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak”, deydi u.
Chechenistonlik bir jurnalist Kavkaz.Realii bilan suhbatda aytadiki, nikoh agentliklari orqali chinakam oila qurish imkonsiz. “Axir rasmni istagancha o‘zgartirish, tarjimayi hol va boshqa ma’lumotlarni soxtalashtirish mumkin-ku, – ajablanadi suhbatdosh. – Bo‘lg‘usi jufting kimligini, qanaqa oiladan chiqqanini yaxshi bilish juda muhim. Shu bois yuzma-yuz tanishish va gaplashishdan yaxshisi yo‘q”.
Amina diniy an’analar musulmon qizlarning erkaklar bilan mustaqil muloqot qilish imkoniyatlarini cheklab qo‘yayotganini aytadi. Ko‘p onlayn-tanishuv sahifalari jiddiy munosabatlarga olib kelmaydi, lekin nikoh agentliklari haqiqiy va bir umrlik aloqalarni izlayotganlarni o‘ziga jalb etyapti, qo‘shimcha qiladi u.
“Boshida cho‘chigan edim, ishonmagandim. Yo‘q, yaxshi niyatlarda, professional tashkil qilingan loyiha ekan. Men u yerda baxtimni topdim”, deya so‘zini yakunlaydi Kavkaz.Realii suhbatdoshi.