OKMKdagi hodisa: Enter Engineering ishchilari texnika xavfsizligi va oyliklardan shikoyat qilib keladi

OKMK 3-sonli misni boyitish fabrikasi qurilish maydonchasi, 28-yanvar, 2023

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida Enter Engineering shirkati ishchilarini tom bosib qoldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, ko‘p qor yog‘ishi va qattiq shamol tufayli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidagi 3-sonli misni boyitish fabrikasi qurilish maydonchasida vaqtinchalik qurilma qulagan.

Bu sexda asosan, hindistonlik ishchilar bo‘lgan va hodisa oqibatida ulardan 29 nafari jarohatlangan. 3 nafari hodisa joyida vafot etgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari boshlangan:

“Ayni vaqtda sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini joyida o‘rganish, zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida mas’ul tashkilotlar ishtirokida ishchi guruhi tuzilgan”.

O‘zbekistonda so‘nggi ikki kundan buyon tinimsiz qor yog‘moqda, tog‘li yoki toqqa tutash hududlarni qalin bor bosgan.

Xususan, 20-fevral kuni ertalab Olmaliq shahridagi “Qo‘qon bozori”da ham savdo navesi qulashi yuz berdi, jabrlanganlar yo‘q.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlaydigan ishchilardan biriga ko‘ra, kechasi bilan yoqqan qor fabrikadagi metalldan qurilgan vaqtinchalik ayvon tomini sindirib yuborgan.

O‘sha kezda ishchilar tonggi majlisga yig‘ilgani bois, ko‘pchilik jarohatlangan.

“U navesni hindlarning o‘zi qurgan ekan. Ishchilar sug‘urta qilingan ekan, jarohatlangan va o‘lganga tovon puli beriladi, deyishyapti”, dedi ismini oshkor qilishni istamagan ishchi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Enter Engineering ишчилари иш ташлаш билан таҳдид қилмоқда


Aslida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hududidagi 3-misni boyitish fabrikasi qurilishda ro‘y bergan ilk baxtsiz hodisa emas. Ozodlikka Enter Engineering shirkati ishchilaridan muttasil shikoyatlar keladi.

Shikoyatlarga qaraganda, ushbu shirkat qurilish maydonchalarida ham shirkat, ham ishchilar tomonidan xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmaslik bilan bog‘liq holatlar ko‘p.

Bir tarafdan, qurilish hududidagi vaqtinchalik moslamalar va metall konstruksiyalar mustahkam qurilmaydi. Ikkinchi tarafdan, ishchilar ham yetarli darajada himoyalanmagan. Eng ko‘p tilga olinadigan shikoyat esa ishchilarga uch-to‘rt oydan beri oylik maoshning berilmayotganidir.

Enter Engineering shirkati Olmaliq kombinati tarkibidagi 3-misni boyitish fabrikasini Rossiyaning «Uralmashzavod» shirkati bilan birgalikda qurmoqda.

Fabrika qurilishi 2 milliard dollarga baholangan. Bu fabrikada Olmaliqdagi “Yoshlik-1” konidan qazib olinadigan misni qayta ishlash rejalanmoqda. Bu konda 45 million tonna mis, 5 ming tonna oltin zaxirasi borligi tasdiqlangani aytilgan.

Bu fabrika prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yildagi qarori bilan bilan qurilyapti.

Qarorga binoan, 2020−2025-yillarda “Yoshlik-I” konida ochiq karyer va yiliga 60 mln. tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega misni boyitish fabrikasi qurilishi rejalangan.

O‘z vaqtida o‘sha paytdagi OKMK boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdulla Azizov: “Kondagi ruda tarkibida 3,37% mis bor. Imkoniyatimiz Chilidan ham yaxshi”, degan edi.

Rasmiylar bu muassasani 60 million tonna mis rudasini boyitadigan MDH hududidagi ilk eng yirik fabrika, deb atamoqda.

Bu qurilish rejasi avvaliga xorijlik sarmoyadorlar qo‘lida sansalor bo‘ldi. Loyiha avvaliga turk shirkatlari, keyin rus shirkatlariga berilishi aytildi.

Jumladan, 2021-yil boshida turkiyalik investorlar Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritishi aytilgandi.

Bu haqda turk ishbilarmonlari bilan muloqot qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev bayonot bergan.

Ammo, 2021-yilning yoziga kelib mis fabrikasini qurish loyihasi Enter Engineering va Rossiyaning «Uralmashzavod» hamkorligiga berildi.

2021-yilning dekabrida Rossiyaning Tashqi iqtisodiy banki bu kombinatni qurish uchun imtiyozli shartlar asosida 712 mln yevro, taqriban 824,3 mln dollar miqdorida kredit berishi ma’lum qilingan.

Ammo, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, yirik rus shirkatlari G‘arb sanksiyalariga tushdi va ularning aksari mudofaa sanoatiga yo‘naltirildi. Rossiyaning Tashqi iqtisodiy banki esa sanksiyaga uchradi.

“Yoshlik-1” koni 11 ming gektar maydonni egallaydi. Konda oltin, mis, kumush, molibden kabi 13 turdagi qimmatbaho va nodir metallar mavjud.

Dastlab fabrikani 2023-yilgacha qurib bitkazish rejalangani aytilgandi. Shu oy boshida OKMKning hozirgi rahbari Abdullo Xursanov prezident fabrika qurilishini 1-martgacha tugatishni buyurganini ma’lum qildi.

36 mingdan ortiq ishchisi bo‘lgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ayni paytda davlat boshqaruvida.

Prezidentning 2020-yil 26-maydagi «Olmaliq KMK» aksiyadorlik jamiyati konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4731-son qarori bilan bu kombinat davlat boshqaruviga qaytarib olingan.

Ungacha O‘zbekistondagi eng yirik ishlab chiqarish korxonasining ishonchli boshqaruvi mintaqada tanilgan oligarxlarga tegishli ko‘rilgan xususiy shirkatlarning qo‘lida edi.

Bulardan eng so‘nggisi asli o‘zbekistonlik milliarder Fattoh Shodiyevga tegishli ekani aytilgan SFI Management Group shirkatidir.

Bu shirkatdan OKMKning ishonchli boshqaruvi olingach, uning o‘rtadagi vositachi shirkatlar orqali Rossiyadagi yana bir yirik o‘zbek oligarxi Alisher Usmonov nazoratiga o‘tgani haqida norasmiy ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Kombinat matbuot xizmati bu ma’lumotlarni inkor qilgan.

Enter Engineering Group - O‘zbekistonda neft va gaz sohasini nazorat qilish, xususan o‘zbek gazini suv tekinga Rossiyaga sotishga mas’ul ko‘rilgan. Shirkat Baxtiyor Fozilovga tegishli.

Fozilov O‘zbekistonda neft va gaz sohasidagi yirik loyihalarni qo‘lga olgan ERIELL shirkatining ham rahbaridir.

Ozodlik surishtiruvi, O‘zbekistonning yirik gaz konlariga egalik qilayotgan ERIELL uning rahbari Baxtiyor Fozilov vositachiligida Putinga yaqin oligarxlarga bog‘langanini o‘rtaga chiqargan.

2008-yilda Rossiyada faoliyatini boshlagan ERIELL guruhi aksiyalarini Gazprombank sotib olgan, 2015-yil dekabrida ERIELL bu aktsiyalarining bir qismini qayta sotib olgan. Guruh aksiyalarining 39.6 foizi, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, hamon Gazprombankka tegishli.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan joriy qilingan G‘arb sanksiyalaridan so‘ng, Fozilov ERIELL shirkati Rossiyadan chiqib ketdi.

Rossiyaning neft-gaz sohasidagi yirik axborot portali - ROGTEC xabariga ko‘ra, 2023-yilning avgustida ERIELL shirkatining Rossiyadagi bo‘linmasi MetallStroyService shirkatiga sotilgan.

Nashr bitimning prezident Putin ruxsati bilan amalga oshirilganini ta’kidlagan.

Ammo shirkat, keyingi yillarda O‘zbekiston neft va gaz sohasidagi yirik loyihalarni qo‘lga olayotgani aytiladi.

OKMK - yillik mis ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha MDHda uchinchi o‘rinda turadi - 148 ming tonna mis qazib olinadi. Birinchi o‘rinda Rossiya - 973 ming tonna, ikkinchisi esa Qozog‘iston - 500 ming tonna.

Kombinat saytida keltirilishicha, hozirgi kunda OKMK tashqi sotuvining asosiy bozori Turkiya bo‘lib, u yerga tovarlarning 60−70 foizi yetkazib beriladi.

Keyingi o‘rinlarda Xitoy, MDH va Sharqiy Yevropa davlatlari turadi. Bundan tashqari, o‘zbek misini Qatar, Avstraliya, Indoneziya, Polshaga eksport qilish yo‘lga qo‘yilgani, BAAga yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani, Shimoliy Amerikadagi bozorlar o‘rganilgani aytilgan.