O‘zbek tili: Hukmron elitadan umid yo‘q - Sardor Salim

Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev. Illyustrativ surat.

Qaltiroq bosgan mahluqmanmi yoki haqqim bormi? Bugun ziyolilarimiz o‘ziga shu savolni berib, aniqlashtirib olishi lozim, chunki ularsiz ko‘p narsa bajarilmay qolib ketyapti.

O‘zbek tili jamiyatdagi o‘rni borasida hozirda ikki undovga uchragan: birinchisi, o‘zbek jamiyatning (va demak, tilining) umumiy tanazzuli bo‘lsa, ikkinchisi hukmron elitaning til islohotini yaqqol sabotaj qilishi va paysalga solishidir.

Birinchi muammoga to‘xtab o‘tirmaymiz, chunki bu juda katta, murakkab mavzu. Ikkinchi muammo, bugun bir qator masalalarda amaldorlarning siyosiy iroda va xohishining yo‘qligi tobora ayon bo‘lmoqda. 90-yillardagi, tashqi siyosat talablariga binoan o‘zgargan alifbo qoidalaridan, (20)00-yillardagi bu mavzuga qo‘yilgan taqiqlardan tortib, "yangi" O‘zbekiston davridagi til islohoti borasidagi jo‘shqin faoliyat imitatsiyagacha deyarli 30 yildan beri paysalga solinayotgan til islohoti hukmron elitalar tomonidan turli sabablarga ko‘ra, bu jarayonni orqaga qaytarib bo‘lmasa, kamida sabotaj qilinayotgani, paysalga solinayotgani yaqqol ko‘rinmoqda.

Masalan, 2018-yilning boshida Bosh vazir va Prezident devonida tasdiqlangan rejaga ko‘ra, 2021-yildan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish kerak edi.

«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi»ga ko‘ra:

  • amaldagi qonun hamda hukumat qarori yana-da takomillashtirilishi.
  • tegishli qonunchilik talablari so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlar ishlab chiqilishi.
  • O‘zbek tilidagi reklama matnlari va lavhalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi ta’minlanishi kerak edi. 2019-yilning iyuli oxirgi muddat sifatida ko‘rsatilgan.
  • Bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida faoliyat yuritishi to‘liq ta’minlanadi.


Bularning barchasi 2020-yilning oxiriga qadar to‘liq uddalanishi kerak edi. Natija qani?

Eng achinarlisi, bu harakatlardan avvalgi bosqich bo‘lmish imlo islohoti hattoki amalga oshirilmadi. O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan ishchi guruh ikki yil ishlab, hukumatga o‘z takliflarini 2018-yil oxirlaridayoq kiritgan. Mana ikki yildirki, olimlar taklif etgan loyiha siyosatchilar tomonidan paysalga solinmoqda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

OzodNazar: Неожадидлар ким? Улар ва жадидлар шу кун воқеаларини қандай шарҳлаган бўларди?


Aslida, hukmron elita til islohotini paysalga solayotgani taajjublantiradigan holat ham emas; tariximizga qarasak, O‘zbekistonda pichoqqa ilinadigan barcha tashabbuslar doimo va deyarli faqat ziyolilardan chiqqan, bu tashabbuslar amaldorlarning ba’zida shiddatli, ba’zida yashirin qarshiligida amalga oshirilgan. Hattoki o‘zbek millati (etnosi emas!) avvalo jadidlar deb tanilgan musulmon ziyolilarining "tasavvuridagi jamoa" sifatida vujuda keldi, bu "tasavvurdagi jamoa" Fitrat va uning shogirdi Fayzulla Xo‘jayevning faol ishtirokida hozirgi O‘zbekiston shaklida hayotga tadbiq etilgan.

O‘zbek madaniy ijodkorlik doimo davlat institutlariga parallel ravishda yoki ulardan tashqarida olib borilganiga guvoh bo‘lamiz:

  • 1921-yili til va orfografiya islohotiga bag‘ishlangan birinchi qurultoyni tashkil etgan Chig‘atoy gurungi ham;
  • 1922 va 1923-yillarda birinchi o‘zbek talabalarini xorij universitetlariga yuborgan xayriya jamg‘armalari;
  • yoki «Yangi hayot do‘stlari» ham davlat bilan rasman bog‘liq bo‘lmagan. Bu tashkilotlarning barchasi keyinchalik davlat tomonidan taqiqlab qo‘yilgan.


"Perestroyka" davri va ilk mustaqillik yillari bilan bog‘liq nimaiki ijobiy yutuqlar bo‘lsa (eng asosiysi, Mustaqillik e’lon qilinishi, til muammosi ko‘tarilishi, erkinlik uchun parlamentdagi kurashlar, paxta zo‘ravonligiga qarshi kurash va hk.), bular ham ziyolilar faoliyati bilan bog‘liq, amaldorlarning emas. Ba’zi dalillarga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati pinhona SSSRni saqlab qolmoqchi bo‘lgan GKCHP tarafida bo‘lgan va Mustaqillikni majburan (jumladan, ziyolilar bosimiga javob sifatida) e’lon qilgan.

Demak, bugun ham til islohoti (hamda qator boshqa muhim tashabbuslar) yana o‘sha ziyolilar va jamoatchilikning “farzi kifoyasiga” aylangan.

Ortiq, davlatdan hech narsa kutmasdan, bu vazifaga jamiyatning o‘zi ega chiqishi kerak. Hukumatdan sado chiqmaydiganga o‘xshaydi, chiqsa ham biz kutgan natijani bermasa kerak.

Sardor Salim

Bloger va jamoatchilik faoli.

(Feysbuk sahifasidan olindi)

Tahririyatdan: OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtayi nazari tahririyat nuqtayi nazarini aks ettirmaydi.