"Paxta urushdan yaxshi". O‘zbek faollari Mironovning viza tahdidiga javob berdi

Rossiya Davlat Dumasi deputati Sergey Mironov.

Rossiya Davlat dumasining “Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu” fraksiyasi rahbari, deputat Sergey Mironov O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulligi fuqarolarni Rossiya armiyasida xizmat qilmaslikka chaqirganidan darg‘azab bo‘ldi.

Qozondagi konsulxona 14-oktyabr kuni vatandoshlarga xorijiy davlatlar hududida harbiy harakatlarda ishtirok etish oqibatini eslatib, JKga zid ushbu harakatni sodir etgan fuqarolar “istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishi”dan ogohlantirgan edi.

19-oktyabr kuni Davlat dumasi deputati Sergey Mironov O‘zbekiston bilan viza rejimini joriy qilishga chaqirdi.

“O‘zbekistonning Qozondagi bosh konsulligi O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya armiyasi saflariga qo‘shilmaslikka chaqirdi. Nega ular (fuqarolarini) suyunchi pulini olmaslikka undamaydi? Boshqa imtiyozlardan foydalanish mumkin-u, lekin sizni boqayotgan mamlakatni himoya qilish mumkin emas ekan-da! Viza rejimi bilan hammasi hal bo‘ladi! Faqat shu yo‘l bilan! Bunday “fuqarolar”ning boridan yo‘g‘i yaxshi”, deb yozgan Mironov X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

O‘zbekistonlik deputatlar va faollar rus siyosatdonining bu fikriga keskin e’tiroz bildirdi.

“O‘zbeklardek barakali xalq haqqini mehnat qilib topadi, odam o‘ldirib emas. Rossiyani esa Mironovning o‘zi, o‘g‘illari, kuyovlari, nevaralari himoya qilishi kerak. Bilishimcha, ruslar ham Vatanni himoya qilishni o‘zbeklardagidek muqaddas burch hisoblaydilar”, deb yozdi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Telegram-kanalida.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja fikricha, o‘zbekistonlik migrantlar rus zaminida ishlab shunchaki qornini to‘ydirib qolmay, Rossiya yuqori tabaqa vakillarining boyishiga ham hissa qo‘shmoqda.

“Mironov janoblari uchun alohida tushuntirish berib o‘tsam: mamlakatimiz fuqarolari RF hududida VAQTINCHA yashashadi. Ular sizning fuqarolaringiz ishlashga bo‘yni yor bermagan jabhalarda mehnat qilar ekan, faqat o‘zlarini boqishmaydi. Sizdan farqli o‘laroq ular bir burda nonini peshona teri bilan, qon yutib topadi. Ayni paytda ular farzandlari safarbarlikdan qochib “chirigan Yevropa va Amerika”dan boshpana topgan Rossiya isteblishmentining marginal va korrupsiyalashgan qatlami boyishiga ko‘maklashadi”, deb yozdi Qudratxo‘ja rus tilidagi postida.

U, shuningdek, Rossiyaning viza rejimi tahdidiga javob chora sifatida O‘zbekistondagi rus relokantlarini paxta terimiga yuborishni taklif qilgan.

Rossiya bilan diplomatik mojarolar fonida jamoat faollari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga “istalmagan shaxslar” ro‘yxatini shakllantirish taklifi bilan chiqqandi.

Oliy Majlis Senati joriy yil 20-sentyabr kuni chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekistonda nomaqbul deb topishga doir qonunni ma’qulladi.

Faollar “O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashgan” Mironovni ham ushbu ro‘yxatga tirkash va person non grata deb topishni taklif qilmoqda.

“Afsuski, yuqori martabali siyosatchining bu gaplari Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan aloqalarni buzish uchun bahona qidirayotganini ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda janob Mironovga savol: agar O‘zbekiston o‘z hududida ishlayotgan rus fuqarolarini O‘zbekiston manfaati uchun qayergadir urushga jo‘natganida Rossiya diplomatik vakolatxonalari indamay turisharmidi? Keyin, O‘zbekistonda ham qarshi tomonga nisbatan xuddi shunday viza rejimi joriy etish imkoniyati borligini unutmaslik kerak. Menimcha, O‘zbekiston uchun nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga Zaxarovadan so‘ng kim kiritilishi kerakligi ko‘pchilikka tushunarli bo‘lgan bo‘lsa kerak”, deb yozdi Ekologiya vaziri maslahatchisi va jamoat faoli Rasul Kusherboyev.

“Yuksalish” harakati raisi, parlament deputati Bobur Bekmurodov bunday tajovuzkor ritorika ikki davlatning ittifoqchilik munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi degan fikrda.

“Birinchidan, biz vatandoshlarimiz boshqa davlatning urushlariga jalb qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz. Konsulligimiz fuqarolarimizni O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan harakatlardan himoya qilishi tabiiy va adolatli. Ikkinchidan, vatandoshlarimiz o‘z mehnatlari bilan Rossiyaning iqtisodiyotiga hissa qo‘shyapti. Ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid qiluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlikdir”, deydi Bekmurodov.

Bu so‘nggi bir oy ichida Toshkent va Moskva o‘rtasida kuzatilayotgan ikkinchi diplomatik mojaro.

Sentyabr oyida Toshkentdagi maktabda rus tili darsida o‘quvchiga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganiga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova norozilik bildirgan, faollar buni O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashuv o‘laroq tanqid qilib chiqqan edi.

O‘shanda Zaxarovaning bayonotiga munosabat bildirmagan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Mironovning bahsli chiqishi borasida ham izoh berganicha yo‘q.