“Prezident qarori” iddaosi bilan fermerlar masjidda qo‘y so‘yib “ehson” qilishga majburlanmoqda

Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayev (o‘rtada) 27 -dekabr kuni "Qusam ota" masjidida fermerlardan olingan qo‘chqorni hokimlik ehsoni sifatida so‘ydirgani iddao qilindi

Qashqadaryo viloyati Koson tumani rahbarlari 2020 yilning so‘nggi haftasida tumanda mavjud har bir masjidda jonliq so‘yilishini buyurdi.

Bu haqda Ozodlikka bir-biridan mustaqil ravishda bir necha fermer xabar yubordi. Hokim g‘azabiga uchrashi ortidan Yangi yil kechasini IIBda o‘tkazish ehtimoli kuchli ekanini aytgan fermer va boshqa kosonlik tadbirkorlar o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘rashdi.

Fermer va tadbirkorlar¸ hokim topshirig‘i ijrosi uchun mas’ul o‘rinbosarlar – aka-uka Sultonmurod va Said Donayev hamda Ubaydulla Ochilov o‘zlaridan "vazni 30-40 dan kam bo‘lmagan qo‘yni hokimiyatga olib kelib topshirish"ni talab qilayotganini bildirdi. Ularga ko‘ra, bu “ehson” prezident "qarori" ekani iddao qilinmoqda.

Ozodlik bog‘langan Koson tuman hokimining ikki o‘rinbosari bunday ma’lumotni “yolg‘on” ekanini aytib¸ telefonini o‘chirib qo‘ydi.

“Hokim suratga tushishi uchun yana qurbonlik”

Ozodlikka murojaat qilgan kosonlik fermerlar 2020 - yilning so‘nggi 10 kunida fermer va tadbirkorlarni talash chegaradan oshganini aytadi.

Kecha bozor kuni hokim nomidan tuman Fermerlar kengashining raisi¸ hokim muovinlaridan biri Said Donayev rayondagi 24 ta hudud rahbariga telefon qilib¸ chorvasi bor fermerlar kechki 5 ga yig‘ilishga kelsin¸ dedi. Bormaslikning iloji yo‘q¸ hokim “xotinining qo‘ynida yotgan bo‘lsa ham olib kelasan”¸ deb uchastkovoyni yuboradi. 30 dan oshiq fermer keldi. Majlisni hokimning yana bir muovini Ubaydulla Ochilov o‘tkazdi”¸ - deydi Ozodlikka bog‘langan kosonlik fermerlardan biri.

Bu va Ozodlik gaplashgan boshqa fermerlarning aytishicha¸ hokim o‘rinbosarlari majlisda berilgan buyruqning bevosita prezident topshirig‘i ekanini qayta-qayta ta’kidlagan.

Kosonlik fermerlar¸ tuman rahbarlari tadbirkorlarni talash orqali uyushtirilayotgan ehson tadbirlarini o‘zlari uchun piar kampaniyasiga aylantirganini aytadi.

Prezident qarori bilan har bitta masjidda katta jonliq so‘yib¸ ehson chiqarish majburiy¸ dedi. Qaysi qarorligini aytmadi lekin. Har bittang kamida 30-40 kilolik qo‘chqor¸ bo‘lmasa¸ qoramol olib kelasan¸ dedi. O‘sha kuni hokimning o‘zi "Qusam ota" masjidida fermerlardan bittasi olib kelgan qo‘chqorni so‘ydirib¸ duoyi fotiha qildirdi. Go‘yo bu qurbonlikni o‘z hisobidan qilgandek¸ kekkayib rasmlarga ham tushdi. Ehson deyilgan qo‘chqorning kalla-pochasi va 2 kilocha go‘shtni qoldirib¸ qolganini bozorda sottirib yuborishdi. Xalqqa¸ Yangi yil oldidan hokimiyat kambag‘allarga ehson uyushtirdi¸ deb xabar tarqatishdi”¸ - deydi 27 - dekabr kungi voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor kosonlik tadbirkor.

"Kambag‘alga yordam berish bahona..."

Ozodlikka murojaat qilgan kosonlik fermer va tadbirkorlar tuman hokimligini kambag‘alllarga xayr-sahovat bahonasida o‘zlarini ochiqchasiga talayotganlikda ayblaydi.

Hokimiyat biz uchun gadoyxonaga aylangan. Ishi faqat ber-ber. Mart oyida go‘sht qimmatlab¸ 50 ming so‘m bo‘lib turganida¸ hammamizni qoramol so‘ydirib¸ 35 mingdan topshirishga majburlashdi. Keyin Sardoba balosi chiqdi. Yoz ichi ikki marta Sardobaga deb qoramol va qo‘y berishga majburlashdi. Tadbirkorlarning hisobidan so‘rab ham o‘tirmay¸ Sahovat fondiga deb pul yechib olishdi. Kimdandir 1 million¸ kimdandir 5 milliongacha. Keyin Qurbon hayiti¸ kam ta’minlangan¸ yetim-yesirlarga ehson qilamiz deb¸ 120 dan oshiq fermerdan shoxli mol¸ kichikrog‘idan qo‘y va qo‘chqor oldi. Hokimiyatda skladi bor. Ubaydulla Ochilov opkel¸ deydi¸ oborib beramiz. Biror joyda rasmiy ro‘yxat qilinmaydi¸ falonchi fermer yoki tadbirkor falon pullik¸ falon narsa topshirdi¸ degan hisob-kitob yo‘q. Bular tadbirkor¸ fermerni talab¸ bir qismini hokim nomidan tarqatib¸ rasmlarga tushyaptida¸ qolganini o‘zlari yeb yotibdi. Bunaqa ochiq talonchilikni hozirgacha ko‘rmaganmiz”¸ - deydi kosonlik yana bir fermer.

“Hokimiyatdagilarga qonun yo‘q...”

Kosonlik fermer va tadbirkorlar hokimiyat rahbarlarining bunday xatti-harakatlariga ochiq e’tiroz bildira olmasliklari¸ Ozodlikka ham o‘z shaxsini ochiqlamay turib gapirishlarini shunday izohlaydi.

Hokimlikdagilar ayrim fermerlarni o‘zlari muttaham qilib qo‘ygan. Sug‘oriladigan yerni chorva uchun berish mumkin emas¸ lekin ayrim chorvadorlarga berib qo‘ygan. Keyin¸ ayrim fermerlarning 10 gektarlab kadastrga kirmagan yeri bor¸ qo‘rqadi shuni olib qo‘yadi¸ deb. Shunga hokim nima desa¸ ichida so‘kinib¸ qarg‘anib bo‘lsa ham¸ aytganini olib borib beradi. Lekin bular hokimiyatdilarga yaqin katta fermerlar. Kichkina fermerda bunaqa narsa yo‘q¸ imkoni yo‘q. Ko‘pchiligi bir terimdan ikkinchisiga qarz bilan chiqadi. Hokimiyat ularni talayverib¸ gadoy qilib qo‘ygan. Lekin bularning ham krediti bor¸ hokim bankka aytib¸ siquvga oladi¸ MIBni yuboraman¸ soliqni tashlayman¸ moliya bosadi¸ deb qo‘rqitadi. Ozodlikka ochiq gapirsak¸ Yangi yil kuni qamab qo‘yishdan ham tap tortmaydi bular! Shunga hammamiz jim”.

Ozodlik suhbatdoshlari¸ agar hokimlikdagilarning haqiqiy maqsadi Hayit yoki Yangi yil arafasida nochor oilalar va yetim-yesirlarga xayriya ërdami uyushtirish bo‘lsa¸ buning o‘g‘rilik va korrupsiyaga imkon qoldirmaydigan jo‘n yo‘llari ko‘pligini aytadi.

Masalan¸ o‘zimiz yashaydigan mahallada nechta nochor oila borligini yaxshi bilamiz. Xayriya ko‘ngilli bo‘lsa¸ o‘zimiz ko‘ngildan chiqarib shularga go‘sht yo meva-sabzavot kiritib berishimiz mumkin. Haqiqiy yetimlar kimliginiyam bilamiz. Yo‘q¸ qo‘yishmaydi. Semiz qo‘y¸ falon million so‘m¸ falon kilo guruch¸ shakar¸ yangi kiyim-kechakni hokimiyatga olib kelasan¸ deb majburlaydi. Maqsad kambag‘alga yordam berish emas¸ fermer va tadbirkorni talash ekani shundoqqina ko‘rinib turibdi”¸ - deydi yana bir fermer.

Hokim o‘rinbosarlari “eshitmay qoldi”

Ozodlik 29 - dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimligining fermer va tadbirkorlar qayta-qayta tilga olgan o‘rinbosarlari – Said va Sultonmurod Donayev¸ shuningdek¸ majburiy ehson nazoratchisi ekani aytilgan Ubaydulla Ochilov bilan bog‘lanishga urindi.

Ubaydulla Ochilov¸ Ozodlik muxbiri muddaosini eshitishi bilan¸ “aloqaning yomonligi¸ o‘zining umuman eshitmayotganini” aytib¸ aloqani uzib qo‘ydi - keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Koson tuman hokimining iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari Sultonmurod Donayev esa¸ fermer va tadbirkorlardan kelgan shikoyat mazmunini eshitgach:

-Bu mutlaqo yolg‘on gap. Hech kim ularni qo‘y yoki ehson qilishga majburlayotgani yo‘q¸ bo‘lishi ham mumkin emas¸ - deb aloqani uzib qo‘ydi.

Kosondagi noroziliklar

Keyingi ikki oy davomida Koson tumanida amaldorlarning aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan xatti-harakatlari haqida Ozodlikka kelayotgan xabar va shikoyatlar ko‘payib bormoqda.

Hokimlik tomonidan o‘qituvchilarning o‘z kasbiy faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan ishlarga majburiy jalb etilayotgani¸ tadbirkorlarga noqonuniy o‘lpon solinayotgani¸ haydovchini kaltaklagan IIB xodimlarining jazosiz qolgani haqidagi aholi murojaatlariga mahalliy amaldorlar ularni yoppasiga inkor etish orqali munosabat ko‘rsatib kelmoqda.

Tuman hokimining o‘rinbosari (bugungi maqolada ham nomi tilga olingan) Ubaydulla Ochilovning o‘z qabuliga kelgan ayol bilan qatorasiga terilgan stul ustida yotib olib gaplashgani videosi ijtimoiy tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Hokim o‘rinbosari qabuliga kelgan fuqaro bilan nega yotvolib gaplashdi?

Hokim o‘rinbosari o‘z qilmishini “beli og‘rigani” bilan izohladi. Unga nisbatan biron chora ko‘rilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.