Qirg‘iz-tojik chegarasi: Vaziyat "barqaror", evakuatsiya qilinganlar uylariga qaytmoqda

Qirg‘iziston-Tojikiston chegara rasmiylari 13-aprelda o‘tkazgan muzokara paytida olingan surat.

Qirg‘iziston rasmiylari qirg‘iz-tojik chegarasining 13-aprelga o‘tar kechasi otishma yuz bergan hududida vaziyat hozirda barqarorligini aytmoqda.

Botken viloyati Laylak tumani hokimi o‘rinbosari Maqsatay Karimberdiyevaga ko‘ra, tumanning chegaraga yaqin joylashgan qishloq aholisi uylariga qaytgan.

Unga ko‘ra, qirg‘iz-tojik chegarasida 13-aprelga o‘tar kechasi sodir etilgan otishmadan keyin 17 mingdan ortiq odam mustaqil ravishda xavfsiz hududlarga chiqib ketgan edi.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi qirg‘iz-tojik chegarasidagi so‘nggi otishmada Qirg‘izistonning ikki askari jarohatlanganini bildirdi.

Ulardan biri Laylak tuman kasalxonasida yotibdi. Unga birinchi xirurgik yordam ko‘rsatildi va ahvoli o‘rtacha og‘ir deya baholanmoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmati Botken viloyati boshqarmasi rahbari Qiyalbek To‘lo‘nbayev hamda Tojikiston Chegara xizmatining So‘g‘d viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbari Xikmatullo Pirakov 13-aprelga o‘tar kechasi Tojikistonning "Ovchi-Qalacha" nazorat o‘tkazish punktida uchrashgan.

Tomonlar avval janjal chiqqan hududga jalb qilingan qo‘shimcha kuchlarni ortga qaytarishga kelishib olgani xabar qilingan.

Tojikistondagi manbalar Ozodlik radiosi tojik xizmatiga otishmada 27 yoshli tojik askari jarohatlanganini bildirgan.

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasining Chegara xizmati 12-aprel kuni Tojikiston bilan ikki marta otishma bo‘lgani to‘g‘risida xabar tarqatgandi.

Ikkinchi otishma Bishkek vaqti bilan soat 21:17 (Toshkent vaqti bilan 20:17)da boshlangan. Aytilishicha, tojik askarlari Qirg‘izistonning Dostuk qishlog‘iga minomyotlardan o‘q otgan.

Chegara xizmati tarqatgan xabarda ta’kidlanishicha, bu vaqtda qirg‘iz rasmiylari avvalroq Laylak tumanidagi Selkan ovulida sodir etilgan otishma yuzasidan muzokara o‘tkazish uchun Tojikistonga borgan edi.

“Voqea joyiga kuchaytirilgan tartibda yetib kelgan Tojikiston chegarachilari Qirg‘iziston harbiylariga qarata o‘q otishni boshlagan. Natijada ikki tomonlama otishma sodir etilgan. Bu otishma 30 daqiqa davom etgan”,- deyiladi qirg‘iz tomoni bayonotida.

Otishma Bishkek vaqti bilan 22:15 (Toshkent vaqti bilan 21:15) da yakunlangan.

Bundan avvalroq sodir eitlgan birinchi otishmada Tojikistonning bir askari yaralangani xabar qilingan.

Shu yil 27-yanvar kuni ikki davlat chegarasida bir necha soat davom etgan otishma chog‘ida Tojikiston tomonidan ikki kishi o‘lgan va 10 kishi yaralangan. Qirg‘iziston esa kamida 12 kishi yaralanganini bildirgan.

Chegaradagi eng yirik to‘qnashuv 2021-yilning aprel oyi oxirlarida sodir bo‘ldi. U “Golovnoy” suv taqsimlash obyekti joylashgan hudud uchun janjaldan kelib chiqqan. Bir necha kun davom etgan qurolli to‘qnashuv oqibatida qirg‘iz tomonidan 154 kishi yaralandi, 36 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘ldi. Tojikiston hukumati esa rasman 19 nafar qurbon va 87 nafar yarador haqida xabar bergan.