26-avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi parlamentining prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etayotgan navbatdan tashqari sessiyasida Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Murat Kamalov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Kamalovning lavozimdan ozod etilishiga uning "betobligi sababli vakolat muddatini oldindan to‘xtatish va egallab turgan lavozimidan ozod etish haqidagi murojaati" asos bo‘lgan.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning rasmiy Telegram-kanalida xabar berishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasininng yangi rahbari etib sobiq ichki ishlar vaziri Amanbay Tleubayevich Orinbayevning nomzodi tasdiqlangan.
Qoraqalpog‘istonning yuqori rahbariyatidagi o‘zgarishlar O‘zbekiston konstitutsiyasida "suveren" deb belgilangan hudud maqomining o‘zgartirilishiga qarshi shu yilning 1-2- iyul kunlari yuz bergan qonli namoyishlardan qariyb ikki oy o‘tib, amalga oshirilmoqda.
Kamalov 2020-yilda koronavirusdan vafot etgan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari Musa Yerniyazov o‘rnini egallagandi.
Rahbariyat o‘zgarishi Qoraqalpog‘istondagi qonli voqealardan qariyb ikki oy o‘tib amalga oshmoqda.
Iyul oyining boshida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston maqomining o‘zgartirilishiga qarshi ommaviy norozilik chiqishlari xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilgandi.
Nukus voqealari mustaqil O‘zbekistonning yangi tarixida 2005-yil mayidagi Andijon qatliomidan keyin eng qonlisi bo‘ldi.
O‘zbekiston rasmiylari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 1-2-iyul kunlari Nukusda tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlari chog‘ida 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan.
Norozilik namoyishlari ortidan 516 kishi qo‘lga olingan.
Mirziyoyev: Voqealarga xalq noroziligi sabab bo‘ldi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi 26-avgust kungi sessiyada Qoraqalpog‘iston rahbariyatini ikki oy oldingi voqealar uchun tanqid qildi.
Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi rahbarlar aholining ayrim ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topmaganini aytdi.
“Chunki bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar «xalqni rozi qilish» degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan”, dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari Qoraqalpog‘istondagi ijtimoiy muammolarga to‘xtalib, ichimlik suvi, ichki yo‘llar, elektr ta’minoti, ishsizlik, narx-navo yuzasidan bildirilayotgan shikoyatlar yuqoriligicha qolayotganini aytdi.
"Afsuski, ayrim rahbarlar xalqimizga xalol xizmat qilish o‘rniga farovonligini ta’minlashga yo‘naltirilgan mablag‘larni samarasiz sarflash, yaratib berilgan imkoniyatlarni ishga solmaslik, el-yurt uchun jonini berib ishlamaslik holatlariga yo‘l qo‘yib kelmoqda", dedi Mirziyouev.
Qoraqalpog‘iston Respublikasininng yangi rahbari lavozimiga nomzodi ko‘rib chiqilayotgan Amanbay Orinbayev 2016-2017-yillarda Nukus shahar IIB boshlig‘i bo‘lgan.
2017-yilning mayidan Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘i, 2019- yilning martidan 2020-yil fevraligacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
So‘ngra ikki yil Qoraqalpog‘iston IIV Jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
2022-yil martida Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vaziri etib tayinlangan.
2022-yil iyulidan hozirga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.
Britaniyada yashovchi Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi Fransisko Almosning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, Mirziyoyev kuch ishlatar tizimlaridan chiqqan odamni Qoraqalpog‘istonga rahbar etib tayinlab, tartibsizliklar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uning uchun prioritet ekanini ko‘rsatmoqda.
"Prezident Mirziyoyev bir tomondan mintaqani yanada ko‘proq ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida nutq so‘zlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan parlamentning yangi raisi lavozimiga ichki ishlar vazirligidan chiqqan odamni rais etib tayinlayapti.
Bu bilan janob Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshida bo‘lgan voqealarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uning uchun prioritet ekanini ko‘rsatmoqda", deydi ekspert.
Nukus shahrida yashovchi faol Azimboy Otaniyozov fikricha, ichki ishlar tizimidan chiqqan odamning Jo‘qorg‘i Kenges raisi etib tayinlanishi Qoraqalpog‘iston huquq tizimlarining total nazorati ostiga olinayotganini ko‘rsatadi.
"Sobiq Ichki ishlar vaziri, uzoq yil shu tizimda jamoat tartibini saqlashga mas’ul lavozimda ishlab kelgan Amanbay Orinbayevning rais bo‘lishi Qoraqalpog‘iston, "Politseyskiy davlat"ga aylanishi xavfini ko‘rsatadi, shunday ehtimolni o‘rtaga chiqaryapti. Qoraqalpog‘iston total nazorat ostiga olinayotgani belgisi bu", - deydi Azimboy Otaniyozov.
Mustaqil tergovga savollar
Nukusdagi qonli namoyishlardan ikki oy o‘tib ham ko‘plab savollar ochiq qolmoqda.
Jumladan, namoyishchilarga kuch qo‘llashga kim buyruq bergan?. Hibsga olinganlar qayerda?
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Bundan oldin xalqaro miqyosda Qoraqalpog‘iston voqealarini shaffof, ochiq, mustaqil tergov qilish chaqiriqlari yangradi, bunga javoban O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hodisalar "har tomonlama chuqur va xolisona" o‘rganilishini aytdi, bu jarayonga "jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollar ham jalb etilishi"ni bildirdi.
Qoraqalpog‘istonlik faol Azimboy Otaniyozovning aytishicha, qonli namoyishlardan ikki oy o‘tib, namoyishlarga aloqadorlikda gumonlanayotganlar yaqinlarini qattiq ta’qib ostiga olish, ichki ishlar bo‘limlariga chaqirib so‘roq qilishlar to‘xtamagan.
"Qamoqdan chiqarilganlarni qaytadan olib borib qamab qo‘ygani xolatlari ham bo‘lyapti. Ko‘pchilik qamalganlarni qayerdaligini bilmaydi. Ichki ishlar bo‘limiga chaqirib, so‘roq qilishlar hozir ham davom etyapti. Meni o‘zimni ham bugun, 26-avgust kuni IIB bo‘limiga chaqirib, ijtimoiy tarmoqdagi faoliyatim bo‘yicha so‘roq qilishdi, nima ish bilan shug‘ullanayotganim bilan qiziqishdi. Har kuni chaqirilayotganlar bor", - deydi Otaniyozov.
Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSh va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirgan.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi esa iyul voqealarini o‘rganish uchun komissiya tuzganini e’lon qildi va hodisani mustaqil tekshirishini bildirdi.
Ammo, ushbu komissiya xulosasi hanuz e’lon qilinmagan.
Britaniyada yashovchi Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi Fransisko Almos fikricha, Qoraqalpog‘istonda faollar, namoyishlarga aloqadorlikda gumonlanayotganlar ta’qib qilinar ekan ikki oy avvalgi voqealar haqida aksari hukumat a’zolari bo‘lgan komissiyadan xolis xulosani kutish qiyin.
"O‘liklar va yaralanganlarning haqiqiy sonini ham bilmaymiz hozir. Aksari hukumat a’zolaridan iborat komissiya haqiqatni ochib berishiga men ishonmayman. Qolaversa, hukumat xalqaro tashkilotlar talab etayotgan mustaqil tergovga ruhsat berishi dargumon", - deydi Almos.
Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Bryus Pannierning fikricha, Qoraqalpog‘istonda namoyishchilarga kuch qo‘llashga kim buyruq bergan, degan savol ham hanuz ochiq qolmoqda.
“O‘zbekiston hukumati rasman 21 kishi o‘ldi, deyapti. Tarmoqlarda esa raqamlar bundan ancha ko‘p bulishi haqda aytilyapti. Namoyishchilarga kuch qo‘llashga kim buyruq bergan? Kuch qo‘llanilgani aniq. Mahalliy hokimiyat Toshkent bilan bemaslahat hech narsa qilmasligini ham bilamiz. Buyruq qayerdan berilgan? Bu savol ham ochiq qolmoqda. Qamoqqa olinganlar qayerda? Besh yuzdan ortiq kishi hibsga olingan. Ular qanday so‘roq qilindi? Mahalliy liderlar qayerda, qanday sharoitda ushlab turilibdi? Voqealarni yoritgan mahalliy jurnalistlar qaerda? Savollar ko‘p. Voqealarni o‘rganayotgan aksari hukumat a’zolaridan tashkil topgan komissiya vaziyatga xolis baho berishiga ishonish qiyin”.
- Shu yilning 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahririda Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va referendum orqali O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga taklif qilingan o‘zgarish shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning qoraqalpoq segmentida qizg‘in muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi;
- 1-iyul kuni Nukus markazida konstitutsiyaviy o‘zgartishlarga qarshi tinch namoyishlarga chaqirgan «El xizmetinde» gazetasi redaktori va faol Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi. Nukus markazida to‘plangan ko‘p sonli olomonning noroziliklari ortidan Tajimuratov qo‘yib yuborildi;
- O‘zbekiston Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, Tajimuratov "noqonuniy namoyishlarga chaqirgani uchun hibsga olingan. Tarafdorlari u qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham "tartibsizliklarni davom ettirishgan, kuch tizimlariga faol qarshilik ko‘rsatganlar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish va hokimiyatni ochiqcha bosib olishga uringanlar";
- 1-iyul kechasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Nukusdagi namoyishlar yuzasidan bayonot berib, yuz bergan voqealarga “konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilish” sabab bo‘lganini bildirdi. Vazirlik jamoat tartibini saqlash uchun qo‘shimcha kuchlar yuborilganini tasdiqladi;
- 2-iyul kuni Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi. Ammo 2-iyul tunida tarmoqlarda tarqagan videolardan prezidentning yon berishi norozilik namoyishlarini to‘xtata olmagani ko‘riladi;
- Prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan favqulodda holat e’lon qilish haqidagi farmonni imzoladi. Favqulodda holat 2022-yil 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar davom etishi bildirildi;
- 4-iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqeaalarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi; tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari; 500 dan ortiq odam ushlangan;
- Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSh va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
- 6-iyul kuni prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari jalb qilinishi, kuch tuzilmalarining harakatlari tahlil qilinishini aytdi;
- 16-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisining qonunchilik palatasi voqealarni o‘rganish uchun mustaqil komissiya tuzilganini e’lon qildi.
1-2-iyul kuni Nukusda yuz bergan voqealar O‘zbekistonda 2005-yil mayidagi Andijon voqealaridan buyon sodir bo‘lgan eng yirik zo‘ravonliklardir.
O‘zbek rasmiylari namoyishchilarga qarata o‘t ochilganini rad etishgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish etgan.
O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov namoyishlar "tinch boshlangani"ni e’tirof etgan va voqealar yuzasidan AQSh Kongressiga maxsus hisobot taqdim etilishini bildirgan.
Qo‘shni davlatlar, Rossiya va Xitoy voqealar bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining rasmiy pozitsiyasini qo‘llab quvvatlagan, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning hududiy butunligi va suverenitetini dastaklashini bildirgan.