Qozog‘istondan boshpana so‘ragan qoraqalpoq faoli ekstraditsiyaga yuz tutmoqda

Nuqusdagi namoyish. 1-iyul, 2022

Qoraqalpog‘istonlik faol Aqilbek Muratovga Qozog‘istonda boshpana berish rad etildi. Bu haqdagi tegishli qaror o‘tgan hafta oxirida chiqarilgan. Sud qarori Muratov ekstraditsiyadan himoyalanish huquqidan mahrum bo‘lgani va istalgan paytda O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi mumkinligini anglatadi. Huquq himoyachilari uning taqdiridan tashvish bildirmoqda.

Faolning advokati komissiya qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritmoqchi. Timur Yermashevga ko‘ra, Aqilbek Muratov 2022-yil yozida Nukusdagi tartibsizliklar tufayli Qozog‘istonda hibsga olingan yettinchi etnik qoraqalpoq edi.

"Qolgan oltitasiga siyosiy boshpana berish rad etilgan. Muratov o‘z taqdirini hal qilayotgan komissiya a’zolariga yo‘llagan maktubida rad javobi uning uchun kutilgan natija bo‘lishini yozgan edi. Xuddi shunday bo‘ldi ham", deydi advokat.

Aqilbek Muratov

Muratovning o‘zi qochqin maqomini berish bo‘yicha komissiya a’zolariga yozgan maktubida "Qachongacha mustaqil mamlakatning insoniy himoya masalasidagi ichki siyosati boshqa davlat rahbariyati pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi?", deb yozgan.

Aqilbek Muratov shu yilning 15-fevralida Olmaotada hibsga olingan. O‘zbekiston hukumati uni ommaviy tartibsizliklarga chaqirish va jamoat xavfsizligi hamda tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatishda ayblamoqda. Mart oyida uning qamoq muddati bir yilga, ya’ni 2025-yilning 15-fevraligacha uzaytirildi. Huquq himoyachilari Muratov O‘zbekiston hukumatiga topshiriladigan birinchi faol bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Qozog‘istondagi "Ar. Ruh. Haq" fondi rahbari Baxitjan Toregojinaga ko‘ra, hokimiyat o‘z siyosiy muxoliflarini ta’qib qilish orqali jamiyatga har qanday boshqacha fikr butun dunyo bo‘ylab ta’qib qilinishi xabarini bermoqda.

"Albatta, ular hech qanday tahdid tug‘dirmaydi. Ulardan na odam ko‘rinishida va na qurol ko‘rinishida tahdid bor", deydi faol.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Қонли намойишлардан икки йил ўтиб, фаолларга тақиблар кучаймоқда

Nukus voqealari bo‘yicha Qozog‘istonda hibsga olingan qoraqalpoq faollarining oldingi barcha ishlari ular ozodlikka chiqqandan keyin ko‘rib chiqilgan. Muratovga qamoq muddati tugamasdan rad javobi berilgani uning uchinchi davlatga ketish imkoniyati bo‘lmasligini anglatadi. Hozir Muratov ekstraditsiyadan himoyalanish huquqidan mahrum qilingan va u istalgan paytda to‘g‘ridan to‘g‘ri Olmaota qamoqxonasidan O‘zbekistonga yuborilishi mumkin.

"Liberty" jamg‘armasi rahbari Galem Ageleuovning fikricha, inson huquqlari byurosida ham ayollar, ham Aqilbek tomonidan matbuot anjumanlari o‘tkazilishi ijtimoiy tartibsizlik qo‘zg‘ovchi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri qandaydir beqarorlikka olib keladigan harakat sifatida baholanishi mumkin emas. Yoki Qozog‘iston tomoniga topshirilgan ayblov xulosalarida aytilganidek, terroristik holat ham emas.

Muratovning advokati komissiya qarori ustidan shikoyat qilishini va buning uchun o‘n kun vaqti borligini ma’lum qildi. Faolning o‘zi o‘z maktubida O‘zbekiston hukumati tomonidan ilgari surilgan ayblovlar bema’ni ekanini va agar istasa, ularni osongina rad etish mumkinligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, huquq himoyachilari Qozog‘iston 1998- yilda ratifikatsiya qilgan Qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya xorijliklarni ularning kelib chiqishi yoki siyosiy e’tiqodi tufayli hayoti yoki erkinligi xavf ostida bo‘lgan mamlakatlarga topshirishni taqiqlaganini ta’kidlamoqda.

O‘zbekistonning Navoiy viloyatida tug‘ilib-o‘sgan, 10 yildan beri Olmaotada yashayotgan Aqilbek Muratov Qozog‘istondagi yurtdoshlariga yordam ko‘rsatib kelayotgan edi.

O‘zbekiston tomoni uning JKning ikki moddasida aylab, Qozog‘istondan ekstraditsiyasini so‘ragan. Shu so‘rov asosida Muratov joriy yil 16-fevral kuni Olmaotada qo‘lga olingan edi.

Muratov 2022-yilning 1-2-iyul kunlari Nukusda bo‘lgan namoyishlar ortidan ayblangan va Qozog‘istonda qo‘lga olingan yettinchi qoraqalpog‘istonlik faoldir.

Qolgan olti nafar faolga ham bu davlatdan siyosiy boshpana berish so‘rovi rad etilgan.

Muratovga nisbatan Qoraqalpog‘iston IIV qarori, Nukus sudi ajrimi hamda Qozog‘iston tomoniga ekstraditsiya so‘rab kiritilgan iltimosnoma Ozodlik tasarrufida mavjud.

Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Aqilbek Muratov 2023-yilning 20-noyabrida qidiruvga berilgan.

Ayblovga asos qilib Muratov YouTube tarmog‘ida 2023-yil 10-oktyabrida e’lon qilgan video - qoraqalpoq faollari - Koshkarbay Toremuratov, Karlibay Bekmuratov, Berdimurat Pirnazarovning YHHT anjumanidagi chiqishi tilga olingan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Cуверен Ўзбекистондаги суверен Қорақалпоғистон. Тарихий контекст

Voqealar xronologiyasi

  • 2023-yilning 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahririda Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va referendum orqali O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga taklif qilingan o‘zgarish shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning qoraqalpoq segmentida qizg‘in muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi;
  • 1-iyul kuni Nukus markazida konstitutsiyaviy o‘zgartishlarga qarshi tinch namoyishlarga chaqirgan «El xizmetinde» gazetasi redaktori va faol Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi. Nukus markazida to‘plangan ko‘p sonli olomonning noroziliklari ortidan Tajimuratov qo‘yib yuborildi;
  • O‘zbekiston Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, Tajimuratov "noqonuniy namoyishlarga chaqirgani uchun hibsga olingan. Tarafdorlari u qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham "tartibsizliklarni davom ettirishgan, kuch tizimlariga faol qarshilik ko‘rsatganlar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish va hokimiyatni ochiqcha bosib olishga uringanlar";
  • 2-iyul kuni Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi. Ammo 2-iyul tunida tarmoqlarda tarqagan videolardan prezidentning yon berishi norozilik namoyishlarini to‘xtata olmagani ko‘riladi;
  • 4-iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqealarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi; tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari; 500 dan ortiq odam ushlangan;
  • Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSH va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
  • 6-iyul kuni prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari jalb qilinishi, kuch tuzilmalarining harakatlari tahlil qilinishini aytdi;
  • 16-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisining qonunchilik palatasi voqealarni o‘rganish uchun mustaqil komissiya tuzilganini e’lon qildi.
  • Voqealardan so‘ng O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonning yuqori hokimiyatida qator kadrlar o‘zgarishi yuz berdi, jumladan, referendumga bosh-qosh bo‘lgani aytilgan Prezident administratsiyasining qudratli rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov lavozimidan olindi.
  • Yangi konstitutsiya bo‘yicha referendum bir necha marta kechiktirildi - va nihoyat, o‘tgan yilning 30-aprelida o‘tgan referendumda O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasi qabul qilindi, unda Qoraqalpog‘istonning "suveren" va O‘zbekistondan "ajrab chiqish huquqi" saqlab qolindi.