"Qulagan imoratlarimizga boqing!". Tarmoqni titratgan trendlar

Jizzaxda 10 - yanvar kuni qulab tushgan yangi qurilayotgan turarjoy binosi - O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Kundalik xabarlarni gazeta sahifalari yoki TV ekranlaridan emas, balki ijtimoiy tarmoqlardan o‘qish O‘zbekistonda allaqachon trendga aylanib ulgurdi. Ozodlik seshanbadan seshanbagacha tarmoq muhokama qilgan asosiy xabar va mavzularga nazar tashladi.

O‘zbek segmentiga atalgan kontentlar trendini o‘rganish chog‘ida Ozodlikka Rossiyada "Yilning eng mashhur blogeri" deya e’tirof etilgan 28 yashar Iskandar Qodirov hamrohlik qildi. Iskandar Makedonskiy tahallusi bilan blog yuritadigan Qodirovning tarmoqlarda yarim milliondan ko‘p obunachisi bor.

Iskandar Qodirov

Olti platforma olti qavatli uy qulashini olti tarafdan yoritdi

Iskandarga ko‘ra¸ o‘zbek segmenti O‘zbekiston¸ Rossiya¸ Qozog‘iston¸ Turkiya¸ Koreya, Qirg‘iston va Koreyadan turib oltita asosiy platforma (TikTok¸ Instagram¸ Feysbuk¸ Yutyub¸ Tvitter, Telegram)da faoliyat yuritadigan minglab blogerlar yuklagan kontentlardan tashkil topadi.

"Salom gruppadagilar" film posteri

Suhbatdoshga ko‘ra¸ seshanbadan seshanbagacha bo‘lgan davrda barcha platformalar Jizzaxda qulagan 6 qavatli uyni muhokama qildi.

"Qulagan imoratlarimizga boqing!"

Amir Temurga nisbat beriladigan « Qudratimizga shubha qilsangiz qurgan imoratlarimizga boqing!» degan qanotli ibora keyingi bir necha kun ichida turli variantlarda mem sifatida ishlatildi.

Shaxnoza Soatova qoldirgan yozuv

8 - yanvar kuni bloger Shahnoza Soatova o‘zining Feysbuk sahifasida “Agar korrupsiyaning qudratiga shubha qilsang, qulayotgan inshootlarga boq!” deb yozdi.

10 - yanvar kuni esa muallif “Yo korrupsiyani bir nima qilib jilovlaymiz, yo hammamiz qulayotgan biron inshootning tagida qolamiz bu ketishda” deya post qoldirdi.

Yana bir tarmoq faoliga aylangan jurnalist Shohira Hamro “O‘zbekfilmda” suratga olingan filmdan parcha qo‘yib, “kinochilar zamondan oldinda yuradi” deya yozib qo‘ydi.

Murod Rajabov rol o‘ynagan filmda endigina qurilgan ulkan devor ag‘darilib ketgani aks etgan.

10 - yanvar kuni Jizzax shahridagi Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan 6 qavatli uy qulab tushgan edi. Bundan oldin Namangan shahar Davlatobod tumanidagi Shimoliy Farg‘ona kanali ustiga qurilgan yangi ko‘prik hali bitmasidan suvga qulagan.

37 metrlik ko‘prik qurilish ishlari oxiriga yetmasdan, o‘rtasidan bo‘linib ketgani ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi.

Onasining yuziga tort bilan urdi

«Tosh bilan emas, osh bilan ur» degan o‘zbek maqolini amalda ko‘rsatgan tiktokchi bola TikTok platformasida joylashtirgan video yashin tezligida boshqa platformalarga tarqalib, g‘azabnok muhokamalarga sabab bo‘ldi.

9 - yanvar kuni tarqalgan videoda tiktokchi bola onasining tug‘ilgan kunida volidasining yuziga tort bilan uradi.

Keyinchalik tiktokchining qozog‘istonlik ekani ochiqlangan bo‘lsa ham, o‘zbek blogosferasida muhokama to‘xtagani yo‘q.

Islom sivilizatsiyasi markazining dindor xodimidan tortib qo‘qonlik aravakash blogergacha «ona yuziga tort otgan badbaxt ("iflos"¸ "nonko‘r"¸ "manqurt"¸ "laykxo‘r" kabi o‘nlab sifatlar ishlatildi) jazolanishini talab qilishdi.

YouTube portalida shoirlar tiktokchi bolani la’natlab she’rlar o‘qidi. Bu chaqiriqlar ortidan O‘zbekiston IIV matbuot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov video chiqish qilib, “jamoat tartibini buzgan tiktokchilar 15 sutkagacha qamoq" bilan jazolanishi haqida ogohlantirdi. “Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarning TikTok platformasida fuqarolarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni o‘zlariga e’tibor jalb qilish maqsadida turli masxaraomuz, odob-axloq qoidalariga zid harakatlari tasvirlangan videolarini ko‘plab kuzatyapmiz. Hurmatli ota-onalar, farzandlaringizning tarbiyasiz va odobsiz qiliqlariga ko‘z yumsangiz, biz bunday axloqsizlikka yo‘l qo‘ymaymiz. Esingizda bo‘lsin, farzandingizga ham buni uqtiring”, - dedi Shoxruh G‘iyosov.

G‘iyosov gapirgan paytda¸ onasining yuziga tort bilan urgan bola tasviri ko‘rsatildi.

Tarmoq javob berdi

Bloger va ayni paytda oliy ma’lumotli huquqshunos Iskandar Qodirov “tort bilan o‘z yaqinlari yuziga urib hazillashgan boladan jinoyatchi yasash” uchun huquqiy asos yo‘qligini aytdi:

“Bola o‘z uyida o‘z onasi bilan hazillashdi. Onaning yuziga tort yopishtirdi. Videoda onaning norozi bo‘lgani aks etmagan. Ona huquq organlariga shikoyatchi bo‘lib ariza yozmagan. Bu holda tort bilan urgan bolani huquqbuzar, deb jarima solishga ham asos yo‘q”, - deydi Qodirov.

IIV matbuot xizmati raxbari Shoxruh G‘iyosov chiqishi ortidan TikTokda yangi trend boshlandi. Toshkentlik gey va stilist o‘spirin “Adeyni a... siga” dez rep o‘qidi. Bu video, tiktokchi Diyora Abdujabborovaga ko‘ra, shu kunda "IIBga javob sifatida" eng ko‘p tomosha qilinmoqda.

Kanaldan o‘lik qidirish

Bloger Iskandar Qodirovga ko‘ra¸ seshanbadan seshanbagacha YouTubening o‘zbek segmenti Katta Farg‘ona kanalida oqib ketgan bolani qidirayotganlar aks etgan lavhalar bilan to‘lib-toshgan. O‘likni g‘avvoslar¸ oddiy xoda ko‘targan aholi, ba’zan esa dron uchirgan muhandilar ham qidirgan:

«Men «Xo‘rlangan o‘lik» degan ko‘rsatuv qildim bu haqda. Ot bilan qidirishyapti. Kimlardir kelib, kamera oldiga turib olib, o‘z muammolarini ham aytib tashlayapti. Bitta ashulachi kelib, o‘lik qidirayotganlarga ashula ham aytib berdi"¸ - deydi Iskandar Qodirov.

Metangaz mashmashasi

"Agar hafta davomida tarmoqda aylangan gaplarni askiya deb atasak, metangaz eng ko‘p ishlatilgan payrov bo‘ldi", - deydi Iskandar Qodirov.

YouTube¸ Instagram va Feysbuk hafta davomida Namangan shahrida joylashgan gaz to‘ldirish shoxobchalarining birida yoshi katta fuqaro vafot etgani haqidagi xabarlar bilan to‘ldi.

«Vodiy bozor» Telegram kanalida metangazga navbat qurboni bo‘lgan shaxsga oid ekani aytilgan muzlab qolgan "Jiguli" surati ham chop qilindi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

AËQShda metan gaz uchun ikki soatdan ikki kunga cho‘zilaëtgan navbat

«Kosonsoy tumani ‘Obodon’ mahallasida yashagan I.J. ‘Jiguli’ mashinasiga metangaz quyish uchun Namangan shahar ‘Yuksalish’ mahallasidagi ‘Namangan suyuqgaz’ kompaniyasi gaz quyish shoxobchasiga kelib, mashinasini surib harakatlantirib kelayotgan vaqtida to‘satdan asfalt yo‘lakka chap yuz sohasi bilan yiqilib, urilishi oqibatida chap yuz sohasi va bosh miya chap sohasidan olgan tan jarohati natijasida hodisa joyida vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Kosonsoy tuman hokimligi Axborot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra I.J. 67 yoshda, kasbi mexanik, to‘rt o‘g‘il va bir qizning otasi edi. Marhumning janozasi 10 - yanvar kuni asr namozidan so‘ng o‘qilgan.

Telegramdagi «Namanganliklar» kanalining xabar berishicha, marhum pensionerga tegishli «Jiguli» navbatda uzoq turib qolgani uchun muzlab qolgan.

Kanalning boshqa bir foydalanuvchisi navbatda turish vaqti kun sayin 6 soatgacha uzayayotganini ta’kidlaydi.

O‘zbekistonda 4 - yanvardan boshlab gaz-zapravkalar tong soat 5:00 dan 15:00 gacha, cheklangan tartibda ishlamoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad magistral gaz quvurlaridagi bosimni qayta tiklash ekani aytilgan.

"U baxtli ko‘zlarni ko‘raylik"

Moskvada istiqomat qiladigan o‘zbek qo‘shiqchisi Lola Yo‘ldosheva o‘zining Instagram sahifasiga erining suratini joylagani tarmoq muhokamasiga sabab bo‘ldi. Yo‘ldoshevaning muxlislari nega «erjonning ko‘zlariga qora ko‘zoynak chizib qo‘yilgan?» deya savol berishdi.

Lola Yo‘ldoshevaning turmush o‘rtog‘i aks etgan tasvir fotoshop vositasida o‘zgartirib qo‘yilgan edi.

Instagramdagi muxlislar «U baxtli ko‘zlarni ko‘raylik. Yo ko‘z tegishidan qo‘rqasizmi?» deb so‘rashdi.

Shu bilan birga, Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘ini kuylagan ashulachi Nasafiyning jarimaga tortilgani va Munisaning to‘yi to‘xtagani ham o‘zbek segmentida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan edi.

Lola Yo‘ldosheva suratga olgan klipdan skrishot

Feysbuk foydalanuvchilari esa, O‘zbekiston prezidentining dam olishdan qaytganini muhokama qildi. Feysbukdagi postlarga 11 - yanvar kuni Jizzaxdagi Markaziy harbiy okrugning artilleriya brigadasiga tashrif buyurgan prezidentning durbin bilan olislarga qarayotgani aks etgan rasmiy surat ilova qilindi. Ayrim foydalanuvchilar O‘zbekiston va Shimoliy Koreya rahbarlarining durbin ushlagan rasmlarida o‘xshashlik ko‘rganlar. Ikki surat yonma-yon qo‘yilgan postlarda «Farqini toping» degan istehzoli savol qo‘yilgan.

Tarmoq topishmog‘i

Ijtimoiy tarmoqlardagi trendlarni Ozodlik bilan birga kuzating.

Tarmoqlarning faol foydalanuvchisi bo‘lsangiz, fikrlaringizni biz bilan baham ko‘ring.

Eksklyuziv surat va videolaringizni bizning tarmoqlardagi platformalarimiz orqali bo‘lishishingiz mumkin.

Biz bilan bog‘lanish uchun:

Messenjer va imeyl

+420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram, Viber)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram, Viber)

ozodlikmail@gmail.com

ozodcomments@gmail.com

uzbekweb@rferl.org

skype: OzodSkype; OzodOvoz; OzodlikOnline