Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi uchrashuvdan ko‘p o‘tmay, Xitoy yetakchisi Si Szinpin Markaziy Osiyoga diqqat qaratdi va Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatlari dunyoni larzaga keltirishda davom etayotgan bir vaqtda, may oyida sammit o‘tkazish rejasini e’lon qildi.
Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlariga qaramay, Si va Putin o‘zaro munosabatlarida yangi davr boshlanganini e’lon qilishdi. Bu munosabatlar Markaziy Osiyo uchun katta ta’sir ko‘rsatishi tayin.
Kreml Markaziy Osiyoni o‘zining strategik orqa hovlisi deb ko‘radi, ammo mintaqadagi besh mamlakat uchun Xitoy asosiy iqtisodiy kuch sifatida Rossiya o‘rnini egallab bo‘lgan. Moskvaning Ukrainadagi urushi geosiyosiy va iqtisodiy to‘lqinlarni o‘zgartirdi va Xitoyning mintaqadagi roli oshdi. Xitoy diplomatik sammitlar va yangi tashabbuslar orqali Markaziy Osiyo hukumatlari Xitoy, Rossiya va G‘arb o‘rtasida muvozanat saqlash uchun qo‘llayotgan tartibni bo‘shashtirib yubordi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Tahlilchilar fikricha, Si-Putin sherikligi va hamkorligi kuchayarkan, Markaziy Osiyo endi avvalgidan ham noqulayroq vaziyatda qolgan.
“Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi o‘sib borayotgan hamkorlik Markaziy Osiyoni befarq qoldirmayapti, deb o‘ylamayman, – deydi Ozodlik bilan suhbatda Karnegi jamg‘armasi eksperti Temur Umarov. – Ammo ushbu davlatlar tashqi siyosatining bu katta o‘zgarishlarga qanday moslay olishi katta savol."
Yangi yo‘l topish
Bir paytlar Pekin Markaziy Osiyoda Rossiyani xafa qilmaslik uchun ehtiyotkorona yo‘l tutar edi, chunki Kreml mintaqadagi ta’sirini mustahkam himoya qilardi.
Ammo so‘nggi yillarda bu o‘zgardi.
Pekin Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) ko‘lami va miqyosini kengaytirdi va diplomatik hamkorlikni kuchaytirish, xavfsizlik kuchlarini ko‘paytirish orqali mintaqadagi yetakchi rolini quvvatlashga harakat qildi.
Sentyabrь oyida Si Szinpin Kovid-19 pandemiyasidan keyingi ilk xorij safarini Qozog‘istondan boshladi, so‘ng SHHT yillik sammiti uchun O‘zbekistonga bordi. Pekin Markaziy Osiyo davlatlari bilan ikki tomonlama diplomatik aloqalarni kuchaytirdi va mintaqa hukumatlari bilan Moskvadan alohida va ko‘proq muloqot qildi.
Xitoy rasmiylari Markaziy Osiyo rahbarlari bilan ham virtual sammitlar o‘tkazmoqda – may oyida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv mintaqa yetakchilari va Si o‘rtasidagi birinchi yuzma-yuz uchrashuv bo‘ladi.
Ammo rejalashtirilgan sammit urush boshlanganidan beri Xitoy ta’siri qanday kuchayib, Rossiya ta’siri susayib borayotganini ko‘rsatsa‑da, Umarovning aytishicha, Pekin va Moskva mintaqada raqobatlashmaydi.
“Men buni Moskvaning jig‘iga tegishga urinish, deb bilmayman. Xitoy mintaqada Rossiyani siqib chiqarishni, hatto uning o‘rnini bosishni ham xohlamaydi, – deydi u. – Aslida, [Xitoy] Rossiya bilan yaxshiroq muvofiqlikda ishlamoqda va bu Pekinning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi”.
21-mart kuni Moskvadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda Si va Putin Markaziy Osiyodagi umumiy manfaatlarini bayon qilib, “Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z suvereniteti va milliy taraqqiyotida qo‘llab-quvvatlash” hamda ularning suverenitetini himoya qilishda birgalikda harakat qilishlarini ta’kidladilar.
G‘arbning Yevroosiyodagi siyosati haqida gap ketganda, rangli inqilob haqida ogohlantirishlar Pekin va Moskvaning doimiy ishi bo‘lib kelgan.
Si bu atamani 2022-yil yanvarida Qozog‘istondagi tartibsizliklarni tasvirlash uchun ham ishlatgan.
Markaziy Osiyodagi bo‘lajak inqirozlar oldini olish bo‘yicha potentsial rejada Pekin siyosat va xavfsizlikdagi asosiy o‘yinchi rolini Rossiyaga topshirdi.
Ammo Pekinning Rossiya hamda Markaziy va Janubiy Osiyo bilan munosabatlarini o‘rganuvchi Frostburg universiteti professori Xayun Ma Ozodlik bilan suhbatda o‘shandan beri Moskvaning ta’siri pasaygani va mintaqa hukumatlari siyosiy jihatdan Moskvadan uzoqlashishga harakat qilganini aytadi.
“Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning siyosiy va harbiy tazyiqlaridan ko‘ra Xitoyning iqtisodiy va tinch rivojlanishini afzal ko‘rishi aniq”, deydi u.
Murakkab voqelik
Bu o‘zgarish Pekin uchun yangi imkoniyatlar ochdi, chunki u AQSH bilan raqobat kuchaygan bir paytda o‘zining g‘arbiy chegarasi bo‘ylab ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda.
Joriy yil oxirida Si Szinpin Markaziy va Janubiy Osiyo muhim o‘rin egallashi mumkin bo‘lgan Xitoy sarmoyaviy tashabbusi bo‘lmish “Bir makon, bir yo‘l”ga bag‘ishlangan jahon yetakchilarining uchinchi xalqaro forumiga raislik qiladi. Pekin va Moskva “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini Rossiya yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan uyg‘unlashtirish yo‘llarini izlamoqda. Xitoy Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini moliyalashtirishga rozilik bergan.
"Markaziy Osiyo davlatlari Xitoy-Rossiya munosabatlarini yaqindan kuzatmoqda, – deydi Ma. – Bir tomondan, Xitoy va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy bo‘lmagan sohalarda yaqinroq hamkorlik yaxshi yangilik emas. Boshqa tomondan, Xitoyning Markaziy Osiyo [va Rossiya] uchun iqtisodiy rejasi jozibador”.
Rossiya zaiflashgani va Moskvaning Ukrainaga asossiz hujumi tufayli mintaqa davlatlaridagi xavotirga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlari uning sanksiyalar tushovlab qo‘ygan iqtisodiyotidan unumli foydalanishga muvaffaq bo‘ldi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya millionlab markaziy osiyoliklar uchun asosiy manzil bo‘lib qolmoqda, muhojirlar o‘z uylariga yuborgan pul o‘tkazmalari bosqindan oldingi darajada turibdi yoki ba’zi hollarda hatto o‘sib bormoqda.
Rossiya va Markaziy Osiyo, xususan, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi ham 2022-yil fevral oyidan boshlab o‘sdi, chunki Moskva Yevropa importi o‘rnini qoplashi va o‘z mahsulotlarini sotishi kerak edi.
“Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyo uchun muhimdir va ular Yevroosiyodagi ikki yirik davlat bilan munosabatlarini xavf ostiga qo‘ymaydi, – deydi Umarov. – Buning salbiy tomoni shundaki, mintaqada G‘arb ta’siri muqarrar ravishda kamayadi”.