Belarus poytaxti Minskda 4-mayga o‘tar kechasi mamlakat mustaqillikni qo‘lga kiritgan ilk yillarda rahbar bo‘lgan Stanislav Shushkevich vafot etdi.
87 yoshli siyosatchi aprel oyi oxirlarida COVID-19 asoratlari bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. Ikki kundan so‘ng u kasalxonadan uyiga chiqarilgan.
Mazkur maqolada Belarusning birinchi rahbari hayotiga ayrim chizgilar berilgan.
“Xalq dushmani”ning o‘g‘li, AQSh prezidenti qotilining o‘qituvchisi
Stanislav Shushkevich 1934-yilning 15-dekabrida Minskda tug‘ilgan. Uning onasi Yelena Romanovskaya yozuvchi, otasi Stanislav Shushkevich shoir bo‘lgan.
Bo‘lajak siyosatchining otasi 1937-yildagi Stalin qatag‘onlari paytida 8 yilga qamalgan. 1949-yilda u yana qo‘lga olingan. Shushkevichning otasi 1957-yilda to‘liq oqlangan.
Ikkinchi jahon urushi paytida Shushkevich onasi va buvisi bilan natsistlar Germaniyasi ishg‘oli ostidagi Minsk shahrida yashagan va ular yahudiy bolani o‘z uylarida yashirishgan. Bu holat aniqlanib qolgan taqdirda, Shushkevichlar oilasi nemis fashistlari tomonidan qatl qilinishi mumkin edi.
Stanislav Shushkevich 1956-yilda Belarus davlat universitetining fizika-matematika fakultetini tamomlagan. Shundan so‘ng ilmiy faoliyatini boshlagan.
Ozodlik radiosi belorus xizmatining yozishicha, 1960-1961-yillarda Minsk radiozavodi konstruktorlik byurosida ishlagan Shushkevich bir vaqtning o‘zida AQSh fuqarosi Li Garvi Osvaldga rus tilidan dars bergan.
Keyinroq vataniga qaytgan Osvalьd 1963-yilning 22-noyabrida Texas shtatining Dallas shahrida AQSh prezidenti Jon Kennedini otib o‘ldirgan shaxs qatorida tilga olinadi.
Olim va muxolifatchi
1963-yildan Shushkevich ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. U qator kashfiyotlari uchun SSSR Ministrlar Sovetining mukofotlari va Belarus davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Shushkevich Belarus Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, Belarus SSRda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi unvonlariga ega.
Shushkevich 1989-yilda Belarusda tashkil etilgan “Vozrojdeniya” xalq harakati nomzodi sifatida SSSR xalq deputati bo‘lgan. U boshqa xalq deputatlari – Ales Adamovich, Vasil Bikov, Aleksandr Dobrovolskiy, Viktor Kornyayenko, Yuriy Voronejsev va Andrey Saxarov bilan birgalikda SSSR Oliy Sovetida tashkil etilgan ilk muxolifatchi guruh – Mintaqalararo deputatlar guruhini tashkil etdi.
Shushkevich 1991-yilning 19-avgustida Moskvada yuz bergan davlat to‘ntarishiga qarshi ochiqdan-ochiq bayonot bergan Belarusdagi besh kishidan biri bo‘ldi.
Mustaqillikka qarshi edi, biroq mustaqillikni e’lon qildi
Shushkevich 1991-yilning 24-avgustida Belarus SSR Oliy Soveti raisining o‘rinbosari sifatida mamlakat mustaqilligi deklaratsiyasi qabul qilinishiga qarshi chiqdi. U Belarusning SSSRdan mustaqil bo‘lishini “aqlga sig‘maydigan holat” deb qabul qilgan. Ammo Belarus SSR Oliy Soveti raisi Dementyev iste’fo bergani ortidan u 25-avgust kuni mamlakat aholisini mustaqillik e’lon qilingani bilan tabrikladi.
1991#yilning 18-sentabrida Oliy Sovet uni rais lavozimiga sayladi. 19-sentabr kuni esa Oliy Sovet mustaqil Belarusning bayrog‘i va gerbini tasdiqladi.
1991-yilning 8-dekabrida Belarusdagi Belovej o‘rmoni qo‘riqxonasidagi davlat rezidensiyasida Belarus Oliy Soveti raisi Stanislav Shushkevich, Rossiya prezidenti Boris Yelsin, Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Mazkur shartnoma SSSRning tugatilishi va tarqatilishiga asos bo‘ldi.
Prezidentlik saylovi va mag‘lubiyat
Shushkevich Belarusni boshqargan yillar mamlakat demokratik islohotlar o‘tkazgan va yevropacha taraqqiyot yo‘lini tanlagan davr sifatida tarixga kirdi.
1994-yilning 26-yanvarida Shushkevich Belarusning ayni paytdagi prezidenti Aleksandr Lukashenko va boshqa qator deputatlardan iborat muxolifat bosimi ostida Oliy Sovet raisi lavozimidan iste’foga chiqarildi.
1994-yilning 23-iyunida o‘tkazilgan prezidentlik saylovining birinchi bosqichida Shushkevich Vyacheslav Kebich, Zenon Poznyak va Aleksandr Lukashenkodan keyingi 4-o‘rinni egalladi. O‘shanda rasman unga saylovchilarning 9,91 foizi ovoz bergani qayd etilgan. Saylovning ikkinchi turida esa Belarusni shu kungacha boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘olib bo‘ldi.
Shushkevich so‘nggi kunlariga qadar Aleksandr Lukashenkoni va uning siyosatini tanqid qilib keldi. Shushkevichga ko‘ra, Lukashenko davlat miqyosida fikrlash salohiyatiga va yetarli darajadagi professionalizmga ega emas.
Shushkevich: Karimov mustabid, ammo Belarus diktatoridan yaxshiroq
Belarus Respublikasini demokratik davlat qilish uchun tirishgan¸ ammo vazifasini qo‘lidan boy bergan Stanislav Shushkevich Ozodlik bilan suhbatda 2014 va 2016-yillarda bergan intervyusida bir vaqtlari o‘zi yaxshi bilgan Islom Karimovning oxir-oqibat mustabidga aylanganidan taassuf bildirgan edi.
-Men O‘zbekistonda diktatura o‘rnatilganini va bu diktatura Islom Karimov tomonidan o‘rnatilganini yaxshi tushunaman. Ammo, bu qanchalik g‘alati eshitilmasin, men sizlarga havas qilaman. Chunki sizlar oliy darajada savodli diktatorga egasizlar. Uning diktator ekani o‘ta afsuslanarli. Lekin bizdagi kabi savodsiz diktator bo‘lganida, vaziyat bundan ham yomonroq bo‘lar edi, -degan edi Shushkevich 2014-yil 23-iyunida Ozodlikka bergan suhbatida.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
2016-yilning 29-avgustida, ya’ni O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov o‘limidan bir necha kun oldin Ozodlik bilan suhbatlashgan Shushkevich Islom Karimovni yaxshi bilgani, Toshkentga ikki marta borgani va Karimov bilan uzoq suhbatlar qurganini ta’kidlagan Shushkevich, Islom Karimovning diktatorga aylanib qolganidan afsus bildirgan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди