Soqolni tanqid qilgan xalq artisti Yodgor Sa’diyev virtual sazoyi qilindi

Konservativ dindor qatlam xalq artistini nishonga oldi

O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyevning soqol qo‘yish haqidagi tanqidiy fikrlari aks etgan video Uychi tuman (Namangan viloyati) hokimligi axborot xizmatining rasmiy sahifasida joriy yilning 17 - iyun kuni tarqalgani ortidan tarmoqning o‘zbek segmentidagi diniy kontent mansublari san’atkorga qarshi haqorat kampaniyasini boshlashdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tarafidan “xalqaro ekstremistik guruhlar faoliyatiga qo‘shilib, ularning harakatlarida ishtirok etayotgan, milliy va umuminsoniy xavfsizlikka raxna solayotganlikda” ayblanib qidiruvga berilgan 47 yashar Sodiqjon Muhammadiyev (Sodiq Samarqandiy) Youtube kanali orqali chiqish qilib Yodgor Sa’diyevni “dindan chiqqanlikda” aybladi.

Tarmoqdagi nizoli chiqishlari bilan tanilgan Islom madaniyat markazi xodimi Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) va boshqa o‘nlab yutuberlar Sa’diyevga qarshi haqoratli videochiqishlar qilishdi.

Videochiqishlarda Sa’diyev “jirkanch artist”, “o‘ldirilishi joiz bo‘lgan tog‘ut”¸ “Ayollar libosini kiygan hezalak” kabi haqorat va tahdidli so‘zlar bilan nishonga olindi.

Yutuberlardan biri Sa’diyevning “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklida o‘ynagan rolini misol keltirib “Lozim ishton kiyib likkillagan hezalaklar bizga nasihat qilib boshladi”, deya kesatadi.

Sa’diyevning ayol kishi rolini ijro qilgani aks etgan tasvir yonida soqoli uzun mullalar turgan surat montaj qilingan posterlar tarmoqning yirik platformalarida tarqalib xalq artisti Yodgor Sa’diyev virtual sazoyi qilindi.

Yodgor Sa’diyev boshqaruv elitasiga yaqin yuradigan san’atkor

Ozodlik 30 - iyun kuni Yodgor Sa’diyevning o‘zi bilan bog‘lanib qisqa suhbatlashdi. 16 - iyul kuni 75 yoshga to‘lishi bilan bog‘liq tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan xalq artisti shu kunda betob ekanligini aytdi. Ayni paytda bu betoblikning Internetdagi haqorat ma’rakasi bilan aloqasi yo‘qligi va "bu haqoratlar javob berib bo‘lmaydigan darajada tuban" ekanligini ham Sa’diyev ta’kidladi.

Sa’diyev nima degan edi ?

Burchagida Namangan viloyati Uychi tuman hokimligi matbuot xizmati logosi bor videoda Yodgor Sa’diyev soqol qo‘ygan o‘zbek yoshlari haqida mana bu gaplarni aytgan edi:

“Yigitlarning ko‘pi soqol qo‘yadigan bo‘lgan. Haliyam bir yigitdan so‘radim. Yoshing nechada desam 18 da dedi. Mindaaay soqol qo‘yibdi. (qo‘li bilan ko‘rsatadi- tahr.) Shayton soqol deydi buni. Shaytonga o‘xshaydi. Otangning soqoli bormi? Yo‘q! Ota o‘tirgan uyning tomiga chiqib bo‘lmaydi. Otadan oldin soqol qo‘yilmaydi qadrdonlar. Nima degani bu, desam. “Sunnat” dedi. “Sunnat” degani nima deb so‘radim. Jim! Payg‘ambarimiz qilgan ishlarning hammasi sunnat deyishdi. Bo‘lmasam o‘zingdan 18 yosh katta ayolga uylangin desam “Nega unaqa deysiz” deydi. Buyam sunnat.”

Bu gaplardan keyin Yodgor Sa’diyev “E’tiqod va taqvo iyakdan chiqqan bir tutam junda emas balki qalb va shuurda zuxur” bo‘lishini aytib ko‘kragi va miyasini qo‘li bilan ko‘rsatadi.

Nishondagi artist

Diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tayyorlash va tarqatishda aybli deb topilib, kuni kecha muassislari jarimaga tortilgan Azon.uz nashri xalq artistining bu gaplarini “diniy e’tiqod bilan bog‘liq his tuyg‘ularini haqoratlash”, deb atadi.

Ayni paytda Ozodlik suhbatlashgan huquqshunos Umid Davletov xalq artistini oshkora haqorat qilayotganlar ishida jinoyat tarkibi mavjudligini aytdi.

Tarmoq faoli shoir va jurnalist G‘ayrat Omon esa dunyoviy davlatda xalq artistiga dindorlar tahdid qilayotgani huquq- tartibot organlarining sukuti fonida yuz berayotganiga e’tibor qaratdi.

“Eng xavotirlisi, mutasaddi organlar jim kuzatmokda... Xech kimga xech qanday chora ko‘rmayapti. Yaqinda kuchada ro‘molsiz ayollarni sazoyi qilishni boshlashsa ham ajablanmayman”.

Ijodkorlar dindorlar xurujiga ilk marotaba nishon bo‘lmayapti. 2020 - yil oktabrida O‘zbek milliy akademik drama teatrining taniqli aktyori Muhammadali Abduqunduzov tarmoqlarda dindorlarning keskin tanqid va tahdidlari ortidan Injil kitobi audio variantiga ovoz berishni to‘xtatganini e’lon qilgan edi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti¸Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori bo‘lgan Abduqunduzov Ozodlik bilan suhbatda ko‘zi ojizlar uchun nasroniylar muqaddas kitobini ovozlantirish loyihasida qatnashgani ortidan tahdidlarga nishon bo‘lganini aytgan edi.

San’at – dunyoviy va diniy qadriyatlar to‘qnashuvi sahnasiga aylanmoqda

O‘zbekiston konstitutsiyasining 31-moddasida:

- Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi¸ deb yozilgan.

Tahlilchilar so‘nggi yillarda din davlatdan ajratilgan O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy, ayniqsa¸madaniy hayotga diniy nuqtai nazardan kelib chiqib baho berish tendensiyasining kuchayib borayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Hukumatning bu jarayonga oid xavotirlari¸ uni to‘xtatish uchun rejalagan harakatlar dasturi Ozodlik chop qilgan prezident maxfiy qarori va unga ilova etilgan "Yo‘l xaritasi"da aks etgan edi.

Yodgor Sa’diyevning Uychi tuman yoshlari bilan uchrashuvi ham ayni “yo‘l haritasi” asosida amalga oshirilgani haqida Ozodlikda ma’lumot bor.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelib¸ diniy erkinlik borasidagi siyosat bir qadar yumshashi ortidan ijtimoiy tarmoq va mahalliy matbuotda¸ayniqsa¸ san’atkorlarni Islomga amal qilmagani uchun qoralash¸ virtual sazoyi qilish kampaniyasi tez-tez bo‘y ko‘rsata boshladi.

Xususan¸ diniy ruhdagi mahalliy nashrlarda “ZO”R- TV” kanalida namoyish qilingan “Sevgi iztirobi” filmini turkchadan o‘zbekchaga dublyaj qilgan aktyorlar guruhi tahdid nishoni bo‘lgan¸ ularning ishi “haromligi”¸ ularning “bolasiga harom luqma edirgani” haqida yozilib, aktyorlarni sazoyi qilishga chaqirilgan edi.

Seriallarga ovoz berayotgan aktyorlar mahalliy nashrlar tomonidan “millatning ashaddiy xoinlari va munofiq”qa chiqarilishi ortidan ayrim san’atkorlar dublyajda ovoz berishni to‘xtatganini bildirgan edi.

“Bu ketishda san’atni yig‘ishtirib, g‘isht tashiyman. Yo Alisher Navoiy, yo Shukur Burxonov davrida yoki bir necha asrdan keyin tug‘ilishim kerak edi...”¸ degan edi turk serialini o‘zbekchalashtirgani uchun tanqidga uchragan aktyor Alisher Uzoqov.