Soqolsiz va soqolli. IIV qidiruvga berilgan 10 kishining suratlarini e’lon qildi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xalqaro ekstremistik guruhlarga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 10 nafar shaxsga nisbatan e’lon qilingan qidiruvni "mamlakatda diniy ekstremizm va terrorchilikka qarshi kurashning dolzarbligicha qolayotgani" bilan izohladi.

Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Ozodlik muxbiri bilan telefon orqali qisqa muloqotda "qidiruvdan boshqacha ma’no qidirmaslik kerak"ligini ta’kidladi.

15 - may kuni vazirlik “xalqaro ekstremistik guruhlar faoliyatiga qo‘shilib, ularning harakatlarida ishtirok etayotgan, milliy va umuminsoniy xavfsizlikka raxna solayotgan bir guruh shaxslarga nisbatan qidiruv e’lon qilinganligi" haqida ogohlantirdi.

Qidiruvga berilganlardan ayrimlarining ismi keyingi yillarda diniy ekstremizmda ayblangan o‘nlab o‘zbekistonliklarning ustidan o‘tkazilgan sud jarayonlarida tilga olingan.

Ichki ishlar vazirligining rasmiy saytida qidiruv e’lon qilingan 10 kishining ism-familiyasi, tug‘ilgan sanasi hamda ularning ikkitadan surati e’lon qilingan.

Ism-familiya va suratlardan boshqa ma’lumot yo‘q

Birinchi surat, aftidan, qidirilayotganlarning pasport yoki boshqa hujjat uchun tushgan suratlaridir: ba’zilari chetida muhr izi bor. Birinchi suratlarda 10 kishining birortasida ham soqol yo‘q. Ikkinchi suratlarda esa, ularning barchasi soqolli.

Suratlarga ilova qilingan qisqa matnda qidiruvga berilganlar to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot yo‘q.

“Ogohlik - davr talabi” degan Karimov boshqaruvi davridagi kabi an’anaviy sarlavha ostida berilgan matnda bugungi kunda internetda xalqaro tinchlikka xavf soluvchi, insonlar o‘rtasida shafqatsizlik va terrorni targ‘ib etuvchi ma’lumotlar ham juda ko‘pligi, foydalanuvchilar mana shu ma’lumotlarni o‘z zehni bilan farqlay olishi zarurligi uqtirilgan.

Matn muallifi - IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi internet foydalanuvchilarini "aldov qurboni bo‘lib qolmaslik"ka chaqiradi.

Matnda yozilishicha, qidiruvga berilgan 10 kishi “xalqaro ekstremistik guruhlar faoliyatiga qo‘shilib, ularning harakatlarida ishtirok etmoqda, milliy va umuminsoniy xavfsizlikka raxna solmoqda”.

Vazirlik mazkur shaxslar haqida biror ma’lumotga ega bo‘lganlarni hududiy ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqami orqali xabar berishini so‘ragan.

Vazirlik ismlari, tug‘ilgan sanalari va suratlari e’lon qilingan 10 kishining qachon qidiruvga berilganini bildirmagan.

Vazirlik rasmiy saytining “Qidiruvdagi shaxslar” sahifasidagi 3000 dan ortiq shaxs orasidan qidiruv e’lon qilingani 15 - may kuni xabar qilingan 10 kishini topib bo‘lmadi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov Ozodlikning “Bu ro‘yxat nega aynan shu kunlarda e’lon qilindi?” degan savoliga javoban “Bu e’lon zamiridan o‘zgacha ma’no qidirib o‘tirishga hojat yo‘q. Bu masala nafaqat bugun, balki har doim ham aktual bo‘lib kelgan”, deya javob qaytardi.

Iddaolar

15 - may kuni qidiruvga berilgani yoki oldinroq qidiruvga berilgani 15 - may kuni e’lon qilinganlarning ba’zilari ismi shu paytgacha o‘tgan sud ishlarida tilga olingani ma’lum.

2020 - yilning 7 - iyulida mahalliy matbuot DXX va IIV xodimlari hamkorlikda Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida “Tavhid va jihod katibasi” ning 11 nafar tarafdoridan iborat yashirin guruh faoliyatiga chek qo‘ygani haqida bildirgan edi.

Xabarda aytilishicha, guruhni tashkil etgan shaxs “diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lmish, hozirda Suriya va Turkiya davlatlarida qo‘nim topgan, asli qirg‘izistonlik laqabi “Abu Saloh” bo‘lgan Sirojiddin Muxtorov, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan “Abdulloh Zufar” laqabli Zofir G‘afforov va “Sodiq Samarqandiy” laqabli Sodiq Muhammadiyevlarning da’vatlarini tinglab, ularning ta’siriga tushib qolgan”.

“Abdulloh Zufar” laqabli Zofir G‘afforov va “Sodiq Samarqandiy” laqabli Sodiq Muhammadiyevlar 15 - may kuni e’lon qilingan ro‘yxatda bor.

Sodiq Samarqandiy - Sodiq Muhammadiyev

Mintaqaviy tahdidlarni o‘rganish markazi bundan 4 yil muqaddam e’lon qilgan maqolada "2017 - yilning boshlarigacha Istanbulda yashayotgan “jihodchi Sodiq Samarqandiy Suriyadagi terrorchi guruhlar uchun odam yollash bilan shug‘ullanib kelgani" iddao qilingan.

Oradan bir yil o‘tib, 2018 - yili e’lon qilingan maqolada Sodiq Samarqandiy jangari yollash ishi bilan shug‘ullanishni 2014 - yili boshlagani da’vo qilinadi.

Maqola muallifining iddaolariga ko‘ra, "Misrda ta’lim olib qaytgan Sodiq Samarqandiy Istanbulda madrasa ochib, unga markaziy osiyoliklarni jalb etadi va ular orasidan Suriyadagi terrorchi guruhlarga jangari yollash bilan shug‘ullanadi".

Muallifning iddao qilishicha, Sodiq Samarqandiy Turkiya xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilgan.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari qanday dalillar asosida Sodiq Samarqandiy va ro‘yxatdagi boshqa shaxslarni qidiruvga berganini ochiqlamayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining diniy mavzudagi chiqishlari bilan tanilgan Samarqandiy va boshqalarning ma’ruzalari yuzasidan maxsus ekspertiza xulosalari mavjud yoki yo‘qligi ham ma’lum emas.

O‘tmishda bu kabi qidiruv ro‘yxatlarida ayrim diniy ulamolar, jumladan, 2006 - yilda Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan Obidxon qori Nazarov singari ulamolarning ham nomlari keltirilgan.

Ozodlik O‘zbekiston IIV e’lon qilgan qidiruv va o‘ziga qarshi ilgari surilayotgan iddaolar yuzasidan munosabat olish maqsadida Sodiq Samarqandiyning vakiliga savollarni yo‘lladi, ammo hanuz javob olgani yo‘q.

Abdulloh Zufar - Zofir G‘afforov

Sodiq Samarqandiy haqidagi maqolalar muallifi 2020 - yilning 12 - aprelida e’lon qilgan navbatdagi maqolasida Abdulloh Zufarning shaxsiga oid ba’zi ma’lumotlarni ochiqlagan.

Aytilishicha, Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Zofir G‘afforov 2007 - yili 17 yoshida Qohiraga o‘qishga ketgan va o‘sha yerda hamyurti Sodiq Samarqandiy bilan tanishgan.

Maqola muallifining yozishicha, Sodiq Samarqandiydan boshlang‘ich diniy ta’limni olgan Zofir G‘afforov oradan uch yil o‘tib, “Al-Azxar” universitetiga o‘qishga kiradi. Sodiq Samarqandiy Turkiyaga ketayotib, o‘zi tashkil qilgan hujrani Zufar G‘afforovga qoldirib ketgani, u esa, Misr bo‘ylab markaziy osiyoliklarni izlab topib, ularga salafiylik g‘oyalarini singdirish, ularni jangarilikka yollash bilan shug‘ullangani to‘g‘risida yozilgan maqolada.

Aytilishicha, Misr xavfsizlik xizmatlari 7 yil deganda Zufar G‘afforovni odam yollash bilan shug‘ullangani uchun qo‘lga oladi va migratsiya qamoqxonasida 1 oy hibsda ushlab, O‘zbekistonga deportatsiya qiladi. Biroq muallifning yozishicha, O‘zbekistonga Turkiya orqali uchayotgan Zufar G‘afforovni Istanbulda Turkiya ma’murlari ozod qiladi.

Turkiya bilan ekstraditsiya to‘g‘risida bitim imzolangan

2018 - yilning 30 - aprelida O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida ekstraditsiya to‘g‘risida bitim imzolangan. Mazkur hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 - yil 26 - iyunda qabul qilingan.

Senat tomonidan 2018 - yil 28 - iyunda ma’qullangan va uni 2018 - yilning 2 - iyulida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti imzolagan.

Taqiqlangan saytlar

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2019 - yilning mayida sud tomonidan ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qilgan.

2018 - yil 30 - iyuldagi «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunning 14-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish sud tartibida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Oliy sudining 12 - mardagi hal qiluv qaroriga ko‘ra Internet tarmog‘ining «najot.info» va «hizb-uzbekiston.info» veb-saytlari hamda «Facebook», «Youtube» va «Telegram» axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlardagi 40 ta profil, kanal va sahifalar ekstremistik va terroristik deb topilgan.

O‘zbekiston IIV e’lon qilgan oxirgi qidiruv Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon diniy-ekstremistik va terrorchi guruhlarga aloqadorlikda gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan e’lon qilingan birinchi yirik qidiruv ro‘yxatidir. Islom Karimov boshqaruvi davrida bu kabi ro‘yxatlarni ichki ishlar idoralari, YPH postlari hamda jamoat joylarida ko‘rish mumkin edi. Ro‘yxatdagilar orasida siyosiy muxoliflarning ham ism-familiyalari bo‘lgan.

Mirziyoyev hokimiyatga kelgach minglab dindorlar huquq-tartibot idoralarining "qora ro‘yxati"dan chiqarildi va qidiruvga berilganlarning ayrimlari O‘zbekistonga qaytdi.