Suriyadan qaytarilgan ayollar va bolalar: Tarmoqlar ikkiga bo‘lindi

Suriyadan qaytgan ayollar va bolalarning ilk guruhi - Toshkent, 30 - may, 2019 - yil.

«Mehr – 3» operatsiyasi doirasida Suriyadan yana 98 kishining qaytarilishi ortidan tarmoqlarda qizg‘in bahs ko‘tarildi.

Ozodlikning bu boradagi xabarlariga izoh qoldirgan mushtariylarning bir qismi prezident Mirziyoyevni olqishlayotgan bo‘lsa, boshqa bir guruh ularning va mamlakatning kelajagidan xavotirda.

Diniy terrorizm va ekstremizmning qonli oqibatiga guvoh bo‘lgan ayollar va bolalarga ziddiyatli munosabat, Ozodlik gaplashgan ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, hoziroq hal qilishi lozim bo‘lgan qator muammolar mavjudligidan darakdir.

Xalqaro ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining, mavjud tahdid va ehtimoliy oqibatlarni bo‘yniga olgan holda, o‘z xalqaro majburiyatini bajarayotgani tahsinga loyiqdir.

Ayni paytda radikallashuv ehtimolining saqlanib qolayotgani ayrimlarda terror o‘chog‘idan qaytgan ayollar va bolalardan qo‘rquvni kuchaytirmoqda.

25 ayol va 14 nafari chin yetim bo‘lgan jami 73 bola

8 - dekabr kuni Suriya va Iroqdan olib kelingan 98 o‘zbekistonlikning 25 nafari ayol, qolganlari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Bular orasida 14 bolaning chin yetim ekani – na ota, na onasi borligi alohida urg‘ulandi.

Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, bular “yot g‘oyalar ta’siriga tushib xorijga chiqib ketgan, begona mamlakatda turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasidan ayrilib qolgan vatandoshlar.

Qaytarilganlar, avval qaytarilgan 2 guruhdagi vatandoshlar kabi, Toshkent viloyati “Bo‘ston” sog‘lomlashtirish reabilitatsiya markaziga joylashtirildi. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, ular darhol tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilgan, ularga kiyim-kechak va boshpana berilgan. Bolalar uchun darslar boshlangan.

2019 - yilda ham prezident topshirig‘iga ko‘ra, Suriya va Iroqdan jami 220 kishi – ayollar va bolalar olib kelingan edi.


"O‘zbekiston xalqaro majburiyatini bajardi"

Xalqaro hamjamiyat, xususan, inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari O‘zbekiston hukumatining urush hudididan o‘z fuqarolarini olib chiqish harakatini olqishlamoqda.

Janubiy Kaliforniya universitetining inson huquqlari bo‘yicha professori va AQSh Kongressining Inson huquqlari bo‘yicha eksperti Stiv Sverdlou, qator G‘arb davlatlari hanuz ikkilanib turgan ishni O‘zbekiston hukumati bajarganini aytadi.

“Inson huquqlari hamjamiyati buni olqishladi. Bu o‘rinda aytish lozimki, hali G‘arbiy Yevropa va AQSh hukumatlari bunday ishga hozirligini hanuz ko‘rsatmagan bir paytda O‘zbekiston yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xalqaro majburiyatlar nuqtai nazaridan o‘z fuqarolarini bunday vaziyatda tashlab qo‘yish – gumanitar bo‘hronga sabab bo‘ladi. Shu bois, O‘zbekiston kabi davlatlarning o‘z majburiyatlarini bajarayotganini biz olqishlaymiz”.

Ayni paytda huquq faoli, bu fuqarolarni repatriatsiya qilish hali ishning boshlanishi ekanini aytadi. Unga ko‘ra, bu shaxslarni radikallashuvdan qaytarish, normal hayotga moslashtirish va ayniqsa, bolalarning ruhiy sog‘ligini tiklash va bu jarayonda ularning huquqlarini saqlash kabi uzun va katta resurs talab qiladigan jarayon borligiga urg‘u berdi:

“Nazarimda bu ayollar va bolalar bilan fuqarolik jamiyati vakillari, mustaqil ekspertlar, nodavlat tashkilotlar, ayniqsa ayollarni himoya qiluvchi va ularga tegishli ruhiy-huquqiy yordam ko‘rsata oladigan nodavlat tashkilotlari ishlashi zarur. Chunki bu oilalarni de-radikallashtirish va zo‘ravon ekstremizm oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bo‘lishi lozim. O‘zbekistonning bu qadami ana shunday hozirlik ko‘rilgan, degan xulosani beradi. Ammo ta’kidlardimki, bu jarayonda fuqarolik jamiyati va mustaqil ekspertlar bo‘lmas ekan, zo‘ravon ekstremizmning oldini olish qariyb imkonsiz bo‘ladi”.

Tarmoqlar ikkiga bo‘lindi

Ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya Suriyadan qaytarilayotgan o‘zbekistonliklarga jamiyatdagi munosabat hanuz juda ziddiyatli ekanini ko‘rsatmoqda.

Facebook tarmog‘ida qoldirilgan sharhlar, 2020


Bir toifa “Islom davlati” terror tashkilotining tashviqotiga aldanib, urush hududlariga borib qolgan ayollarning bolalari bilan qaytarilishini olqishlamoqda.

Bundaylar fikricha, bu ayollarning aksari, ko‘rgan azobu uqubatlari ortidan xatosini anglagan va "prezidentning shunday marhamatiga loyiq"dir.

Facebook tarmog‘ida qoldirilgan sharhlar, 2020

Yana bir taraf sharhlovchilar, bu ayollarni yosh bolalari bilan Suriya va Iroqqa boshlagan – radikal va ekstremistik g‘oyadan qaytarish mumkinligiga ishonmayotir, ulardan jamiyatga tahdid bor, deya qo‘rqmoqda.

YouTube tarmog‘ida qoldirilgan sharhlar, 2020

Boshqa bir guruh nazarida esa, bu vatandoshlarga berilayotgan boshpanaga, aslida ish izlab xorijga ketgan, ayni paytda Rossiya va Qozog‘iston chegarasida palatkalarda yashayotgan yuzlab ayollar va bolalar ko‘proq munosib.

YouTube tarmog‘ida qoldirilgan sharhlar, 2020

Ayrimlar nazdida hukumat bu harakati bilan har qanday radikal guruhlar ham kechirilib, izzat-ikrom bilan qabul qilinishi mumkin ekan, degan noto‘g‘ri ishorani bermoqda.

Jurnalist va bloger Zafarbek Solijonov fikricha, ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar – O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov va hozirgi prezidenti Shavkat Mirziyoyev davridagi farqli diniy siyosat mahsulidir.

“Oldingi hukumat davrida dinga juda qattiq qarshi turilgan, soqol qo‘ygan, o‘rangan va bir joyga to‘planganlar doim avvalgi MXX nazoratida bo‘lgan, odamlar namoz o‘qishga qo‘rqib qolgan, diniy bilim berish umuman bo‘lmagan edi", deb yozadi u.

Solijonovning fikricha, qaytayotganlar tahdidi borasidagi xavotirlarga o‘rin yo‘q. O‘zbek kuch tizimlari ularni nazorat qilish bo‘yicha yetarli tajribaga ega.

"Davlat – IIV, DXX va uchastka inspektorlari, mahalla organlari bularni nazorat qiladi. Vaqtincha bo‘lsa ham bularning harakatlari nazoratda turadi. Agar yana radikallashadigan bo‘lsa, ularga chora ko‘riladi, deb o‘ylayman. Bizning davlat tashkilotilari, ayniqsa huquqni muhofaza qiladigan tashkilotlar buni juda yaxshi uddalaydi, bundan xavotir olmaslik kerak, deb o‘ylayman”.

O‘zbekistonlik ilk guruh - 156 ayol va bola "Mehr" insonparvarlik operatsiyasi doirasida 2019 - yilning 30 - mayida maxsus aviareys bilan Toshkentga olib kelingan. ​

2019 - yilning oktabrida “Mehr-2” amaliyoti doirasida ota-onasiz qolgan 39 o‘g‘il bola va 25 qiz Suriyadan qaytarilgandi.

Rasmiy bayonotlarda bu insonlarga hukumat tomonidan "tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilishi, ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishi, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratilishi, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi" aytilgandi.

Ammo, urush harakatlari sodir bo‘lgan hududlardan qaytgan va turmush o‘toqlari, yaqinlari bu urushlarda ishtirok etgan yoki o‘lgan bu ayollar orasida radikalizm, terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq ayblovlarda ayblangan yoki jazolanganlari ham bo‘ldimi yoki yo‘qmi - bu haqda Ozodlikda aniq rasmiy ma’lumot yo‘q.