The Insider bosh muharriri: Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi agentlari faqatgina Chexiyada ishlamagan

“The Insider” nashri bosh muharriri Roman Dobroxotov

“The Insider” nashri bosh muharriri Roman Dobroxotov Chexiyaning Vrbetitse qishlog‘idagi o‘q-dori omborlari portlashi va bunda chex hukumati Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (BRB – GRU)ning ikki josusi – 29155-sonli maxfiy qism zobitlari Anatoliy Chepiga va Aleksandr Mishkinlarni ayblayotgani yuzasidan izoh berdi.

Dobroxotovga ko‘ra, chex hukumati 2018 - yil oxirlaridayoq ombor aynan rossiyalik agentlar tomonidan portlatilgani to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan, ammo muayyan sabablarga ko‘ra ular endi e’lon qilinmoqda. Shuningdek, u ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Chexiyadagi portlashlardan tashqari, Bolgariyada yuz bergan xuddi shunday voqealarda ham Chepiga va Mishkinning qo‘li bo‘lishini mumkinligini aytadi.

Chexiya hukumatiga ko‘ra, GRU agentlari mamlakatda 2014 - yilning 11–16 oktabr kunlari bo‘lishgan va birinchi portlash sodir bo‘lgan 16 - oktabrda Rossiyaga jo‘nab ketishgan. Ikkovlon Chexiyaga Ruslan Boshirov va Aleksandr Petrov nomiga olingan soxta pasportlar bilan kirishgan.

Britaniya maxsus xizmatlari ushbu agentlar 2018 - yilda Sergey va Yuliya Skripallarni zaharlash uchun Buyuk Britaniyaga borganida ham shu pasportlardan foydalanganini iddao qiladi.

Yoyinlangan ma’lumotlarga qaraganda, Mishkin bilan Chepiga birinchi portlash yuz berishidan avvalroq Nikolay Popa (Moldova fuqarosi) va Ruslan Tabarov (Tojikiston fuqarosi) nomidagi pasportlar nusxasini ko‘rsatib omborga kirish uchun ruxsat olmoqchi bo‘lgan.

– Nima deb o‘ylaysiz, chex xavfsizlik xizmatlari Vrbetitsedagi portlashni kim uyushtirganidan xabar topganiga ancha bo‘lganmi?

– Biz ko‘rib turgan dalillar 2018 - yil oxiri – 2019 - yil boshlarida‑yoq chexlarning qo‘liga tekkan bo‘lsa kerak, chunki o‘shanda Mishkin bilan Chepiganing haqiqiy ismlarini fosh qilgan edik. Shuningdek, Petrov va Boshirov qalbaki familiyalar ekanligi va ular Pragaga uchib kelishgani ham ma’lum edi. Ya’ni o‘sha paytlardayoq tekshiruv o‘tkazish lozim edi. Bilishimcha, chex hukumati bu o‘rtoqlar bilan chinakamiga qiziqqan.

Shu bois, ular Chexiyaning aynan qayerlarida bo‘lgani to‘g‘risida chex maxsus xizmatlarida ma’lumot bordir, deb o‘ylayman. Ayni chog‘da, ular shunchaki "Petrov" bilan "Boshirov" mamlakatga uchib kelganidan voqifligini, soxta pasportlardan foydalanishgani sababli ularning mamlakat ichidagi harakat nuqtalarini bilmasliklari mumkinligini istisno etmayman. Balki shuning uchun ham tekshiruv uzoqqa cho‘zilgandir.

Chex jurnalistlaridan eshitishimizcha, mamlakatda putinparastlar va ularga qarshi kuchlar o‘rtasida jiddiy kurash bo‘lgan va hanuz davom etmoqda. Prezident Zeman va tarafdorlari bir tomondan, ularning muxoliflari, jumladan, kuch ishlatar idoralar xodimlari ikkinchi tomondan qattiq kurashmoqda. Binobarin, ushbu masalani qo‘zg‘amay turish uchun prezidentda va maxsus xizmatlarda qandaydir ichki siyosiy sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.

– Sizningcha, rossiyalik josuslar avval‑boshdan Chexiyada portlash uyushtirishni ko‘zlaganmi yoki, maxsus xizmatlar ta’kidlaganidek, portlashlar ushbu qurollar jo‘natilajak mamlakat – Bolgariyada yuz berishi kerakmidi?

– Juda qiziq savol. Hozirda maxsus xizmatlar, go‘yo portlash Chexiya hududida bo‘lmasligi kerakligini va tasodifan shunday bo‘lib qolganini iddao qilmoqda. Bu menga mutlaqo tushunarsiz. Birinchidan, maxsus xizmatlar portlash bevaqt sodir bo‘lganini qayoqdan bilgan? Ikkinchidan, umuman, “kechiktirilgan portlash”ni qanday rejalashtirish mumkin?

Texnik jihatdan bu men uchun butkul tushunarsiz. Biror joyga bomba qo‘yar ekansiz, uni boshqa mamlakat hududida portlaydigan qilib o‘rnatish nihoyatda murakkab ish. Qolaversa, barchasini Chexiya hududida portlatish mumkin bo‘lganida Bolgariya hududida buni amalga oshirishning nima hojati bor?

Bu yerda bir siyosiy ishora yo‘qmikan, deb o‘ylayman. Go‘yo: “Ko‘ringlar, chexlarning daxli yo‘q, qurollar boshqa mamlakatda portlashi kerak edi, tasodifan shunday bo‘lib qoldi”, degandek. Balki ikki mamlakat aloqalaridagi taranglikni shu tariqa bir oz yumshatmoqchi bo‘lishayotgandir.

Biz, ya’ni “Bellingcat” insayderlari ba’zi tafsilotlarni e’lon qilmoqchimiz. Chexlar tarqatgan ma’lumotlarni tekshirib, kattagina qismi haqqoniyligiga ishonch hosil qildik, shuningdek, Chexiya va Bolgariyada portlashlar aynan qanday yuz berganiga doir mayda tafsilotlarni topishga ham muvaffaq bo‘ldik. Esingizda bo‘lsa, taxminan o‘sha vaqtlarda, bir oz vaqt jtib Bolgariyada ham ikkita o‘q-dori ombori portlagan edi. Bular bari bitta katta voqeani tashkil qiladiki, uni yaxlit holicha hikoya qilish kerak.

– Chexiyada portlatilgan qurollarga Yemelyan Gebrevning daxli bormi?

– Ha, endi buni sir saqlashdan ma’no qolmadi. Menimcha, bu voqealarda Gebrev bevosita aloqadorligini hamma fahmlab bo‘lgandir, axir aynan u o‘sha omborlar orqali qurol-yaroq savdosini yuritardi-da. Portlashlardan bir necha oy o‘tib Gebrev, o‘g‘li (u otasi bilan birga ishlardi) hamda top-menejeri – uchovi asabni falaj qiluvchi modda (“Novichok” emasmikan?) bilan zaharlanishi ham aslo tasodif emas.

Darvoqe, ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgan bir g‘aroyib fakt: Finlyandiyaning VERIFIN laboratoriyasida saqlanayotgan Gebrevning tahlil natijalari sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan. Vladimir Kara-Murzaning tahlillari kabi.

Xullas, allaqanday siyosiy o‘yinlarni deb bizga axborot to‘laligicha berilmayapti. Ammo Chexiyadagi, Bolgariyadagi portlashlar hamda Gebrevning zaharlanishini – Kremlning qurol-yarog‘lar Ukrainaga yetib bormasligi uchun amalga oshirgan yirik maxsus operatsiyasi deb atash uchun yetarlicha ma’lumotga egamiz.

– Bu portlashlar qo‘poruvchilik harakati, maxsus operatsiya ekanligi boshidan ayon edimi?

– Ha, ikkinchi portlashdan keyin shubha qolmadi. Chexiyada birinchi portlashga aytarli parvo qilishgani yo‘q: nachora, harbiy omborlar goho portlab turadi-da. Lekin rosa bir hafta o‘tib birinchi ombordan bir chaqirim narida ikkinchi portlash yuz bergach, vaziyatni kuzatayotganlar bunaqasi tasodif bo‘lmasligi, qandaydir diversiya bo‘layotgani haqida gapira boshladi.

Barchasi Ukraina va Suriyada urush ketayotgan davrda ro‘y berdi. O‘shandayoq shubha-gumonlar faqat Rossiyaga qaratildi. Biroq matbuot bu voqealarni jiddiy yoritgani yo‘q, chunki boshqa mavzular ko‘p edi, chunonchi, jamoatchilik asosan Ukrainada yuz berayotgan voqealarni, Rossiyaning u yerdagi kirdikorlarini kuzatish bilan band edi. Shu sababli Chexiya va Bolgariyadagi voqealar panada ancha qolib ketdi.

– Vrbetitsedagi portlashlar va ikki kishining o‘limi uchun Rossiyani javobgarlikka tortsa bo‘ladimi?

– Mana, ishda dalil-isbotlar paydo bo‘la boshladi, muayyan huquqiy oqibatlarga ham navbat keladi, albatta. Ayrim oqibatlarni hozirdanoq ko‘rib turibmiz – men rossiyalik ayg‘oqchilar badarg‘a qilinayotganini nazarda tutyapman. Gap shunchaki 18 chog‘li diplomat haqida emas: Chexiya bu odamlar Tashqi razvedka xizmati (SVR) yoki GRUga ishlagan, deb ro‘y-rost aytmoqda. Bu o‘z-o‘zidan 18 kishining diplomat niqobida ayg‘oqchilik qilganini anglatadi.

Umuman olganda, bu diplomatiya me’yorlarining o‘ta jiddiy buzilishidir. Bitta elchixonaning shuncha xodimi mezbon mamlakatdan haydalishi jahon diplomatiyasi tarixida ilgari hech ko‘rilmagan holdir. Va bu Rossiya-Chexiya munosabatlarining ahvolidan darak berib turibdi.

Oxirgi bir yarim yilda Rossiya-Bolgariya aloqalarida ham tub burilish bo‘ldi: bolgarlar ham Rossiya diplomatlarini tez-tez badarg‘a qilib turibdi.

Bolgariyada ham, Chexiyada ham Rossiya maxsus xizmatlari elchixonalarni o‘zlarining mahalliy qarorgohiga aylantirib olgan ekan. Bolgariyadagi elchixona orqali butun Bolqon mintaqasi, Chexiyadagi elchixona orqali esa Markaziy Yevropa josuslar tarmog‘i bilan qoplab olingan.

– Rossiya bilan diplomatik aloqalar, unga nisbatan ikki tomonlama siyosat endi o‘zgaradimi?

– Rossiyaning Sharqiy va Markaziy Yevropa mamlakatlariga nisbatan tashqi siyosati strategik emas, balki taktik xarakterda edi, ya’ni u kechiktirib bo‘lmas muayyan vazifalarni bajarishga yo‘naltirilgandi. Va bu mamlakatlar hududida qotillik, terakt va zaharlashni o‘z ichiga olgan bundayin katta operatsiyalar amalga oshirilganda, ertami-kechmi, misi chiqishi boshidanoq ayon edi. Bu kirdikorlarni qilgan odamlar albatta topilishi, davlatning ishtiroki isbotlanishi ma’lum edi. Yopiq qozon bir kuni axiyri ochilishi kerak edi. O‘sha kun keldi, mana. Qilingan yomonliklar uchun javob berish fursati etdi.

Markaziy va Sharqiy Yevropani qo‘yaturaylik, Britaniyada Skripallar ishida ham shunday surbetlarcha ish tutishgan. Litvinenkoni zaharlab jazosiz qolishganida oxirigacha shunday davom etadi deb xomxayol qilishgan shekilli. Keyin Skripallarni ham bemalol zaharlasa bo‘ladi deb o‘ylashdi. Bunaqa bo‘lmaydi endi. Ertami kechmi, qilmishlaring badalini to‘laysan.

O‘ylab o‘yimga yetolmayman: naqadar kaltabin siyosat! Bolgariya va Chexiya, boshqa Bolqon davlatlari, Avstriya, Vengriya – Rossiyada inson huquqlari muttasil poymol etib kelinganiga, Ukrainada urush olovini yoqqaniga qaramay Rossiya bilan iliq munosabatda edi. Rossiya hukumati ularning hayotiga nihoyatda qo‘pollik bilan aralashib, davlat terroridan foydalanib xuddiki o‘z qo‘lini kesgandek bo‘ldi.

Eng asosiysi, portlashlar yuz bergan paytda dastlabki Minsk protokollari imzolanib bo‘lingan, ya’ni Ukraina bilan urushning asosiy qaynoq pallasi ortda qolgandi. Ya’ni teraktlarni sodir etishga hech qanday zarurat yo‘q edi. Xullas, har qanaqasiga olmang ahmoqona va shabko‘r siyosat olib borilgan.

Rossiya aybini tan olishi va portlashlar ijrochilarini topshirishi mumkinmi?

– Biz ushbu teraktlar, jumladan, Gebrevni zaharlashda ishtirok etgan deyarli barcha GRUchilarning tarjimai hollarini bilamiz. “Boshirov” va “Petrov”larni qo‘shib hisoblaganda o‘nga yaqin kishi, aksariyatining tarjimai holi davomini ham taxmin qila olamiz. Ular turli lavozimlarda va mintaqalarda Rossiya davlatiga ishlashda davom etmoqda. Ya’ni, ulardan birortasini kislota to‘la bochkada eritishganidan yoki imi-jimida yo‘q qilib yuborishganidan bexabarmiz. Barchalari hayotidan rozi bo‘lishsa kerak deb o‘ylayman.

Xullas, toki Vladimir Putin hokimiyat tepasida ekan, ular o‘zlari uchun biror salbiy oqibatni kutmasalar ham bo‘ladi. Rossiyaning bu portlashlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvga yordam berishini, aybdorlarni o‘z qo‘li bilan xalqaro sudga topshirishini sira tasavvur qila olmayman. Bunaqa bo‘lishi mumkin emas.