Tibbiy turizm: O‘zbekistonga kelayotganlar ko‘paydi, tojik rasmiylari boshqacha fikrda

Illyustrativ surat

Katarakta bilan og‘rigan Ra’noxon Burxonova ko‘z jarrohligi uchun Toshkentga keldi. Garchi Tojikistonda ham bu turdagi operatsiyani o‘tkaza oladigan shifoxonalar talay bo‘lsa-da, 59 yoshli sobiq hamshira qo‘shni O‘zbekistonda davolanishga qaror qildi.

“Sentyabr oxirida Toshkentdagi operatsiya uchun 800 dollarga yaqin pul to‘ladim. Tojikiston va O‘zbekistonda narxlar deyarli bir xil. Ammo bu yerga kelishimning eng asosiy sababi tibbiy xizmat sifatida", deydi ayol.

Burxonova o‘z mamlakatida shifokorlarga «ishonch yo‘qolganini» aytadi.

"Tojikistonda malakali shifokorlar umuman yo‘q deya olmayman, ammo ko‘rish qobiliyatim xavf ostida turganida tavakkal qilishni xohlamadim."

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Жин чиқариш": ССВ аҳолини "сохта табиб"лардан огоҳлантирди


U operatsiyadan keyingi ko‘rik uchun yana Toshkentga borishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston ko‘plab tojikistonliklar va boshqa qo‘shni davlat fuqarolari uchun tobora tibbiy turizm markaziga aylanib bormoqda.

O‘zbekiston tomoni e’lon qilgan statistik ma’lumotlarga ishonilsa, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 57 380 nafar Tojikiston fuqarolari davolanish uchun O‘zbekistonga kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 100 foizga oshgan.

Biroq Tojikiston hukumati boshqacha fikrda.

«Bu raqamlar haqiqatni aks ettirmaydi. Bu shunchaki chegara o‘tkazish punktlaridagi qaydnomalarga asoslangan ma’lumot» deya rad etgan Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda O‘zbekiston bayonotiga munosabat bildirar ekan.

Abdullozodaning qo‘shimcha qilishicha, ko‘plab odamlar chegaradan o‘tish mobaynida ortiqcha savollardan qochish uchun sayohat sababini «davolanish» deb ko‘rsatishadi.

Uy-joy va oziq-ovqat narxlarining arzonligi, byurokratik va til (rus tili) bilan bog‘liq to‘siqlarning yo‘qligi O‘zbekistonni xorijlik bemorlar uchun yanada jozibador yo‘nalishga aylantirdi.

O‘zbekistonga davolanishga kelayotgan tojikistonliklarning aksariyati o‘rta daromadli insonlar. Yuqori daromadli bemorlar odatda Xitoy, Eron va Rossiyada davolanishni afzal ko‘radi.

Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri mamlakatda tibbiy xizmat yetarli darajada mavjudligini iddao qilgan. Ammo aksar tojikistonliklar shaharlardan tashqarida tibbiy mutaxassislar yetishmasligidan shikoyat qilib keladi. So‘nggi yillarda minglab shifokorlar oylik maoshlar ozligi sabab Rossiyaga ko‘chib ketgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Шифокорлар айби билан ногирон бўлиб қолган болани хорижда даволашга ССВ ёрдам бермаяпти

O‘zbekiston hukumati turizm sanoatining bir qismi sifatida tibbiy turizmni rivojlantirishga urg‘u bermoqda. 2019-yilda hukumat xorijliklar uchun soddalashtirilgan tibbiy-viza tartibini joriy qildi.

Xorijlik bemorlarning asosiy qismini tashkil etuvchi tojikistonliklardan tashqari, qozoq, qirg‘iz, turkman va rossiyalik bemorlar ham O‘zbekistonda davolanishni afzal ko‘rmoqda.

O‘zbekiston hukumati e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-avgust oralig‘ida Qozog‘istondan 8542 nafar, Qirg‘izistondan 6704, Rossiyadan 1299 nafar hamda Turkmanistondan 672 nafar bemorlar davolanish maqsadida mamlakatga tashrif buyurgan. Qirg‘iziston va turkmanistonlik sayyohlar soni o‘tgan yil bilan solishtirganda ikki baravarga ko‘paygan.