Bundan besh yil avval Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev qariyb o‘ttiz yil egallab kelgan lavozimini tark etishini e’lon qilib, qozog‘istonliklarni hayratda qoldirgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida Nazarboyev nima uchun bunday qarorga kelgani borasida turlicha farazlar aytildi.
Nazarboyev siyosiy hayotni to‘la tark etmasa ham, o‘z lavozimidan ketdi, navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari oldidan davlat rahbari lavozimiga katta siyosiy tajribaga ega, o‘ziga sodiq diplomatni tayinladi.
O‘sha yilning 9-iyunida Qasim-Jomart Toqayev g‘alaba qozongan saylovdan so‘ng boshlangan norozilik namoyishlari Qozog‘iston tarixidagi o‘sha paytgacha bo‘lgan eng yirik norozilik namoyishlari edi. Poytaxt Ostona va Olmaota shahrida minglab odamlar hibsga olindi.
Ammo 2022-yil yanvaridagi eng yirik tartibsizliklar sababli kamida 238 kishi o‘ldi va Rossiya boshchiligidagi mintaqaviy tinchlikparvar kuchlar mamlakatga kiritildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Toqayev 2029-yildan keyin, amaldagi yetti yillik vakolati tugagach, boshqa nomzodini qo‘ymaslikka, prezidentlikdan ketishga va’da bergan bo‘lsa ham, uning ma’muriyati keyinchalik yana shu kabi voqealar takrorlanishi oldini olishga qodirmi, degan savol dolzarb bo‘lib qolmoqda.
"Qo‘l bilan boshqarish tarafdori"
Xalq orasida “Qonli yanvar” deb atalgan 2022-yil voqealaridan oldin ham Toqayev muhim rahbarlik lavozimlari hamda «elbasi» unvonini saqlab qolgan Nazarbayevdan o‘zini uzoqlashtirishga ehtiyotkorlik bilan uringan.
2020-yilda Toqayev agar maxsus ruxsat etilmagan bo‘lsa, namoyishlar noqonuniy hisoblanadigan Qozog‘istonda yig‘ilishlar erkinligini tartibga soluvchi yangi qonunni qabul qildirdi.
Yangi qonun uning ma’muriyati tomonidan muhim o‘zgarish sifatida ko‘rsatildi, biroq xalqaro inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch bunga ishonmadi va bu o‘zgarishni eski tizimdagi "zo‘raki yaxshilanish" deb atadi.
Bu baho to‘g‘ri bo‘lib chiqdi, chunki to‘rt yil o‘tib ham hukumat siyosiy jihatdan nozik norozilik namoyishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun bahona topa oladi.
Ya’ni, ma’muriy choralar kuchga kirgunga qadar.
Qonli yanvar oyi neftga boy, ammo iqtisodiy jihatdan qashshoq g‘arbiy Mang‘istau viloyatida suyultirilgan gaz narxi birdan keskin oshishiga qarshi norozilik namoyishlari bilan boshlandi.
Keyinchalik tartibsizliklar mamlakatning boshqa hududlariga tarqaldi, kengroq siyosiy tus oldi va qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi, buni ko‘pchilik kuzatuvchilar sobiq prezidentning qarindoshlari va uning vorisi Toqayev o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash oqibati deb izohlaydi.
“2019-yilda Toqayevdan o‘zi amaldor sifatida qurishga yordam bergan tizimni buzishini kutish soddalik ekanligini aytdim, axir uning o‘zi o‘sha tizim mahsulidir”, – dedi “Ozodlik”ka mustaqil siyosatshunos Do‘sim Satpayev.
“Hozir Toqayevning “Yangi Qozog‘iston”ni qurishiga ishongan aholi ham samarasiz byurokratiyadan va oligarxlardan tozalash amalga oshmaganini, siyosiy repressiyalar davom etayotganini va prezident atrofida islohotchilar yo‘qligini ko‘rmoqda”, deydi u.
O‘tgan yili Olmaotada joylashgan Demoscope so‘rov markazi o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘ralganlarning 70 foizi Toqayevni oqlagan.
Xuddi shu so‘rov natijalariga ko‘ra, fuqarolarning 87 foizi 2019-yilda Nazarboyev iste’foga chiqqanidan keyin, ya’ni yanvar oyidagi tartibsizliklardan uch yil oldin uning boshqaruvini ijobiy baholagan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Voqealarga boy davr"
Qonli Yanvar voqealari boshlanganida Toqayev bir qancha yuqori martabali qaror qabul qiluvchilardan biri edi. Hozir 83 yoshli Nazarboyev “millat yetakchisi” unvonini saqlab qolgan.
Sobiq prezidentning qarindoshlari, ishonchli odamlari nufuzli lavozimlarda ishlayotgandi.
Norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan katta siyosiy kurashdagi g‘alaba unga nomigagina emas, balki haqiqiy prezident bo‘lishga imkon berdi.
Biroq, bu uning hukmronligi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bilan belgilangan degani emas.
Bu, ayniqsa, iqtisodiy va tashqi siyosatga kelganda to‘g‘ri, deydi ekspertlar.
“Toqayevga KOVID, Ukrainadagi urush va global inflyatsiya kabi so‘nggi voqealar tufayli yanada og‘irlashgan abgor iqtisodiy vaziyat meros bo‘lib o‘tdi”, deydi Londonda joylashgan PRISM tahlil markazi tadqiqot bo‘limi rahbari Ben Godvin.
Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirishi va urush boshlanganda G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalar qo‘llashi Qozog‘iston diplomatiyasi va iqtisodiyoti uchun muammolar keltirib chiqardi.
Kreml, ehtimol, yanvar oyidagi qonli inqiroz paytida Toqayev va uning tarafdorlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun undan urushni yoqlashini kutgan bo‘lishi mumkin.
Ammo bunday bo‘lmadi, rossiyalik ekspertlar va qonunchilar qo‘shnisiga Ostonaning urushda betarafligi uchun ham, qozoq jamiyatida o‘sib borayotgan «rusofobiya» uchun ham bosim o‘tkaza boshladi. Ba’zida “keyingisi” Qozog‘iston bo‘lishiga ishora qiluvchi gaplar aytildi."
Ostona geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotganiga qaramay, Xitoy, Rossiya va G‘arb bilan munosabatlarini muvozanatlashtira oldi, bu Toqayevning kuchli tomonlari borligini ko‘rsatadi.