Toshkentda besh jurnalist va bir bloger IIBga “suhbat” uchun olib ketildi

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev. Surat Gazeta.uzdan olindi.

Toshkentda 19 - mart , kunning birinchi yarmida besh jurnalist Toshkent shahar IIBB huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimi bilan suhbat o‘tkazish uchun ish joyidan olib ketilgan. Bu haqda Ozodlikka jurnalistlarning olib ketilishiga guvoh bo‘lgan jurnalist xabar qildi.

Hukumat nashrlaridan birida ishlaydigan boshqa bir jurnalistning aytishicha, bir bloger ham "IIBBga suhbatga" olib ketilgan.

Toshkent shahar IIBB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimining Ozodlikka bildirishicha, “jurnalistlar profilaktik suhbatdan so‘ng qo‘yib yuboriladi. Ularga qarshi jinoyat ish qo‘zg‘atilmagan”.

Hamkasblarining olib ketilganini xabar qilgan jurnalistning Ozodlikka aytishicha, olib ketilganlar orasida 2013 - yildan beri faoliyat olib borayotgan Daryo.uz Internet nashri bosh muharriri Muhrim A’zamxo‘jayev bor. “Suhbat” uchun IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan yana 4 jurnalistning ismi hozircha ma’lum emas. Bu to‘rt jurnalistning Daryo.uz nashrida ishlashi aytildi.

Olib ketilganlar orasida milliondan ziyod folloverga ega taniqli bloger Qahramon Aslanov bor. Bu haqda hukumat nashrlaridan birida ishlaydigan boshqa bir jurnalist aytdi. Unga ko‘ra Aslanov maxsus konvoy bilan Qo‘qondan Toshkentga olib kelingan. Aslanov Qo‘qonda istiqomat qiladi.

Hamkasblarining olib ketilgani to‘g‘risida xabar qilgan jurnalistning Ozodlikka aytishicha, Toshkent vaqti bilan soat 15 da jurnalistlar hali“ichkarida” edi.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra Kun.Uz jurnalistlari ham IIBga suhbatga olib ketilgan.

Toshkent vaqti bilan 19 da Muhrim Azamxo‘jayev shahardan chiqmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgani aytildi.

“Ikariga obkirish” tafsilotlaridan xabardor ekanligini aytgan va O‘zbekistondagi hukumat nashrlarida ishlovchi boshqa bir jurnalistning Ozodlikka bildirishicha¸ suhbatga chaqirilganlardan ikki masala bo‘yicha tushuntirish olinmoqda:

1. Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘z Telegram kanalida “Yunusoboddagi bog‘cha opa haqida” tanqidiy bitik qo‘ygan va bloger Qahramon Aslanov uni o‘z Telegram sahifasida ulashgan.

2. Bloger Qahramon Aslanov Twitterda Ozodlikdagi Zebuniso maqolasi va raddiya haqida ilmoqli gap qilgan.

Qahramon Aslanov “Ozodlikka raddiya bahonasida Ozodlikda yoritilgan maqoladagi faktlarni elga yetkazilayotganligini “ Ezop tilida olqishlagan:

Tvitterdagi havotirga sabab bo‘lgan "mujda"

Keyingi paytda O‘zbekistondagi jurnalistlar orasida "so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat" yomonlashayotganidan xavotirlar kuchayayotgani aytilmoqda.

15 - mart kuni mulozim va bloger Sundar Qoraboyev yaqinlari nazdida “shantaj” qurboni bo‘lib, 10 sutkaga qamalgan edi. Bundan oldin surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy “tuhmat va haqorat qilganlikda” ayblanib sudga tortilgan edi.

So‘ngi bir oy ichida jurnalist va blogerlar atrofidagi “izn berilgan erkinlik halqasi” torayayotgani borasida xalqaro tashkilotlar xavotir izhor qilgan.

Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) 8 - fevralda O‘zbekiston ma’murlarini bloger Otabek Sattoriyni qamoqdan zudlik bilan ozod qilishga chaqirib, jumladan mana bularni aytgan edi:

“Blogerlar va jurnalistlarni korrupsiyaga oid xabarlari uchun ta’qib qilish ularning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishdir. O‘zbekistondagi jurnalistlar o‘z ishini repressiv ayblovlardan qo‘rqmay amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim”.

Joriy oy boshida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining so‘z erkinligi bo‘yicha vakili Tereza Ribeyro ham O‘zbekistondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan tashvishda ekanini bildirgan edi.