Gulnora Karimovaning manzil koloniyasiga ko‘chirilishi haqida so‘nggi kunlarda paydo bo‘lgan xabarlar avvaliga qamoqxona ma’muriyati, keyin esa uning qizi Imon Karimova tomonidan rad etildi. Shu kunlarda Londondan Toshkentga uchib kelgan Imon Karimova o‘zining Instagram sahifasida ayollar qamoqxonasi boshlig‘i Gulhayo Karimova 13 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan onasi bilan uchrashuvga izn bermaganligi haqida yozdi.
20 - aprel kuni, Ozodlik so‘roviga javoban Gulnora Karimova jazo o‘tayotgan umumiy tartibli 21-sonli ayollar koloniyasi boshlig‘i Gulhayo Karimova "barcha mahkumalarga bir xil sharoit yaratilganligi"ni ta’kidlagan edi. 14 - aprel kuni Ombudsmen tekshiruv guruhi tarkibida ayollar qamoqxonasiga borgan huquq faoli A’zam Farmonov Ozodlikka Gulnora Karimovani turma kasalxonasida ko‘rganligini aytib berdi.
Ozodlik muxbiri bilan gaplashgan 21-sonli ayollar koloniyasining sobiq mahkumasi esa, Gulnora Karimova Zangiota turmasidan 42- son manzil koloniyaga chiqarilishi haqida gap-so‘z tarqalganligini aytgan edi. Sobiq mahkumaga ko‘ra¸Karimova uchun manzil koloniya xududida alohida 4 xonali uy jihozlangan. Mahkumaning ishonishicha, aynan shu munosabat bilan Gulnora Karimovaning qizi Londondan qaytib kelgan.
Joriy yilning 19 - aprel kuni Ozodlik muxbiri bu masalaga aniqlik kiritish uchun Jazoni ijro qilish Bosh boshqarmasi mulozimlari va 21-sonli ayollar koloniyasi boshlig‘i bilan gaplashdi. Mulozimlar bir ovozdan Gulnora Karimovaning jazo o‘tash tartibida o‘zgarish bo‘lmasligini ta’kidlashdi.
Gulnora Karimovani 14 - aprel kuni 21-sonli ayollar koloniyasi sanchasti (kasalxona) da ko‘rgan va u bilan muloqot qilgan huquq faoli A’zam Farmonov ham marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi "yaqin orada panjara ortini tark etishiga ishonmasligi"ni aytdi.
A’zam Farmonov ayni paytda ayollar qamoqxonsi mahkumlariga nisbatan munosabat yumshagani¸ hatto koloniya tartibini buzganlarga ham oilasi bilan ko‘rishish imkonlari yaratilganligini bildirdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Gulnora Karimovaning qizi Imon esa, qamoqxona ma’muriyati uning onasi bilan uchrashuviga “zarur sharoit yo‘qligi bois” izn bermaganligini 22 - aprel kuni Instagram sahifasida yozib chiqdi.
“Qamoqxona sharoiti biz uchun boshqa mahkumlardan ko‘ra farqli bo‘lishi tushunarsiz. Bugungacha uchrashib kelgan edik-ku. Nima o‘zgardi degan savolimga ham javob berishmadi. Gulruh Rasulovna (Qamoqxona boshlig‘ining ismi aslida Gulhaë Rasulovna Karimova- tahr.) “Rahbariyat uzoq muddatli uchrashuvga izn bermaydi. Chunki sen chet davlatdan kelgansan”, deb aytdi."
O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan Imon Karimova onasi bilan ikki yildan beri ko‘rishmaganini ta’kidlagan.
U onasi bilan uchrashuvga izn berilmagani bitilgan rasmiy yozma hujjat talab qilgani, ammo o‘ziga bunday hujjat taqdim etilmaganini bildirdi.
O‘zbekiston birinchi prezidentining Toshkentdagi 21-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan qizi, 49 yashar Gulnora Karimova joriy yilning mart otida maktub chiqarib, o‘zining “muntazam qiynoqqa tutilgani"ni she’riy misralarda bayon qilgani aytilgan edi.
Xat Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova tarafidan mart boshida ochilgan Telegram kanalida e’lon qilingan.
Imon Karimovaning iddaosiga ko‘ra, “malyava”ni yaqinda qamoqdan ozod etilgan “jasur” ayol olib chiqqan.
“Yaqinda KIN-21dan ozod qilingan jasur ayol sharofati bilan Gulnora Islomovna haqida xabar va uning salomatligi borasida ma’lumot oldik. Shuningdek, mana bu she’r yozilgan maktubni ham oldik. Afsuski, Gulnora Islomovna bilan boshqa hech qanday aloqa yo‘q. Biz yozgan maktublarni unga berishmayapti. Advokat qo‘yilmadi. Telefon suhbatiga ham izn yo‘q. Bu she’r uning his-tuyg‘ulari izhoridir. O‘zbekiston turmalaridagi ahvol odam tassavvur qilolmaydigan darajada yomon. Jazo o‘taganlar nima azoblar ichidan o‘tganini o‘zlari bilishadi. Chunki O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘q.”
Bu kirish so‘ziga Gulnora Karimovaniki deb aytilgan va rus tilida yozilgan 14 misra she’r ilova qilingan.
“Bu yerda seni haqoratlashar tinmayin” deya boshlangan she’r “Bu yerda hamma narsa qiynoq ustiga qurilgan. Seni har kuni, har on, har soniya qiynashar” degan satrlar bilan davom etadi va “Bu yerda qonunlar toptalmoqda. Bu qonunlarni hech kim o‘qimagan hech qachon. Toptashar har on. Oddiy insonlikning hayot tarzini¸odamning odamligini yer bilan bir qilishadi bu yerda!!!” degan misralar bilan yakunlanadi. (Bu va boshqa tarjimalar maqola muallifiga tegishli)
Britaniyalik kriminologiya professori Kristian Lasslettning yozishicha,¸ Gulnora Karimovaning jinoyati mutlaqo o‘z isbotini topgan va u to‘g‘ri jazo o‘tamoqda:
AQSh Adliya vazirligi huzuridagi prokuratura idorasining Nyu-York janubiy hududi bo‘yicha prokurori 2019 - yilning 7 - mart kuni Gulnora Karimovaga nisbatan rasmiy ayblovlarni e’lon qilgan edi.
Karimova qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali aksiyalari AQSh birjasida sotuvga qo‘yilgan uch yirik xalqaro telekom shirkati – TeliaSonera, VimpelCom va MTCdan jami 865 million dollar pora olganlikda ayblanadi.
Adliya vazirligi bayonotida ta’kidlanishicha¸ Karimova AQShning xorijdagi korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, hozirga qadar eng katta pora olganlikda ayblangan shaxsdir.