Urgutdagi suv janjali ortidan o‘nlab yigit hibsga olingani va qiynoqqa tutilgani iddao qilinmoqda

2021 - yilning 21 - iyul kuni G‘o‘s qishlog‘i aholisining noroziligini bostirish uchun harbiylar tashlangan edi.

Samarqand viloyat, Urgut tuman, Kamongaron va Vag‘ashti qishloqlari aholisi o‘rtasida iyun oyining o‘rtasida suv talashish ortidan sodir bo‘lgan ziddiyatdan so‘ng, 15 - avgustda ikki qishloqdan qariyb yuz kishi hibsga olinib, 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqan.

Hibsga olingan yigitlarning aksariyati bu janjalda qatnashmagan bo‘lsa ham, ommaviy hibsga olishlar chog‘ida ushlanganini aytmoqda.

Qamoqdan chiqib kelgan yigitlarning so‘zlariga ko‘ra, ular hibsxonada IIB xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklangan.

Shuningdek, G‘o‘s voqeasida ayblanib hibsga olingan Murodillo Azimov, bu voqealarda umuman ishtirok etmaganini aytar ekan, shaxsiy adovati bor organ xodimlari uni ayovsiz kaltaklab, qovurg‘alarini sindirib yuborganini iddao qilmoqda.

Urgut tumani IIB mulozimi bu janjallarda bezorilikda va organ xodimlariga bo‘ysunmaslikda ayblanib, o‘nlab odam hibsga olinganini tasdiqladi.

Ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faolining aytishicha, Kamongaron va Vag‘ashti qishloqlari orasidagi suv janjali yillardan beri davom etmoqda:

“Kamongaronliklar tog‘dan o‘zlari hashar qilib, lotok o‘rnatib, suv olib kelgan. Bunga bir, ellik yil bo‘lgan. Keyin qo‘shni qishlog‘imiz odamlari aytganki, bizlarga ham beringlar bu suvdan, deb. Kamongaronliklar yo‘q, o‘zimizda 16 ming aholi bor, shunday ham yetmay yotipti, bermaymiz, degan. Janjal may oyidan boshlangan edi. Lekin hech kim hech kimni urgani, burnini qonatgani yo‘q. Dahanaki jang bo‘lgan. Iyun oyida ham ziddiyat davom etdi. Avgustda esa, ommaviy hibsga olish boshlandi. Kamongaron va Vag‘ashti qishlog‘idan yuzga yaqin kishini hibsga olib, o‘n besh sutkaga qamashdi. Ko‘pi chiqib keldi. Ammo hozir ham o‘ndan ortiq odam yotibdi. Ular hokimiyatga qarshi ish qilganlikda ayblanmoqda”.

"Yigitlarni mayib qilib tashlashmoqda"

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa kamongaronlik ikkita mahalla oqsoqoli ham hibsga olinganini aytdi:

“Xo‘ja Ahror Valiy MFY raisi Safarali Nozimov va yana bir mahalla oqsoqoli Bolta Akramovlarni ham qamashdi. Suv uchun ikki qishloq orasidagi janjal doim bo‘lib kelgan. Lekin bu safar armiyani, soldatlarni tashlab, odamlarni uydan ham chiqarmay qo‘yishdi. Odamlar bunga juda qattiq norozilik bildirdi. Qamoqqa olish o‘shandan buyon davom etmoqda. Mana, kecha 5-6 - sentabr kunlari ham o‘nlab yoshlarni olib borib tiqib qo‘yishdi. Qamoqdan chiqib kelganlar esa, militsiya xodimlari ularni ayamay kaltaklaganini aytishmoqda. Bunaqada hammani mayib qilib tashlashadiku, bular”.

Ismi sir qolishini so‘ragan kamongaronlik yoshlardan birining aytishicha, u darvozasining oldiga chiqib o‘tirgani uchun o‘n besh sutkaga qamalgan:

“Biz birov bilan urishmagan bo‘lsak, birovga tosh otmagan bo‘lsak. O‘sha janjalda men ishtirok etmagan ham edim. Janjaldan keyin soldatlar kelib, komendantlik soati qilib qo‘yishdi. Uyda zerikib, darvozamizning tagiga chiqib o‘tirgan edik. Soldatlar kelib, ushlab olib ketdi va o‘n besh sutkaga qamaldim. Melisaxonada mening nima aybim bor desam, javob o‘rniga qornimga rosa tepishdi. Keyin sudga olib borishdi. Sudya ham so‘rab o‘tirmay, 15 sutkaga kesib yubordi. Yaqinda chiqib keldim. Hozir davolanyapman”.

"Yigitlarda ham ayb bor, lekin IIB oshirib yubordi"

Mahalla faollaridan birining aytishicha, Kamongaron qishloq yoshlari militsiya xodimlarining bitta mashinasini ag‘darib tashlashgan:

“Bo‘lgan bu, bo‘lmagan, deb yolg‘on aytolmayman. Soldatlar kelib, tazyiqni juda oshirib yuborganidan keyin odamlar norozi bo‘lib ko‘chaga chiqdi. Bitta mashinani ag‘darib tashlashgan. Shundan keyin qama-qama yana avj oldi. Aybi bormi, yo‘qmi, qo‘liga tushgan odamlarni bir chetdan olib borib tiqib qo‘yaverishdi. Ikki qishloq orasidagi mana shu suv janjali avvaldan bor. Shavkat Mirziyoyev hokimlik davrida ham bir qo‘zg‘algan edi. Lekin Mirziyoyevning o‘zi kelib tinchitib ketgan edi. Nega viloyat trahbarlari kelib, aholi boshiga ketadigan ichimlik suvni o‘lchab, bunchasi senga, bunchasi senga, deb murosa qildirib ketmaydi. Katta janjal hidi kelib turgan bo‘lsa ham rahbarlar bu muammolarni hal qilishni xalqning o‘ziga tashlab qo‘ygan. Shuning ortidan bunday stixiyali to‘polonlar kelib chiqyapti".

"Qilmagan aybni bo‘ynimga qo‘yib, 15 sutka qamab, qiynashdi"

Urgut IIB xodimlarining qonundan tashqari harakatlari qurboni bo‘lganini G‘o‘s qishlog‘ilik 31 yashar Murodillo Azimov ham ta’kidlaydi:

“Rossiyadagi akamning farzandini kamsitib xo‘rlagani uchun qo‘shnimga e’tiroz qilib chiqqan edim. U esa otasi bilan qo‘shilib meni urib tashladi. Kasalxonaga tushdim. Bo‘lgan voqea shu. IIbga ariza berdim, lekin ular tekshirmadi, aksincha urgan bolani Rossiyaga qochirib yuborishdi va uchastka nozirlari Sherzod Rahmonov va Farrux Mamashukrovlar mendan arizamni qaytarib olishni talab qilishdi. Men yo‘q dedim. Prokuraturaga yozib berdim. Shundan ular menga qasdlashib qolishdi. 21 - avgust kuni meni IIBga olib ketishdi. G‘o‘s qishlog‘idan Urgutgacha qornimga boshimga urib bordi. O‘qchiyman, qusaman, tinmay urib borishdi”

Murodillaning aytishicha, uni kaltaklash IIBning zalida davom ettirilgan:

"Avaz Mahmudov bilan Farrux Mamashukurov qattiq urdi. Ichimga, boshimga, oyog‘imga rosa tepishdi. Ertalab soat 10dan kechqurun soat 8gacha navbatma-navbat urishdi. Keyin sudga olib borishdi. Sudya nima gunoh qilding, deb so‘radi. Men, shu qo‘shnim bilan urishib qolganman dedim. Farrux Mamasharipov esa, odamlarni G‘o‘sdagi to‘polonga yiqqan odam shu bo‘ladi, deb menga tuhmat qildi. Men o‘rtoq sudya, mening u to‘polonlarga umuman aloqam yo‘q, qo‘shnim meni urgani uchun, yozgan narsasiga qo‘l qo‘ymaganim uchun olib kelishdi, desam ham, sudya menga quloq solmay 15 sutkaga qamash haqida qaror chiqardi. Chiqqanimizdan keyin Farrux meni va onamni yana haqorat qildi”.

Murodillo G‘o‘s voqealari bo‘lgan kuni u uyida usta ishlatayotgani, bu voqealarga umuman aralashmaganini ta’kidlaydi:

“Meni Samarqand shahridagi ma’muriy qamoqqa olinganlarni saqlash hibsxonasiga joylashtirishdi. Qornim shishib ketdi. Siyolmay, o‘rnimdan turolmay, temperatura qilib yotib qoldim. “Tez yordam” chaqirishdi. Do‘xtirlar ko‘rib, buni olib ketamiz, ichi biror joyi yorilib ketgan bo‘lishi mumkin, balki operatsiya qilish kerakdir” desa ham, Urgut IIB boshlig‘ining bizdan borganlardan hech kimni kasalxonaga chiqarmasin degan ko‘rsatmasi bor, deb javob bermadi. Har kuni og‘riq qoldiruvchi “ketonal” ukolini qilib, olib o‘tirishdi. O‘n kun oyoqqa turolmay yotdim”.

Murodillo Azimov o‘n besh sutkalik qamoq jazosini o‘tab bo‘lganidan so‘ng, 5 - sentabr kuni uyiga javob berilgan:

“Kelib, darhol kasalxonaga bordim. Do‘xturlar tekshirib, qovurg‘a suyaklarim singanligini, ichimda hayotiy muhim organlar shikastlanganini aytdilar. Hozir kasalxonada davolanyapman. Militsiya xodimlari qasd olish yoki norozilarni qamoqqa olish rejasini bajarish uchun har qanday qonunsizlikni qilishdan hali ham voz kechmabdi”.

Murodillo Azimovning aytishicha, yuqorida nomlari keltirilgan profilaktika inspektorlari tomonidan hali ham unga nisbatan ta’qib va tazyiq davom etmoqda.

Qiynoqlarga izoh yo‘q...

Urgut tumani IIB profilaktika inspektori Farruh Mamashukurov Ozodlik bilan suhbatda Murodillo Azimovni kaltaklaganini na inkor qildi, na tasdiqladi. Ozodlik savolini eshitib bir oz o‘ylanib turdi-da, aloqani uzib qo‘ydi.

Yana bir profilaktika inspektori Avaz Mahmudov, Murodillo Azimovni urganligini inkor etdi va Ozodlikning qo‘shimcha savolini eshitishi bilan aloqani uzdi.

Urgut tumani IIBning o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda, Kamongaron va Vag‘ashti qishloqlaridan 60 dan ortiq odam hibsga olinganini tasdiqladi:

“Bu bolalar bezorilik qilgan. Ichki ishlar xodimlarini urgan, mashinalarini toshbo‘ron qilgan. Anchasi 15 sutkadan yotib chiqdi. Hozir qanchasi yotgani haqida menda ma’lumot yo‘q. Uni tergov bo‘limidan so‘rang”.

Urgut tumani IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Muhammad Turdiyev Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Joriy yilning 21 - iyul kuni ham Urgutning G‘o‘s qishlog‘ida yuzlab odam Telegram orqali "o‘z sha’nlariga haqoratli so‘zlar ishlatgani" da’vo qilingan shaxsni jazolashni talab qilishgan, jamoat tartibini saqlash uchun IIB, maxsus kuchlar va harbiylar jalb qilingan edi.

Hodisa payti bir necha g‘o‘slik jarohat olgan va o‘nlab yigit hibsga olingan.