Xorazm viloyat hokimligi¸ davlat soliq hamda Bandlik bosh boshqarmasi doxil tashkilot vakillaridan tuzilgan ishchi guruh viloyatdagi 420 biznes subyektlarini tekshirib, amalda ishlayotgan, ammo ishchi sifatida hujjatlarda qayd qilinmagan yuzlab xodimlarni legalizatsiya qildi.
Bu haqda Xorazm viloyat hokimligi mulozimi Ozodlikka ma’lum qildi. Mulozimga ko‘ra, ishchi guruh reydlaridan kamida ikkitasida viloyat hokimi Farhod Ermanov ham qatnashgan:
“Maqsad viloyatdagi korxonalarning ish o‘rinlarini legalizatsiya qilish orqali qo‘shimcha ish o‘rni yaratish” degan mulozim bu tadbir bevosita Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov nazorati ostida ekanligini ta’kidladi.
Mulozim Ozodlikka taqdim etgan hujjatlarda 2019 - yil 2 - avgust kuni O‘zbekiston prezidenti o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishda ishchilarni legalizatsiya qilish evaziga yangi ish o‘rinlari yaratish vazifasi qo‘yilgani tushuniladi.
Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida oshxona ochgan tadbirkor (ismi Ozodlikka ma’lum) “legalizatsiyani bahona qilgan soliqchilar qo‘shimcha ishchi olishga majburlashgani” haqida Ozodlikka shikoyat qildi.
“Nalog xodimlari tadbirkorlar shtat ro‘yxatiga, ya’ni ishchi-xodimlarini qo‘shishga majburladi. Katta ovqatlanish joylarida¸ ya’ni kamida 15 kishi ishlaydigan kafe-restoranlarda bor-yo‘g‘i ikkita ishchi shtat ro‘yxatida. Qolgani cho‘rniy. Chunki hammasi tanish-bilish bo‘lib yotibdi. Menga o‘xshagan kichik tadbirkorlarga esa, uchtadan ishchini majburan oldirib, shtat ro‘yxatiga qo‘shtirdi. Buni hammasini bosim o‘tkazish yo‘li bilan qilishdi”.
Bog‘ot tumanidagi kichik yemakxona egasining iddaosiga ko‘ra¸ soliq xodimlari bu Davlat soliq qo‘mitasi buyrug‘i asosida qilinayotganligini ta’kidlashgan.
Ozodlik ayni masalada 26 - may kuni Davlat soliq qo‘mitasi bilan bog‘landi. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning yordamchisi Ozodlik ko‘targan masalani o‘rganib chiqib, joriy yilning 27 - may kuni muxbir savollariga atroflicha javob berdi.
Suhbatdoshga ko‘ra¸ Bog‘ot tumanidagi kafe va restoranlardagi ishchilarni legalizatsiya qilish bilan bog‘liq reydlarda soliq xodimlari boshqa xodimlar bilan birgalikda ishchi guruh tarkibida faoliyat olib borganlar. Suhbatdoshga ko‘ra¸“qog‘ozda ikki kishi ko‘rsatilib, amalda 10 kishi ishlaydigan tadbirkorlik subyektlaridagi xodimlar legalizatsiya qilingan”.
“Nega iznsiz odam ishlatding, deb ular jazolanmadi, balki qonuniylashtirildi. Konvertda oylik berish tizimiga chek qo‘yilib, ko‘rinmas ishchilar shtat ro‘yxati va boshqa hujjatlarda qayd qilindi. Qonun talabi bu. Katta restoran ochib, faqat bir kishi ishlaydi, deb rasmiylashtirib, amalda o‘nlab odamlarga konvertda oylik tarqatib ishlattirilgan. Bu noto‘g‘ri. Ishchilarninng huquqlari uchun ham ularning rasman qayd qilinishi lozim”.
“Qog‘ozda ko‘rinmas” ishchilar va qog‘ozdagi “o‘lik jonlar”
Mavzuni o‘rganish jarayonida Ozodlik butun mamlakat bo‘ylab yangi ishchi o‘rinlarini ochish maqsadida tashkilot va korxonalardagi ishchilar sonini oshirib ko‘rsatish faktlariga duch keldi. Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida sementdan trotuar toshini press qiladigan korxonaning 28 yashar egasi Xushnud Jovliyev o‘nta butun stavkali ishchi o‘rniga 20 nafar yarim stavkali ishchi rasmiylashtirganini aytadi:
“O‘zi shu o‘nta ishchim hamma ishni bajaradi. Endi kattalar kelib, shu o‘nta ishchini yigirmata qilib yozib qo‘ying, deb iltimos qilishdi. Men shu yerning odamiman. Kattalarning gapini yerda qoldirmadim. Gapning to‘g‘risi, hamma ishni o‘n emas, bor-yo‘g‘i 8 kishi qiladi. Qolgan 12 kishining nomi faqat daftarda. Ular oylik ham olmaydi. Ko‘pi qozoqda¸ Turkiyada.”
Qarshi tumanida tibbiyot xodimi bo‘lib ishlaydigan yigit Ozodlikka video yo‘llab, bitta tuman tez tibbiy ërdam tizimidagi 19ta postga 420 nafar xodim olingani va ularning aksari yarim va chorak stavka ishlaydi deb rasmiylashtirilganidan shikoyat qildi.
Arizachiga ko‘ra¸ Qarshi tumanida butun stavkaning faqat 0,5 foizini ishlaydi, deb rasmiylashtirilganlar ham bor:
“Yarim stavka emas¸ chorak ham emas¸ bor-yo‘g‘i nol besh foiz ishlaydi, deb ëzilgan. Bular rekordning rekordini urishdi. Qarshi tuman tez tibbiy yordam tizimiga 420 odam rasmiylashtirildi”.
Videoselektorda xatga tushgan gap
2019 - yilning 2 - avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarni tiklash, ish o‘rinlarini legalizatsiya qilish, yangi loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish hisobiga soliq bazasini kengaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan edi.
Videoselektorda prezident tilidan yangragan “ish o‘rinlarini legalizatsiya qilish” kalimasi Ozodlik suhbatlashgan mutaxassisga ko‘ra¸ o‘tgan ikki yil ichida "shtat ro‘yxatlarini sun’iy shishirib ko‘rsatish" tendensiyasini yaratgan.
Karimov davrida O‘zbekiston rasmiy idoralari har yili 1 million ish o‘rinlari yaratilgani haqida hisobot berib kelgan. Ammo 2017 - yilda prezident Mirziyoyev bu hisobotlarning yolg‘onligini tan olgan va hukumatga real ish o‘rinlari yaratish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynidagi rasmiy hisobotlarda yiliga 300 mingdan yarim millonga qadar ish o‘rinlari yaratilgani aytilgan. Tahlilchilar O‘zbekistonda mehnatga to‘lanadigan haq miqdori pastligicha qolayotgani ishsizlik bilan bog‘liq statistikaga ta’sir qilayotgan muhim omillardan ekanini aytishadi.