Xabar qilinishicha, Suriyaning yangi rahbarlari qator xorijiy islomiy jangchilarga, jumladan, xitoylik uyg‘urlar, etnik alban va tojik fuqarosiga yuqori martabali harbiy lavozimlarni bergan. Bu ularning vatanlarida xavotir uyg‘otmoqda, biroq Yaqin Sharq bo‘yicha yetakchi mutaxassis ularning inqilobni o‘z mamlakatlariga olib kirishga urinishi ehtimoldan uzoq ekanligini ta’kidlaydi.
Suriyaning yangi boshqaruvchilari bir nechta xorijlik islomiy jangchilarga yuqori martabali harbiy lavozimlarni bergan bo‘lib, bu inqilobning o‘z hududlariga tarqalishidan xavotirlangan mahalliy hukumatlarni tashvishga solmoqda.
Reuters va AFP xabarlarida aytilishicha, Suriyadagi nomalum manbalarga ko‘ra, chet elliklar orasida Shimoliy makedoniyalik etnik alban, Tojikiston fuqarosi va uch nafar xitoylik uyg‘ur rasmiy lavozimlarga ko‘tarilgan.
Xorijlik jangchilardan uchtasiga brigada generali unvoni, yana kamida uchtasiga polkovnik unvoni berilgan, deb xabar qilinmoqda, biroq "Ozodlik" radiosi bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Abu Qatada al-Albaniy nomi bilan ham tanilgan makedoniyalik Abdul Samrez Jashariy polkovnik bo‘lgan.
48 yoshli Jashariy 2024-yil dekabr oyida Suriya prezidenti Bashar al-Asadni ag‘darib tashlagan, AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot deb e’tirof etilgan Hay’at Tahrir ash-Shom (HTSH) bilan ittifoq tuzgan, asosan etnik albanlardan iborat jangari guruhi “Xemati Alban”ni boshqaradi.
Jashariy 2016-yilda AQSH Moliya vazirligi tomonidan terrorchi deb e’lon qilingan.
HTSH kuchlariga yaqin bo‘lgan tojik blogerlari aytishicha, polkovnik bo‘lgan yana bir xorijlik tojikistonlik Sayfiddin Tojiboyevdir.
Tojiboyevning Suriya armiyasida tezkor shtabi qo‘mondoni etib tayinlangani va mayorlikdan polkovnik darajasiga ko‘tarilgani haqidagi xabarlarni "Ozodlik" radiosi tasdiqlay olmadi.
Tojikiston huquq-tartibot idorasidagi nomi oshkor etilishni istamagan manba 5-yanvar kuni Ozodlik radiosi tojik xizmatiga Tojiboyevning tayinlanishi haqidagi xabar hukumatga ma’lum ekanini aytdi.
41 yoshli Tojiboyev xorijiy mojarolarda ishtirok etganlikda, terrorchi tashkilotlarga a’zolikda va terrorchi guruhlarga jangchi yollashda ayblanib, Tojikistonda qidiruvda. Uning nomi Tojikiston markaziy bankining moliyaviy faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlangan sanksiyaga uchragan shaxslar ro‘yxatida ham mavjud.
"Tojiboyev va uning ukasi 2013-yilda Suriyaga borgan va o‘shandan beri u yerdagi harbiy mojarolarda qatnashmoqda, – dedi Dushanbedagi manba Ozodlik radiosiga. – Tojiboyev terrorchi guruhlarga qo‘shilish uchun bir necha tojik fuqarolarini ham yollagan."
Tojiboyev Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi (TIUP) a’zosi bo‘lgan. Bu partiya bir paytlar ommalashgan bo‘lib, keyinchalik taqiqlangan va 2015-yilda "terrorchi" deb e’lon qilingan. Partiya terrorizm ayblovlarini rad etadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Tojiboyev 2012-yilda TIUPning Tojikiston shimolidagi Spitamen tumanidagi mahalliy bo‘limi rahbari bo‘lib qisqa muddat ishlagan, so‘ng iste’foga chiqib, partiya siyosatini tanqid qilgan.
Xotin-qizlar huquqlari, milliy yarashuv va xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlar bo‘yicha mo‘tadil siyosatni qabul qilishga ochiqchasiga va’da bergan HTSH xorijiy fuqarolarning tayinlovlari to‘g‘risida rasmiy bayonot chiqarmagan. Islomiy guruh o‘zi bilan ittifoq tuzgan turli jangari guruhlardan professional armiya tuzishga urinmoqda.
HTSH tarkibiga Rossiya, Markaziy Osiyo va Bolqondan kelgan ko‘plab jangchilar kiradi. Ularning aksariyati 2014-yilda ISHID ekstremistik guruhi Suriya va Iroqning ayrim hududlarida xalifalik tashkil etilganini e’lon qilganidan keyin Suriyaga kelgan.
Vatandagi xavotirlar
Bu jangchilar o‘z mamlakatlarida barqarorlik va milliy xavfsizlikka potensial tahdid sifatida ko‘riladi.
2024-yil dekabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Suriyadagi tojik jangchilar aks etgan videolar tarqalganda, Tojikiston xavfsizlik kuchlariga yaqin bo‘lgan, ismini oshkor qilishni istamagan manba Dushanbening o‘z fuqarolarining chet el urushlarida qatnashayotganini ko‘rib, tashvishga tushayotganini aytgan.
"Ular bir kun kelib Tojikistonga qaytib, bu yerda jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin," deb ta’kidladi manba “Ozodlik” radiosiga, jangchilarni vaqti kelsa portlaydigan bombaga o‘xshatib.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo hukumatlari Iroq va Suriyadan yuzlab o‘z fuqarolarini – ISHID jangchilarining oila a’zolarini vataniga qaytardi va ularga "fuqarolik hayotiga" qayta moslashishda yordam ko‘rsatdi.
O‘nlab boshqalar hukumat amnistiyalaridan foydalanib, o‘z ixtiyori bilan qaytdi.
Mutaxassislar fikricha, Suriyada hali ham bir necha ming xorijlik jangari qolgan bo‘lishi mumkin.
Hukumatlarni tashvishga solayotgan narsa – jangarilarning HTSH mafkurasi yoki islomiy inqilobni o‘z mamlakatlariga olib kelishga urinish ehtimolidir.
"Siyosiy jihod asri: Hay’at Tahrir ash-Shom tadqiqoti" asari muallifi Aaron Zelin Ozodlik radiosiga bergan intervyusida ta’kidlashicha, bu tayinlovlar ilgari Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi Suriyaning yangi hukmdorlarining Suriyadan tashqaridagi rejalarini anglatmaydi.
"Bu Jo‘loniy va HTSHning mazkur shaxslar Suriya davlatining buyruqlariga bo‘ysunishlari va urush deyarli tugagani sabab mustaqil harakatlar bo‘lmasligiga ishonch hosil qilish uchun qilayotgan urinishidir," dedi Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti katta ilmiy xodimi Zelin.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, Sharaa mamlakatda ma’lum vaqt yashagan va Asad rejimiga qarshi kurashda HTSHni qo‘llab-quvvatlagan xorijliklarga Suriya fuqaroligini berish haqida gapirgan.
"Jo‘loniy ularni mahalliylashtirib, suriyaliklarga aylantirmoqchi... Ularning mustaqil harakat qilishidan ko‘ra, jamiyatga qo‘shilib, HTSHga ergashganlari yaxshiroq, yoki hech bo‘lmaganda ular vaziyatni shunday ko‘rishmoqda," dedi Zelin.