O‘zbekistonlik taniqli bloger, “Shovvozsoy” qarorgohini fosh qilgan Aleksey Garshin “Ozod Vatan” partiyasi ta’sis qurultoyiga hozirlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Faol YouTube kanalida e’lon qilgan videoda, buni O‘zbekistonda xalq partiyasiga aylantirish istagini bildirdi.
Ozodlik bilan suhbatda bloger, partiya tuzishni 1 yil avval niyat qilgani va shu kunda 20dan ortiq a’zosi bo‘lgan tashkiliy qo‘mita shakllanganini aytdi.
Avvalroq taniqli dramaturg Sanjarali Imomov “Ozod Vatan” partiyasini tuzish harakati boshlanganini bildirgan edi.
Bloger Aleksey Garshinning aytishicha, 20 ga yaqin ziyoli va faollardan iborat tashkiliy qo‘mita tez orada partiyaning ilk qurultoyini o‘tkazishni rejalamoqda.
“Qonun bo‘yicha biz tashkiliy qo‘mita uchun kamida 50 kishi to‘plashimiz kerak. Bizda ozmi-ko‘pmi, sinalgan kishilardan iborat 20 kishilik guruh shakllandi. Lekin hozirgi kunda jamoa tuzish oson emas, o‘zaro munozaralar bor. Ammo bularni hal qilyapmiz va boshqa kechiktirib o‘tirmasdan, harakatga kirishishga qaror qildik”, deydi Garshin.
O‘zbekistonda 1996 - yilda qabul qilingan “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga binoan, partiya tuzish uchun tashabbuskorlar kamida 50 kishi bo‘lishi lozim.
Ular partiya ta’sis hujjatlarini tayyorlash, a’zolar tarkibini shakllantirish hamda ta’sis syezdi yoki konferensiyasini chaqirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitani tuzadi.
Qo‘mita tuzilganidan keyingi 7 kundan kechiktirmay Adliya vazirligiga tarkibi, rahbari, manzili hamda ta’sis syezdi yoki konferensiyasi chaqiriladigan sanani yozma ravishda xabar qilishi kerak.
Qonunga binoan bu qo‘mita 3 oy ishlashi mumkin. Siyosiy partiya esa qo‘mita chaqiradigan ta’sis qurultoyida tuziladi.
Kompyuter ustasi bo‘lgan 51 yashar Aleksey Garshin fikricha, O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan siyosiy partiya tuzish shartlari og‘ir va safdoshlari bilan tuzishga kirishgan yangi partiya shu yil oktabr oyida kutilayotgan prezident saylovida qatnashishga ulgurmaydi:
“Har qanday holatda ham ulgurmaymiz. Birinchidan, ishimizning silliq ketishi dargumon. Ikkinchidan, partiya prezidentlikka ilgari suradigan nomzod mamlakatdagi jami saylovchilarning 1 foizi miqdorida tarafdor yig‘ishi kerak - bu talabni bajarish imkonsiz. Shunga qaramasdan, aynan hozir partiya tuzishdan maqsad shuki, O‘zbekistondagi bugungi vaziyatdan chiqishning yagona qonuniy yo‘li tom ma’noda xalq partiyasini tuzishdir. Qancha tez tuzsak, shuncha yaxshi bo‘ladi, muammolarni shunchalik tez va og‘riqsiz hal qilishimiz imkoni ortadi”.
Aleksey Garshinning ta’kidlashicha, shunday partiya tuzish niyatini bir yil avval ko‘ngliga tukkan.
“Men turli tashkilotlarga yugura-yugura bir natijaga erishmagach, bir yil muqaddam hammasini tushungandim - O‘zbekistondagi vaziyatdan chiqishning yagona qonuniy yo‘li xalq partiyasini tuzishdir. O‘shandayoq jamoa yig‘ishga harakat boshlagandim”, deydi Garshin.
O‘zbekistonda prezident saylovlari shu yilning 24 - oktabrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Hozirga qadar, ikki muxolif guruh - “Erk” demokratik partiyasi va yangi ta’sis etilgan “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial demokratik partiyasi bu saylovda o‘z nomzodini ilgari surishini bildirdi.
Ammo, har ikki partiyaning rasmiy ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risidagi murojaati Adliya vazirligi tomonidan rad etildi.
Natijada, ro‘yxatdan o‘tmagan “Erk” Demokratik partiyasi nomidan prezidentlikka nomzod qo‘shiqchi Jahongir Otajonov prezidentlik poygasidan chiqib ketganini e’lon qildi.
“Ota-onamning har kuni yig‘lab o‘tirishi menga qimmatga tushyapti”, deb izoh berdi Otajonov.
Termiz universitetining sobiq rektori Xidirnazar Allaqulov tashkil qilgan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi tarafdor va faollariga nisbatan ham bosimlar davom etmoqda.
Aleksey Garshin o‘zi va safdoshlari tuzishga kirishgan “Ozod Vatan” partiyasi ham rasman ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi mumkinligini e’tiborda tutgan holda harakatdan to‘xtamasligini aytdi:
“Men tushundimki, X. Allaqulov oxirigacha boradi. Biz ham harakat qilamiz. Hozir o‘ylanib o‘tirishning nima keragi bor?! Hozir atrofimizga tarafdor, xalqni to‘plashimiz kerak, uning ishonchini oqlashimiz kerak. Harakat qilishimiz kerak! Boshqa yo‘limiz yo‘q!”
Toshkentlik kompyuter ustasi bo‘lgan Aleksey Garshin tarmoqlarni titratgan maxfiy “Shovvozsoy” qarorgohi haqida birinchi bo‘lib xabar qilgan.
Keyinchalik Ozodlik olib borgan maxsus surishtiruv, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi Ugam-Chotqol tog‘ tizmalari bag‘riga yashirilgan bu qarorgoh, prezident Mirziyoyev uchun maxsus qurilgani, sun’iy suv omborini ham ichiga olgan ulkan majmua ekanini o‘rtaga chiqardi.
Ana shu xabardan so‘ng, u juda qisqa muddatda - YouTube tarmog‘iga videolarni joylab, katta-kichik muammolarni ko‘tarib kelayotgan toshkentlik vloger sifatida keng jamoatchilikka tanildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Hozircha, Garshin safiga qo‘shilgan yangi siyosiy guruh va boshqa muxolif guruhlar Adliya vazirligi tomonidan siyosiy partiya o‘laroq ro‘yxatga olinadimi, so‘ngra O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi ularni saylovga qo‘yadimi - bu noma’lum.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 - yilda xorijdagi siyosiy muxolifatni mamlakatga qaytarish chaqiriqlarini rad etgan, muxolifat “ichkaridan chiqishi kerak”, degandi.
Qonunga binoan, saylovoldi kampaniyasi saylovlar sanasidan kamida 3 oy oldin boshlanishi kerak. Hozirga qadar na prezident Mirziyoyev va na siyosiy partiyalar o‘z nomzodini ilgari surgani yo‘q.
Mamlakat ichkarisi va tashqarisida shu yil oktabridagi saylovlarda Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi muddatga qayta saylanishiga ko‘pchilik shubha qilmaydi.