“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi 1-avgust soat 00:00 da to‘xtatildi.
Yuksalish — LIVE Teleram kanaliga ko‘ra muhokama jarayonida konstitutsiya islohotiga oid 117357ta taklif tushgan.
Ular orasida referendumdan asosiy maqsad deb ko‘rilgan amaldagi konstitutsiyaning 90 – moddasiga o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatlovchi takliflar ham bor.
Ozodlik olgan ma’lumotlar bu takliflarning bir qismi joylarda sovet davridagi kabi “mehnatkashlarning iltimosi” shaklida tashkillashtirilganini ko‘rsatmoqda.
Xususan, davlat ulushiga ega korxonalarning hamda byudjet tashkilotlarining ishchi-xodimlari yozma “taklif”lar yuborishga majburlangan. Ozodlik suhbatlashgan mahalla faollari oddiy aholi vakillaridan 1341 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish yoki umrbod qolish “taklif”ini berish talab qilinganini aytishmoqda.
Ozodlikka yuborilgan hujjatlardan ayon bo‘lishicha, ba’zi korxonalar ishchilardan shu haqdagi arizaga imzo qo‘yib berishni talab qilishgan.
Shu oy boshida konstitutsiyaga o‘zgartishlar bois norozilik namoyishlari va ommaviy tartibsizliklarga sahna bo‘lgan Qoraqalpog‘istonning o‘zbeklar yashaydigan tumanlarida esa bu ish imi-jimida amalga oshirilayotgani aytilmoqda.
Toshkent viloyat, Bekobod shahridagi “O‘zmetkombinat” AJning bir guruh ishchilari Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga yoziladigan taklif nusxasini Ozodlikka taqdim qildi:
“Men, Toshkent viloyati Bekobod shahrida yashayman. Davlatimizni hozirgi kunda olib borayotgan islohotlaridan juda ham mamnunman. Shuning uchun Konstitutsiyamizning 90 – moddasiga taklifim bor. Taklifim shundan iboratki Prezidentlik vakolati muddatini 7 yildan uzluksiz aylanishini va umrbod prezidentlikka saylanish taklifini bermoqchiman”.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini so‘ragan kombinat ishchilaridan birining iddao qilishicha, bu tadbirning boshida kombinat rahbariyati turibdi:
“23-iyul kuni kombinatimizga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kelgan edi. Shundan keyin Dilshod Tursunqulovich barcha sex boshliqlariga tayyor taklifnomaga ismi sharifini yozib, imzo qo‘yish topshirig‘ini berdi. Hamma o‘sha tayyor blankada prezident yetti yildan umrbodgacha qolsin, deb yozilgan qog‘ozga qo‘l qo‘yib berdi. Biz ham imzo qo‘ydik. Boshqa sehlardan so‘rasak ular ham qo‘l qo‘yib berishibdi. Bularni hammasini yig‘ib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga jo‘natishar ekan”.
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa ishchi ham qora ro‘yxatga tushib qolishidan xavotir bo‘lib shunday qog‘ozga majburan imzo qo‘yib berganini aytadi:
“Ijrochi direktorimiz Dilshod Ahmedov ilgari ichki ishlar akademiyasini bitirgan, DXXda ishlagan odam. Butun kombinatni shu boshqaradi. U ishga kelganidan so‘ng xavfsizlik va resurlarni himoya qilish bo‘limi ochildi. Quloqlar o‘sha yerga borib ma’lumot beradi. Shuning uchun hamma qo‘rqib qolgan, indamasdan imzo qo‘yib berdi”.
Ozodlik “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, ijrochi direktor Dilshod Ahmedovning qabulxonasi bilan bog‘landi. O‘zini direktor yordamchisi Doniyor deb tanishtirgan mulozim ishchilar iddaolarini yozib olganidan so‘ng, direktor bilan bog‘lanib natijasini aytishini bildirdi. Biroq yordamchi bilan boshqa bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Amaldagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90-moddasida prezidentlik muddati besh yil qilib belgilangan. Ayni paytda esa bu muddatni yetti yilga uzaytirish haqida takliflar bilvosita ko‘paytirilgani aytiladi.
Jizzax viloyat, Zomin tumanidagi davlat idoralaridan birida ishlaydigan, xavfsizligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlardan birining aytishicha, davlat korxonalri ishchilariga bu ish majburiy amalga oshirilgan:
“Xat bilan emas, og‘zaki, lekin barcha tashkilotlarga IIB, prokuratura, maktab, bog‘cha hammaga majburiy. Hokim yordamchilariga xam aytishmokda, fuqarolarga tanish davlat organidagilar iltimos qilishdi, 1341 ga chiqing va yetti yillik bo‘lsin deb. Zomin xalqi prezidentga ishonmay qoldi, avvaliga u ikki yil xalq uchun ishladi. Keyin esa qarindosh-urug‘lariga ishlayapti, pullarni ofshorga olib chiqib ketishyapti. Karimovning ikkita qizi yegan bo‘lsa, buning qarindoshi ko‘p ekan, bular hech to‘ymaydi deyishyapti”.
Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida yashovchi, ismi sir qolishini so‘ragan mahalla oqsoqollaridan birining aytishicha, prezidentni yetti yillik kursida qoldirish ishlari yashirin qilinyapti:
“Janubiy tumanlarda targ‘ibot bo‘lyapti xalqqa. Byudjet tashkilotlari xodimlariga topshiriq qilib aytildi. Byudjet tashkilotlari kadrlar bo‘limidagi ishchi va xodimlarning ismi shariflari bilan 1 odam 10-15 taning nomidan chiqib taklifini berdi. O‘zbeklar yashaydigan Amudaryo, To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy tumanlarida 1341ga qo‘ng‘iroq qilib prezidentlik muddatini yetti yilga cho‘zdirish imi-jimida qilindi. Birov bildi, birov bilmadi. Lekin buning hammasi befoyda ekanligini xalq yaxshi biladi. Agar butun O‘zbekiston xalq telefon qilib yo‘q, 90-modda o‘zgartirilmasin desa ham, baribir o‘zgartiriladi. Karimov davrida ham xuddi shunday bo‘lgan edi va u taxtda 26 yil, o‘lgunicha o‘tirdi”.
Referendum uchun mas’ul Markaziy saylov komisiyasi vakili Ozodlikning prezident muddatini cho‘zish uchun majburiy taklif yig‘ish kampaniyasiga doir savollarini javobsiz qoldirdi.
Hozircha konstitutsiyaviy komissiya asosiy qonunning yangi tahriri yuzasidan umumxalq referendumi sanasini e’lon qilganicha yo‘q, ammo mamlakatda referendumga tayyorgarliklar avjida. Avvalroq Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining maxsus missiyasi referendumga tayyorgarlik jarayonini baholash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Missiya umumxalq ovoz berishini kuzatish yoki kuzatmaslik borasida qaror qabul qiladi. Tashkilotning xalqaro kuzatuvchilar missiyasi o‘tgan yil oktabrida Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga saylangan ovoz berish jarayonlari muxolifatsiz va haqiqiy siyosiy raqobatsiz o‘tganini aytgan.
Kutilayotgan referendum O‘zbekistonning yangi tarixida uchinchi umumxalq ovoz berishi bo‘ladi. 1995-yildagi referendum natijalariga ko‘ra prezident Islom Karimov yana bir muddatga saylovlarsiz hokimiyatda qolgan, 2002-yilda esa, xuddi hozirgidek, konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritilishi vajidan prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgandi.
Konstitutsiyaning yangi tahriri umumxalq referendumida tasdiqlangani taqdirda, Shavkat Mirziyoyev 83 yoshgacha yoki umrbod hokimiyatda qolishi mumkin.
Uning o‘zi hozirgacha prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilgacha uzaytirish taklifi va 2026-yildan keyingi rejalari haqida gapirmagan.