Ziyolilar “Ozod Vatan” partiyasini tuzish uchun tashabbus guruhiga birlashdi

Sanjarali Imomov

Taniqli dramaturg Sanjarali Imomov 28 - iyun kuni o‘zining Feysbuk sahifasida o‘z oldiga yangi siyosiy partiya tuzishni maqsad qilib qo‘ygan 22 kishilik tashabbus guruhi tuzilganini e’lon qildi. Guruh tuzilajak partiyani “Ozod Vatan” , deb atashga qaror qilgan.

Sanjarali Imomovning Ozodlikka bildirishicha, Tashabbus guruhi a’zolari orasida iqtisodchi, huquqshunos, blogerlar bor. Guruhning ilk yig‘ilishi dramaturgning uyida bo‘lib o‘tgan.

Sanjarali Imomovning aytishicha, partiyani tuzishdan asosiy maqsad, siyosiy hokimiyat uchun kurash olib borish va O‘zbekiston xalqining iqtisodiy, siyosiy muammolarini hal qilish yo‘lida ishlashdir:

“Men “Erk” partiyasida 20 yilcha faoliyat ko‘rsatib keldim. “Erk”ni tiklayman deb ancha harakat qildim. Keyin o‘ylab qarasam, juda ko‘p ziddiyatli holatlar bor ekan. Agar hukumat boshqa muxolif partiyaga bir karra to‘sqinlik qilsa, “Erk”ka ikka karra to‘sqinlik qiladi. Keyin faollari ham yoshi o‘tib, 70 yoshlarni qoralab, sanoqli qolgan. Men shundan so‘ng yoshlardan partiya tuzishni rejalab yurdim. Lekin shu payt Xidirnazar Allaqulov o‘zining partiyasini e’lon qilib qoldi va men u partiyaga “erk”chi sifatida borib kuzatib yurdim. Keyin atrofimdagi yoshlar bilan domlaning partiyasiga yordam berdik. Ular qurultoy o‘tkazdi, partiyasini tuzdi, lekin Adliya vazirligi ikki marta ham ularni ro‘yxatga olmadi. Shundan so‘ng biz o‘z partiyamizni tuzishga kirishdik”.

Sanjarali Imomovga ko‘ra, “Ozod Vatan” partiyasining asosiy o‘zagi taniqli ziyolilar, iqtisodchilar va huquqshunoslardan tarkib topgan:

“Allaqulov partiyasi raisining sobiq o‘rinbosarlari Mahmud Davronov, Javlon Ahmedov, nazorat komissiyasi raisi Muhammad Xo‘jayevlar u yerda faoliyatini davom ettirolmaganidan keyin bizga kelishdi. Shuningdek, iqtisodchi olim Mahmud Davronov, “Shovvozsoy”ni kashf qilgan Aleksek Garshin, farg‘onalik yurist Nigora , “xitoychi” nomi bilan tanilgan Valijon Kalonov kabilar hozir tashabbus guruhi a’zolari. Lekin, bu oxirgi ro‘yxat emas, biz hali ko‘plab ziyoli va iqtisodchi olimlarni ham partiyamizga birlashtiramiz”.

Sanjarali Imomov bilan suhbatning to‘liq variantini quyida tinglang:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Ozod vatan" partiyasi tashabbus guruhi raisi Sanjarali Imomov bilan suhbat.