Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:47

Toshkentda "noma‘lum sabablarga ko‘ra" yana benzin taqchillashdi


Toshkentda yonilg‘i taqchilligi tufayli AYoQShlarga cheklangan miqdorda benzin berilmoqda, ayrim shahobchalar esa benzin yo‘qligidan yopib qo‘yilgan. Buning natijasida yoqilg‘i quyish shahobchalarida uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘lmoqda.

Toshkentdagi yoqilg‘i quyish shahobchalarida uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik radiosiga WhatsApp orqali joy-joylardan mushtariylar xabar bermoqda.

Mushtariylar jo‘natgan ma‘lumotlarga ishoniladigan bo‘lsa, Toshkentdagi yoqilg‘i shahobchalarining ko‘pchiligida benzin mutlaqo yo‘q. Benzin bor shahobchalarda esa yuzlab mashinalar navbat kutmoqda. Ammo bu shahobchalarda ham benzin oz bo‘lgani uchun, soatlab navbat kutgan ayrim haydovchilar quruq qaytishga majbur bo‘layapti.

WhatsApp orqali olinayotgan ma‘lumotlarda mushtariylar Toshkentdagi benzin viloyatlarga sotib yuborilayotgani va viloyatlarda benzin narxi 5 ming so‘mga ko‘tarilgani haqida gapirmoqda.

Ozodlik muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “O‘zneftegaz” va “O‘zbekneftmahsulot” shirkatlariga murojaat qildi. Biroq shirkat mutassadilari bu masala yuzasidan hech qanday ma‘lumot yo‘qligini, shuning uchun bu borada telefon orqali sharh berilmasligini bildirdilar.

Тошкентда "номаълум сабабларга кўра" яна бензин тақчиллашди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:33 0:00
Бевосита линк

“O‘zGazOyl” davlat korxonasi rasmiysi Ozodlik radiosi bilan suhbatda Toshkentda benzin taqchilligi mavjudligini qisman tasdiqladi. Uning aytishicha, shu kunlarda yoqilg‘i quyish shahobchalariga kuniga bir marta benzin chiqarilmoqda. Suhbatdosh benzin taqchilligi sabablarini bilmasligini aytdi:

-Benzinni sotib bo‘lgan bir-ikkita zapravkalarimiz yopilayapti. Lekin hamma zapravkalarga benzin berilayapti. Hozir endi sal navbatlar paydo bo‘lib qoldi. Shaharda navbat tez keladi-ku, yuzta turadimi, ikki yuzta turadimi, 15-20 minutda benzinni olib ketishayapti. Toshkentdagi zapravkalarda- vokzalda, Qoratoshda, Bananoviyda, Aloqada-katta-katta zapravkalarimizda benzin bor, xususiy zapravkalarda ham benzin bor. Lekin benzin tamom bo‘lishi bilan zapravkalarimiz yopilayapti. Ketma-ket benzin chiqarishga benzinimiz yo‘q. Kuniga bir marta benzin chiqarayapmiz. O‘sha benzinni sotib bo‘lgach, zapravkani yopadi, -dedi“O‘zGazOyl” rasmiysi.

Ozodlik muxbiri Toshkent vaqti bilan soat 14da shahardagi o‘nga yaqin yoqilg‘i quyish shahobchalariga sim qoqdi va bu shahobchalarning deyarli hammasida tushgacha benzin sotib bo‘linganini aniqladi.

Shahobchalar xodimlari bilan suhbat jarayonida Toshkentdagi benzin taqchilligi sabablaridan ayrimlariga ozgina bo‘lsa-da oydinlik kiritilganday bo‘ldi:

-Benzin hozir tugadi. Endi ertalab bo‘ladi. Soat 6-7 ochilayapmiz, navbat ko‘p bo‘layapti. Benzin juda kam berilayapti. Bazada benzin kam bo‘layapti, -dedi zapravkachilardan biri.

Biz surishtirgan o‘nga yaqin yoqilg‘i quyish shahobchalaridan faqat bittasidagina tushdan keyin benzin sotilayotgani aniqlandi.

-Ha, hozircha benzin bor. Navbat ko‘p, lekin. Chunki bugun hamma zapravkalarga ham benzin berilgani yo‘q. Ayrim zapravkalarga benzin berildi. Shuning uchun navbat ko‘p bo‘layapti. Benzin taqchilligining sababi nimada ekanini bilmayman. Ammo har yili yil oxirlab qolganida mana shunday vaziyat yuzaga keladi, -dedi yoqilg‘i quyish shahobchasi xodimi bo‘lgan suhbatdosh.

Shu yilning avgust oyida O‘zbekistonning barcha viloyatlarida benzin taqchilligi kuzatilgan edi. Benzin taqchilligi tufayli Xorazm viloyati 6 kun davomida yonilg‘isiz qolgani xabar qilingan. Qolgan viloyatlarda esa benzin uchun uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘lgan. O‘shanda “O‘zneftmahsulot” butun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan holda mamlakatda benzin taqchiligi yo‘qligi haqida bayonot bergan.

XS
SM
MD
LG