Линклар

Шошилинч хабар
08 январ 2025, Тошкент вақти: 17:35

Gulnora Karimovadan uning targ‘ibotchisi Firdavs Abduholiqov yuz o‘girdi


Firdavs Abduholiqov Gulnora Karimova bilan (Surat UzLife saytidan olindi)
Firdavs Abduholiqov Gulnora Karimova bilan (Surat UzLife saytidan olindi)

Islom Karimovning qizi - Gulnora Karimovaning yonida 10 yilga yaqin ishlagan va bu muddatda, mahalliy jurnalistlar ta’biricha, "O‘zbekistondagi eng yirik mediamagnatga" aylangan Firdavs Abduholiqov sobiq rahbarining kirdikorlarini fosh qiluvchi maqola chop etdi. Unga qarashli "Darakchi" gazetasidagi maqola Karimova og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, hibsda saqlanayotgani rasman ochiqlangach, paydo bo‘ldi.

Rasmiy bildirgi

Abduholiqov bu maqolasini aynan hozir yozgani sababini Gulnora Karimovaga qo‘yilgan ayblovlar rasman e’lon qilinishi bilan "axborotni oshkor etish borasidagi rasmiy to‘siqlarning barchasi olib tashlangani" va "shaxsiy fuqarolik pozitsiyamni bildirishi lozimligini anglagani" bilan izohlagan.

U maqolasining boshidayoq Gulnora Karimova yetakchilik qilgan biror tashkilotda birorta lavozimni egallamagani, ammo Gulnora boshchiligidagi loyihalar "ushbu xatti-harakatlar insonlarga foyda keltirishiga, juda ko‘p ijtimoiy muammolarni hal etishiga ishongan"i bois unga yordam berganini rasman bildirishini aytgan.

"Fursatdan foydalanib, aytishim lozimki, men Fond Forumda biror rasmiy lavozimni egallamaganman va ayrim xorijiy OAVlar shov-shuv ko‘targanidek, uning matbuot kotibi ham bo‘lmaganman. Shuningdek, Gulnora bilan hamkorlikdagi faoliyatdan hech qanday tijoriy maqsadni ham ko‘zlamaganman", deya qo‘shimcha qiladi Abduholiqov.

Shu tariqa, Gulnoraning jinoiy faoliyatiga aloqadorligini mutlaqo inkor qilgan mediamagnat, o‘ziga qarashli gazetada chiqargan maqolasida, marhum prezidentning qizi "sodir etgan jinoyatlarning moliyaviy-ma’naviy" ko‘lamini, go‘yoki, fosh etgan.

Chil-chil singan "samimiy ishonch"

Abduholiqov 2004 yildan boshlab Gulnora Karimova rahbarlik qilgan "Forum fondi" tashkiloti tadbirlarini respublika bo‘ylab uyushtirish va o‘tkazishda qatnashgani va o‘zi rahbari bo‘lgan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiatsiyasiga (NEOAVMA) qarashli nodavlat telekanallar bilan birgalikda tadbirlarni faol targ‘ib qilganini yozadi.

"Biz shuningdek, uning faoliyatini keng yoritganmiz... Boshqacha aytganda, butun mamlakatni qamrab olgan xayriya tadbirlarida ishtirok etayotganlarning aksariyatini ularning beg‘arazligiga ishonishgandi", deya qo‘shimcha qiladi mediamagnat.

Unga ko‘ra, avvaliga, bu tadbirlarda ishtirok etganlar rahmat eshitgan va yorliqlar bilan rag‘batlantirilgan. Ammo, bora-bora, butun respublikani qamragan, minglab kishilar mehnati evaziga qilinayotgan ishlar uchun birgina Gulnora Karimovani olqishlash boshlangan.

Ammo, 2010 yilga kelib, "Gulnoraning muzaffarona odimlarini jahon matbuotida tarqalayotgan, uning noqonuniy tijoriy faoliyatiga oid turfa axborotlar tez-tez ta’qib eta boshladi".

Xorij OAVdagi "yashirib bo‘lmas faktlar"

2012 yilning yoziga kelib "xorij OAV"larida, Abduholiqovga ko‘ra, Gulnoraning nomiga bog‘langan korruptsion mojarolar "bir necha millionlar bilan o‘lchanadigan poraxo‘rlik holatlari, noqonuniy o‘zlashtirishlar haqidagi rad etib bo‘lmas faktlarga asoslangan maqolalar" berila boshlagan.

​Shundan so‘ng, go‘yoki, Gulnora matbuot anjumanlarini uyushtirib, o‘zini oqlash harakatiga tushgan va "borgan sari asabiylashib, quyushqondan chiqib borardi".

Abduholiqovning iddaosicha, Karimova Shveysariyadagi shirkatlarining vakillari qo‘lga olinganida, "Ayollar kengashi" tashkiloti xodimlarini Shveysariyaning Toshkentdagi elchixonasi yonida piketga chiqishga majburlagan.

O‘z tadbirlariga, avvaliga, ixtiyori bilan homiylik qilgan tadbirkorlarni, bora-bora, ta’qib-tazyiq tahdidi bilan majburlab homiylik qildirishga tushgan.

"Gulnora sal bo‘lsa-da, fikri, nuqtai nazari o‘zinikidan farq qiladigan kishilarni chetga surardi. Men ham bir gal ana shunday vaziyatga tushganman: o‘shanda men buxorolik oqsoqol va mutaxassislar noroziligiga asoslanib, Bibi Orifa masjidi va maqbarasidagi qo‘shimcha qurilishni qo‘llab-quvvatlamagan, ushbu obidani faqat ta’mirlash bilan cheklanishga erishgan edim. Bu tortishuvni u eslab qolgan ekan", deb yozadi mediamagnat.

Malikaning tahdidi

Iddaosicha, 2013 yilning mayida Firdavs Abduholiqov Uzreport-TV ochilishiga "ha", deb javob bergani uchun Gulnora tomonidan xiyonatda ayblangan. Go‘yoki, o‘sha voqeadan so‘ng, ya’ni 2013 yilning 15 mayidan Abduholiqovga qarashli STV - O‘zbekistondagi ilk nodavlat telekanali bo‘lgan Samarqand telekanali ustidan tekshiruvlar boshlangan, uning xodimlari ortidan esa "oshkora tazyiq" bo‘lgan.

Abduholiqovga ko‘ra, u so‘nggi bor 2013 yilning oktabr oyida Gulnora bilan shaxsan uchrashgan. O‘shanda Gulnora, go‘yoki, Abduholiqov ortidan boshlangan tekshir-tekshirlarni to‘xtatish evaziga, undan "o‘z tarafiga o‘tish"ni talab qilib, ultimatum qo‘ygan.

Firdavs Abduholiqov, go‘yoki, o‘sha uchrashuvdan so‘ng Gulnoraning sog‘lom fikrlay olmay qolganiga, uning "o‘zini oqlash uchun boshqalarning yuziga loy chaplashga tayyor ekani va ushbu vaziyatda uning ta’qiblaridan yashirinish men uchun eng to‘g‘ri yo‘l ekan", degan xulosaga kelgan.

Yangi hukumatga olqishlar

Shu tariqa, qariyb 10 yil xizmatini qilgan eski rahbarining g‘azabidan qanday omon qolganini ilk kez izohlagan Abduholiqov, maqolasi so‘ngida, yangi hukumat - sobiq bosh vazir, endilikda prezident Shavkat Mirziyoevning siyosatini olqishlab o‘tishni ham unutmagan.

Bundan bu yog‘iga mamlakatda keng ko‘lamdagi islohotlarni amalga oshirish yoki tadbirlarni o‘tkazish uchun "korrupsiya va jinoyatchilikka asoslangan “saltanatini” yaratishiga hojat yo‘q"ligini ta’kidlagan Abduholiqov: "2016 yilda tuzilgan Xalqaro Press-klubdan tortib, yaqinda ta’sis etilgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqigacha (ularning sanab sanog‘iga etish qiyin) fikrimizning isboti bo‘la oladi", deb xulosa qiladi.

Mediamagnatning g‘oyib bo‘lishi

Asli samarqandlik 54 yashar Firdavs Abduholiqov O‘zbekistonda bir qator nashrlarning egasi sifatida tanilgan.

Maqolasida yozgani kabi, 2013 yilning oktabrida O‘zbekistondagi qator nodavlat telekanallar - Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari yopilgan kezda, oxirgisi bo‘lib, unga qarashli STV - Samarqand telekanali ham efirdan uzilgan edi.

Bu telekanallarning barchasi O‘zbekistondagi media bozorni to‘liq nazoratiga olgan NEOAVMA - Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari milliy asotsiatsiyasi orqali uning rahbari bo‘lgan Firdavs Abduxoliqovga hisob beradi.

Uning esa bu telekanallarning sahna ortidagi asl egasi ekani aytilgan prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga hisob berishi va media sohasida uning asosiy boshqaruvchilaridan biri ekani iddao qilingan.

2013-2014 yillar davomida O‘zbekiston prokuraturasi va MXX xizmati tomonidan Gulnora Karimova asos solgan biznes imperiya, xususan, nodavlat telekanallar faoliyati ham to‘liq to‘xtatilgan, buning ortidan bir qator mas’ullar, shu jumladan, G. Karimovaning o‘ziga ham jinoyat ishi ochilgani rasman e’lon qilingan.

O‘sha kezda norasmiy manbalar "mediamagnat" Firdavs Abduxoliqov ham hibsga olinganini iddao qilgan, Ozodlikning u bilan bog‘lanish urinishlari natija bermagan edi. Bugunga kelib "Darakchi" gazetasida chiqargan maqolasida iddao qilishicha, o‘sha kezda u Gulnoraning ta’qibidan yashirinib yurgan.

Jurnalist-mediamagnat

Asl kasbi rus filologi bo‘lgan, Oliy Majlisning 54 yashar deputati Firdavs Abduholiqov 1991 yilda O‘zbekistondagi ilk nodavlat telekanal va gazetani ochish bilan birga 2003 yildan buyon mamlakatdagi 60dan ortiq axborot vositasini birlashtirgan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga rahbarlik qilib keladi.

Bundan tashqari, 2008 yillardan boshlab, u Gulnora Karimova yetakchiligida bo‘lgan va 2013 yilning oxirida yopilgan "Forum fondi" tashkiloti tadbirlarida faol ishtirok etgan amaldorlardan biri sifatida muttasil matbuot ko‘z o‘ngida bo‘lgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi ilk ko‘ngilochar gazeta hisoblangan va juda katta tirajda chop etilgan "Darakchi" gazetasi, bu gazeta va yana bir necha ko‘ngil ochar nashrlarni chop ettirayotgan "Darakchi" ijod uyining ham Abduholiqovga tegishli ekani aytiladi.

Bu nashrlar ham, Gulnora Karimovaga tegishli biznes imperiya qulashi arafasida "takror tekshiruvlardan" o‘tgan, qisqa muddatga yopilib-ochilgan edi.

XS
SM
MD
LG