30 yanvar kuni Stokholmda boshlangan matbuot anjumanida prokuror Xans Ihrman O‘zbekiston vatandoshi Rahmat Oqilovni terrorchilikda aybladi. Rahmat Oqilov o‘tgan yilning aprelida Stokholmda piyodalar ustiga yuk mashinasini haydagan va bu hujumda 5 kishi o‘lgan edi. Prokuror unga umrbod qamoq jazosini so‘radi.
9 ming sahifalik ayblov, 155ta da’vo
Shvetsiya prokuraturasining milliy xavfsizlik bo‘yicha departamenti rahbari o‘rinbosari Xans Ihrman Oqilov ustidan dastlabki tergov xulosasini e’lon qildi.
Xulosaga binoan Rahmat Oqilov terrorchilik, terrorchilikka urinish, boshqalarning hayotiga tahdid solishda ayblanmoqda.
Oqilov 2017 yilning 7 aprelida Stokholm markazidagi Drottninggatan ko‘chasida yuk mashinasini piyodalar ustiga haydagan, oqibatda, 11 yashar bir qizaloq doxil 5 odam o‘lgan, 14 kishi jarohatlangan edi.
The Local Internet nashrining xabar qilishicha, matbuot anjumani avvalida prokuror: "Mening maqsadim uning (Rahmat Oqilovning - tahr.) bizning oramizda erkin harakatlanishini mutlaqo cheklashdir", deb gap boshlagan.
Oqilov ustidan tergov xulosasi 9 ming sahifadan iborat, jami 1 ming 700ta guvohlik ko‘rsatmasiga asoslangan.
Oqilovga qarshi 155 kishi da’vo arizasini kiritgan, bularning 5 tasi qurbonlarning yaqinlari, 15 tasi og‘ir jarohatlanganga tegishli.
5 ta qo‘lbola bomba
Seshanba kuni e’lon qilingan ayblovda yozilishicha, Oqilov o‘g‘irlangan yuk mashinasini Stokholm markazidagi piyodalar bilan gavjum Drottninggatan ko‘chasida katta tezlikda haydagan, keyin qo‘lbola bombani portlatishga uringan.
Ayblovga ko‘ra, qo‘lbola bombalar shurup, metal parchalari va lezvie siniqlari bilan to‘ldirilgan 5 ta butan gazi kanistirida hozirlangan.
O‘sha kuniyoq qo‘lga olingan 39 yashar Rahmat Oqilov jinoyatni bo‘yniga olgan va afsus qilmasligini bildirgan.
Shuningdek, The Local Internet nashrining yozishicha, matbuot anjumanida prokuror Ihrman Oqilovning "hujumga qadar islomiy terrorni qo‘llab kelganini ko‘rsatuvchi aniq ishoratlar bor"ligini bildirgan.
Radikallarga aloqadorlik
Ayblovga ko‘ra, Oqilov radikallashgan shaxs bo‘lgan va uning radikallashuvi hujumdan qisqa muddat avval yuz bermagan. Ya’ni, uning qancha muddat davomida va aynan qaerda radikallashgani hozircha sud jarayonida aniqlanishi lozim bo‘lgan masaladir.
Matbuot anjumanida prokuror Ihrman, bu hujum vositasida Oqilov Shvetsiyaning "Islom davlati" ekstremistik guruhiga qarshi xalqaro koalitsiya safidagi kurashiga zarar yetkazishni maqsad qilgan, deb ta’kidladi.
Ayblovda yana keltirilishicha, Rahmat Oqilov hujumga qadar bir necha oy davomida radikal Islomiy guruhlarga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar bilan onlayn aloqada bo‘lgan va ularga ham "Islom davlati" guruhi nomidan hujum qilishni taklif qilgan.
"Stokholm gey klubi"
Shu tariqa, tergov-tekshiruv natijasida Oqilov bu hujumga bir necha oy davomida hozirlik ko‘rgan, degan xulosaga kelingan. Bunga isbot o‘laroq prokuror kuzatuv kameralariga tushgan suratlar - Oqilovning hujumdan oldin Drottninggatan ko‘chasiga borgani, u yerni suratga olayotgani aks etgan fotosuratlarni taqdim qildi.
Shuningdek, ayblovda Oqilov Google tarmog‘ida "Stokholm gey klubi" so‘zlari bilan qidiruv bergani aniqlangani ham qo‘shimcha qilingan.
Amalga oshmagan xudkushlik
Hujum bo‘yicha politsiya tergovi rahbari Krister Nilssonning mahalliy Aftonbladet nashriga aytishicha, Rahmat "Oqilov hujumdan so‘ng omon qolishini kutmagan". Aksincha, yuk mashinasini portlatib, ichida o‘zining ham o‘lshini rejalagan. Shuningdek, politsiya tergovchilari Oqilov tergov jarayonida hamkorlik qilgani, barcha savollarga ochiq javob berganini qayd etishgan.
Aftonbladet nashrining yozishicha, mahkamaga Oqilovning o‘zi ham olib kelinadi va tinglanadi.
Shvetsiyalik jurnalist Ola Vesterbergning xabar qilishicha, Oqilov ustidan mahkamaning 13 fevralda boshlanishi kutilmoqda.
Abdulaziz Komilov bayonoti
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 14 aprelda o‘tgan matbuot anjumanida Oqilov 2014 yil O‘zbekistonni tark etib, Shvetsiyaga ketganini aytgan edi.
Komilov maxsus xizmatlardan olingan ma’lumotga tayanib, Oqilovni Shvetsiyada “Islom davlati” radikal guruhi yollaganini ham bildirgan.
“Islom davlati” guruhiga aloqadorlik
Shvetsiyadagi Expressen nashri huquq-tartibot idoralaridagi o‘z manbasiga tayanib Rahmat Oqilov tergov paytida Stokholmdagi hujumni sodir etish buyrug‘ini “Islom davlati” guruhidan olganini aytgan.
Expressen nashrining politsiyadagi manbasiga tayanib xabar berishicha, “Oqilov tergov paytida o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olgan.
2016 yildan beri Stokholmdan tashqari Yevropaning bir necha shahrida, jumladan, Barselona, London, Berlin va Nitssada avtobillar yordamida terror hujumlari amalga oshirildi.