O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Aydarbek Tulepov 17 fevral kuni ishdan olindi. Idoradan olingan ma’lumotga ko‘ra, aynan Tulepov Milliy xavfsizlik xizmatining (MXX) bu tashkilotdagi kuratori vazifasini bajarib kelgan. Bundan tashqari, toshkentlik bir necha diniy xizmatchi MXXning masjidlarga biriktirilgan kuratorlari ham chaqirib olinganini aytmoqda.
Aydarbek Tulepov ishdan bo‘shadi
20 fevral kuni Ozodlikka yuborilgan hujjat nusxasida Diniy idora raisi o‘rinbosari Aydarbek Tulepovning o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shash uchun ariza yozgani aytilgan.
Tulepov 2006 yilning bahoridan buyon idora raisiga o‘rinbosarlik qilib kelayotgan edi.
Diniy idora Toshkent shahar vakilligida ishlaydigan mulozimning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Tulepov MXXning idoradagi vakili bo‘lgan.
"Tulepov Milliy xavfsizlik xizmatining vakili sifatida idorada ishlar edi. Xavfsizlik idorasi, bilasiz, xavfsizlikni saqlaydi. U ham shu ishni qilardi. O‘z xohishi bilan arizani yozdi, muftiy qo‘l qo‘ydi, ketdi-da", dedi idoraning Toshkent shahar vakilligida ishlaydigan, ismi ochiqlanishini istamagan mulozim.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan Tulepovning ishdan olinishi, uning MXX vakili bo‘lganiga oid ma’lumotlarga hozircha rasman izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
MXXning masjidlardagi kuratorlari ham ishini to‘xtatdi
Ammo, shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan diniy qo‘mita rasmiylaridan birining Ozodlikka aytishicha, nafaqat Tulepov, balki MXXning Diniy idora qoshidagi masjidlarga biriktirilgan vakillari ham ishini vaqtincha to‘xtatgan.
"Hozir MXXning o‘zida restrukturizatsiya ketayapti, bilasiz. Shuning uchun, MXXning turli tashkilotlardagi vakillarining hammasi ishini vaqtincha to‘xtatdi. To‘g‘ri, Tulepov sog‘ligim to‘g‘ri kelmagani uchun, deb ariza yozdi, bu endi alohida masala. Lekin, uning o‘rniga boshqa kurator keladimi yoki umuman, bunaqa kuratorlar bekor bo‘ladimi - uni hozir hech kim bilmaydi. Hammasi kutilayotgan qonunga bog‘liq", dedi Diniy qo‘mitaning ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mulozimi.
O‘zbekiston televideniesida ishlaydigan jurnalistlardan biri ham Toshkentdagi masjidlarga joylashtirgan MXX kuratorlarining o‘tgan haftada chaqirib olingani haqidagi ma’lumotdan xabari borligini aytdi.
"Aydarbek Tulepov ishdan ketishidan sal oldin MXXning kuratorlari chaqirib olindi, deb aytishdi bizga. Juma namoziga borsak, haqiqatda ham "quloqlar" ko‘rinmadi. Ular jamoaga tanilib qolgan-ku endi", dedi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan jurnalist.
Ayni paytda, Toshkentdagi masjidlardan birida ishlaydigan imom-noiblaridan birining Ozodlikka aytishicha, prokuratura xodimlari shu kunlarda masjidlardagi "MXX ayg‘oqchilari"ni aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.
"Prokuraturaning odamlari masjidlarda yuribdi, MXXning ayg‘oqchilarini aniqlayapti", dedi ismini oshkor etishni istamagan imom-noibi.
MXX haqidagi qonun loyihasi
O‘zbekistonda kutilayotgan "Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasi shu yilning 10 oktabrgacha ishlab chiqilishi lozim. Bu haqida shu yilning yanvarida e’lon qilingan "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili" davlat dasturi loyihasida belgilab qo‘yilgan.
MXX haqidagi qonun loyihasini tayyorlash uchun mas’ul idoralar prezident devoni, MXX, IIV, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligidir.
Prezident MXXni keskin tanqid qildi
1991 yilning sentabr oyida tuzilgan MXX o‘z faoliyatining 27 yili davomida biror marta isloh qilinmagan, davlat rahbarining tanqidiga uchramagan tashkilot bo‘lib qolayotgan edi.
Shu yilning 19 yanvarida Surxondaryo viloyatidagi Qiziriq tumani hokimligida viloyat faollari bilan uchrashgan prezident Mirziyoev ilk bor bu tashkilotni keskin tanqid qildi.
- Bular hali xalqning qadriga yetmagan. Bular oylik berish, pogon berish (ga loyiq -tahr.) birorta ish qilgani yo‘q bular... Nima emish, bitta noinsof, bitta rayonning SNBsini boshlig‘ining mashinasini obgon qipti hokimni mashinasi, borib uni qamab qo‘yipti. E, kimsan o‘zi san? Kim sanga bu vakolatni berdi? Sani pogoningni olib tashlayman kerak bo‘lsa! Bu zamon o‘tib bo‘ldi Surxondaryoda! - deydi Ozodlik ixtiyoriga yuborilgan audioyozuvda prezident jumladan.
Bu chiqishidan 11 kun o‘tib, Prezident Mirziyoev 31 yanvar kuni Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovni ishdan oldi.
O‘sha kuni Milliy xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishini o‘tkazib, idoraning ayrim bo‘linmalari va hududiy boshqarmalari faoliyatini tanqid qilgan prezident tashkilot tarkibiy tuzilishi qayta ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.