Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:32

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidan noqonuniy mol olib o‘tgan aka-ukalar otildi. Biri o‘ldi.


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

4 aprel kuni Andijon viloyati hududidagi o‘zbek-qirg‘iz chegarasida o‘zbek askari qorasuvlik uch vatandoshiga o‘t ochdi. Viloyat huquq tizimi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ chegarani noqonuniy kesib o‘tayotgan paytda otilganlardan biri - 24 yashar Ahliddin Dehqonov olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan, uning akasi va yana bir sherigi hozirda shifoxonada davolanmoqda.

Voqea 4 aprel kuni soat 20:25 da Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani hududida sodir bo‘lgan.

Voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor mahalliy mulozimga ko‘ra, o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan o‘tayotgan uch nafar qorasuvlik yigit o‘zbekistonlik harbiy tomonidan otilgan.

"9228-sonli harbiy qism harbiysi, farg‘onalik 31 yashar askar X.N.S. (Ozodlikda askarning to‘liq ismi sharifi bor.- tahr) Qorasuvda yashovchi uch yigitni otgan. Yaralangan yigitlardan ikkitasi aka- uka Odilbek bilan Ahliddin va ularning sherigi Nozimbek Qorasuv shahar Shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasiga yotqizilgan”, dedi tafsilotlardan xabardor mulozim.

Qorasuv shahar Shoshilinch tibbiy yordam markazidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yaralangan yigitlardan biri - 24 yashar Ahliddin Dehqonov olgan jarohatlari tufayli jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

“Dehqonov Ahliddin Ahmadjonovich reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgach, uch soatdan so‘ng vafot etdi. Uning ko‘krak qafasi, o‘pkasi lat yegan. 4 va 5- qovurg‘asi singan, umurtqasi ham shikastlangan. Travmaticheskiy shok bo‘lgan. Uni saqlab qolish imkoni bo‘lmadi. Ahliddinning akasi, Xolbekov Odil Ahmadjonovichning vaziyati yaxshi. Uning ko‘krak qismining chap qismini o‘q yalab o‘tgan. Ichki organlari lat yemagan. Mamatqulov Nozim Komilovichning ham ahvoli yaxshi, unig o‘ng yelka suyagiga o‘q tegib o‘tgan. Hozir u oddiy palataga olib o‘tildi”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan shifoxona xodimlaridan biri.

Voqea tafsilotlaridan bevosita xabardor huquq tizimi rasmiysi Ozodlikka qorasuvlik uch yigitning chegaradan noqonuniy o‘tayotgan payti otilganini bildirdi.

“Qorasuv shahar, Uch tegirmon MFY, Terakzor ko‘chasida yashovchilar, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta, oilali, 2 nafar farzandi bor, hech qaerda ishlamayotgan, 1988 yilda tug‘ilgan Xolbekov Odil Ahmadjonovich va uning ukasi o‘rta ma’lumotli, uylanmagan, hech qaerda ishlamayotgan, 1994 yilda tug‘ilgan Dehqonov Ahliddin Ahmadjonovich hamda Qorasuv shahar Mustaqillikning 15-yilligi MFY, Bo‘rilik ko‘chasi, 42-uyda yashovchi, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta, oilali, 2 nafar farzandi bor, hech qaerda ishlamayotgan, 1990 yilda tug‘ilgan Mamatqulov Nozim Komilovichlar chegara chizig‘idan aylanma yo‘llar orqali Qirg‘iz Respublikasidan Davlat chegarasini buzib, O‘zbekiston Respublikasi hududiga 3 dona qutida, jami 330 dona uyali aloqa vositasini noqonuniy olib o‘tmoqchi bo‘lgan, ular harbiy xizmatchining qonuniy talablariga bo‘ysunmaganligi sababli harbiy ularga nisbatan o‘q uzgan”, dedi voqea tafsilotlaridan bevosita xabardor mulozim.

9228-sonli harbiy qismning Ozodlik bog‘langan vakili voqea bo‘yicha tergov harakatlari boshlanganini bildirdi.

“Bu holat bo‘yicha tergov organlari faoliyatni boshlagan. Yaqinda tergov organlari vakillari rasmiy bayonot berishadi. Shu bayonot orqali voqeaga doir barcha ma’lumotni bilib olasiz”, dedi harbiy qism xodimi 5 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Qorasuvdan olingan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, 5 aprel kuni Ahliddin Dehqonovning dafn marosimi o‘tkazilgan, uning akasi, shifoxonada davolanayotgan Odilbek ukasining dafn marosimida ishtirok etish uchun kasalxonadan ruxsat olib, uyiga borib-kelgan.

Hozircha Ozodlik chegaradan noqonuniy mol olib o‘tganlarga qarata o‘t ochgan o‘zbek harbiysining keyingi taqdiriga oid ma’lumotga ega emas.

2017 yil sentabrda O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaradan o‘tishlar bo‘yicha cheklovni bekor qilgan.

Joriy yil yanvariga kelib, qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan o‘tayotganlar soni ikki barobarga ko‘paygani aytildi. Jumladan, “Qadamjoy” postida yo‘lovchilar oqimi bir sutkada 2000-2500 kishini tashkil qilayapti.

Ayni paytda chegaradan noqonuniy yuk olib o‘tish holatlari ham davom etayotgani kuzatilmoqda.

DXX Chegara qo‘shinlari joriy yilning 30 mart kuni e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra¸ 2017 yil davomida o‘zbek chegarachilari tomonidan davlat sarhadlarida 5 mingga yaqin chegarabuzar qo‘lga olingan¸ 32 milliard so‘mlik kontrabanda mahsulotlari, 1 million 880 ming dollar va boshqa davlat valyutalari, 48 kilo 971 gramm giyohvand modda va 285 dona qurol ushlab qolingan.

Jumladan¸ DXX ga ko‘ra¸ o‘tgan oy o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan 573 280 dollarni noqonuniy olib o‘tayotgan fuqaro, chegarachilarga duch kelgach, pul solingan sumkani tashlab qochgan.

XS
SM
MD
LG