Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:35

O‘zini osgan mardikor yigitning jasadi uch kundan so‘ng molxonadan topildi


Navoiydagi mardikor bozori
Navoiydagi mardikor bozori

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi Gulshan mahallasida yashagan 24 yashar Jahongir Obloqulov 3 iyun kuni ish izlab ketyapman deb uydan chiqqan va molxonaga kirib o‘zini osgan.

Voqea guvohlarining aytishlaricha, oradan uch kun o‘tib, qo‘lansa hid chiqqandan keyin, uning yaqinlari molxonaga kirib, uni osilgan holda ko‘rishgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi Jahongirni o‘zini uch kun oldin osganligini tasdiqlagan. Bu ish yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib bormoqda.

Marhum qo‘shnilaridan birining Ozodlikka aytishicha, Paxtachi tumanidagi Do‘stobod qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Gulshan mahallasida yashagan Jahongir Obloqulov ishsiz bo‘lib, ro‘zg‘orini mardikorchilik bilan tebratgan:

“Onasining aytishicha, Jahongir shanba kuni ishga ketyapman deb uydan chiqib ketgan. Lekin u uydagilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, molxonaga kirib ketgan ekan. Ikki kecha uyga kelmagan, onasi va homilador xotini xavotir bo‘lgan. Uchinchi kun molxona tomondan sassiq hid kela boshlagan va kirib ko‘rishsa u osilib turgan ekan”, dedi gulshanliklardan biri.

Ismi sir qolishini so‘ragan Gulshan mahalla faollaridan birining taxmin qilishicha, Jahongir iqtisodiy qiyinchiliklarga dosh berolmay, o‘zini osgan bo‘lishi mumkin:

“Bu yigitni yaxshi bilaman. Kambag‘al oiladan, otasi yo‘q, xotini homilador va kasal bo‘lgan. Xotinini davolatish uchun pul topolmagan. Mardikorlikdan topgani esa ro‘zg‘ordan ortmagan. Bizda ishsizlik darajasi juda yuqori. Imkoni borlar Rossiyaga ketgan, imkoni yo‘qlari Navoiydagi mardikor bozoriga boradi. Biror ish chiqsa yaxshi. chiqmasa, uyga yana quppa-quruq qaytib keladi”, deydi mahalla faoli.

Paxtachi tumani hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Militsiyadan olgan ma’lumotimga ko‘ra, uning yonidan xat-pat chiqmagan. Hech kimga ham o‘z joniga qasd qilishi mumkinligi to‘g‘risida ham gapirmagan. Sud-tibbiy ekspertizasi uni qariyb uch kun osilgan holda turganligini aniqlagan. Ayni paytda bu ish yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib bormoqda”, dedi mulozim.

O‘zbekistonda turmush qiyinchiliklariga dosh berolmay yoki katta miqdorda qarzdor bo‘lib qolgan shaxslarning o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 9 noyabr kuni Samarqand viloyat Xalq deputatlari kengashida qilgan chiqishida¸ viloyatdagi dolzarb muammolar qatorida ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish darajasining yuqoriligicha qolayotganini tilga olgan edi.

“Bu ko‘rsatkich 145 tani tashkil etadi”¸ degan prezident¸ bu raqamning qaysi davrga oid ekanini ham¸ ayollarni o‘zini o‘ldirishga majburlayotgan omillarni ham aniqlashtirmagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti​ga ko‘ra, 2010 yilda har 100 ming o‘zbekistonlikdan 7 nafari o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa¸ 2016 yilga kelib¸ bu nisbat har yuz mingdan 9,2 ni tashkil qilgan.​

Bu tashkilotning 2016 yilgi hisobotiga ko‘ra¸ o‘z joniga qasd qilish dunyo bo‘ylab 15-29 yoshdagilar o‘rtasida eng ko‘p uchraydi va keyingi yillarda suitsid 15-19 yoshdagi qizlar o‘rtasidagi o‘limning birinchi sababiga aylangan; o‘zini o‘ldirayotganlarning 80 foizga yaqini kambag‘al yoki o‘rtahol oilalardan.

XS
SM
MD
LG