Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:37

Moskvada "Nolegal-2018" muhojir ovi davom etmoqda (VIDEO)


Perovo politsiya bo‘limida muhojirlar kun davomida mana shu ahvolda turishga majbur
Perovo politsiya bo‘limida muhojirlar kun davomida mana shu ahvolda turishga majbur

Huquq faollari Moskva politsiyasi mehnat muhojirlarini noqonuniy tarzda tekshirish va politsiya bo‘limida ommaviy tarzda ushlab turish amaliyotini davom etayotganini bildirdi.

Ozodlikka taqdim etilgan videoda Moskva politsiya uchastkalaridan birida 28 nafar migrant, jumladan O‘zbekiston grajdanlarining ushlab turilganini ko‘rish mumkin.

2018 yilning 17 sentabrida ertalabki 8 larda tojikistonlik 35 yoshli Firuz Haydarov Moskvaning “Perovo” metro bekatiga kirib ketayotganida politsiya xodimlari tomonidan to‘xtatildi.

- Ular yonimga keldi va bir necha kishi meni qurshab oldi. Men ulardan hujjatlarini va to‘xtatilganimni asoslab berishlarini so‘radim. Men pasportimni olsam, ular “Qo‘limga ber!”, deb tortib oldi va chetga o‘tib boshqa o‘tayotgan migrantlardan hujjatlarini tekshirishni davom ettirdi. Pasportni qaytarib berish talablarimni inkor etganidan keyin men videoga olishni boshladim. Seledkin ismli boshqa uchastkovoy yonimga kelib, qo‘limni qayirib, kishan solib, jinoyatchiga o‘xshatib “Gazelda” bo‘limga olib keldi, deydi Ozodlikka tafsilotlarni gapirgan Firuz Haydarov.

Uch soat ushlab turilganidan keyin muhojir yigit “Perovo” politsiya bo‘limidan protokol tuzilmasdan chiqarib yuborilgan, ammo birozdan keyin uning qo‘l telefoniga go‘yoki USB – Ichki xavfsizlik boshqarmasidan xodim qo‘ng‘iroq qilib, bo‘limga qaytib kirishni so‘ragan.

“Keyin bilsam, ular meni USBdan deb aldab qaytarib olishibdi”, deya davom etadi Firuz:

- Meni ichkariga xonaga olib kirishdi. Shu payt boyagi uchastkovoy kelib, meni ushlab qolayotgani to‘g‘risida protokolni ko‘rsatdi. Ular meni 18.8 modda asosida “registratsiyaning muddati o‘tib ketgan” deb ma’muriy ish ochibdi. O‘sha yerda mendan tashqari yana 50 tacha odam bor edi. Dejurniyning o‘zi odam ko‘pligidan norozilik bildirayotgandi. Aslida mening registratsiyam joyida, u yerga men ancha yildan buyon qaydga turaman, o‘nlab marotaba tekshirishgan – hammasi joyida bo‘lgan. Menimcha, uchastkovoy Selyodkin meni ayblash uchun soxta qog‘ozni ko‘rsatib, ma’muriy protokol tuzib keldi, dedi tojikistonlik muhojir.

Firuz Haydarov noqonuniy ushlab turilgani va soxta protokol asosida 5 ming rubllik jarimaga tortilganidan shikoyat qilib yurist Valentina Chupikka murojaat etgan.

“Perovo” politsiya bo‘limiga borgan huquq himoyachisi Valentina Chupik Ozodlik bilan suhbatda u yerda o‘nlab migrant noqonuniy ravishda ushlab turilganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

- Man 13:32 dan kechki soat 10-gacha bo‘limda bo‘ldim. Kelganimda politsiyada o‘tirgan 28 kishini men videoga oldim. Migrantlarning ikkinchi partiyasini politsiyaga soat 17:15-larda olib kelishdi. O‘sha yerda turib va olib kelganlarni hisoblab, men bo‘limga ko‘z oldimda jami 92 kishini olib kelishganiga guvoh bo‘ldim. Ulardan 11 kishi, jumladan Firuz, ma’muriy javobgarlikka tortildi. Men ketganimdan keyin bolalar yana 20 kishini olib kelishganini aytishdi. Yarim kun davomida 112 nafar faqat “slavyan ko‘rinishiga ega bo‘lmaganlar” ushlangan! – dedi Valentina Chupik.

Huquq faoli “Perovo” bo‘limida ushlab turilgan 28 muhojirning O‘zbekiston, Tojikiston va qirg‘izistonlik ekanini rasman tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lgan.

Politsiya rahbariyati huquq faoliga mehnat muhojirlarining “Nolegal-2018” amaliyoti doirasida politsiya bo‘limiga olib kelinayotganini bildirgan.

- Qizig‘i, ular bu amaliyot to‘g‘risidagi buyruq og‘zaki ekanini aytishdi. Biz “Nolegal-2018” masalasida yuborgan rasmiy so‘rovnomamizga hech qanaqa bunday amaliyot o‘tkazilmayotgani borasida rasmiy javob olganmiz¸ dedi Valentina Chupik.

Ayni damda, Rossiya ammaviy axborot vositalari mamlakatning boshqa mintaqalarida ham “Nolegal-2018” amaliyoti olib borilayotgani haqida xabar bermoqda.

Rossiya IIBsi ma’lumotlariga binoan, 2017 yil davomida Rossiyada 15 million migrant rasman qaydga turgan va ulardan 4 millioni O‘zbekiston grajdanlaridir.

XS
SM
MD
LG