Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:33

Bo‘z tuman shifoxonasida 34 yoshli homilador va uning homilasi o‘ldi


Bo‘z tumani Tibbiyot birlashmasi palatasidan olingan surat.
Bo‘z tumani Tibbiyot birlashmasi palatasidan olingan surat.

Andijon viloyat, Bo‘z tuman Tibbiyot birlashmasida 10 yanvar kuni 34 yoshli homilador ayol olamdan o‘tdi. Ayol qornidagi olti oylik homilasi ham nobud bo‘ldi.

Bo‘z tuman Tibbiyot birlashmasining Ozodlik suhbatlashgan xodimi ekspertiza natijalari chiqmagunicha o‘lim sababi haqida hech narsa deyolmasligini aytdi.

Marhumning yaqinlari esa, fojiada tug‘ruqxona vrachlarini ayblamoqda.

Ayni paytda, tuman prokuraturasi homilador ayol o‘limi yuzasidan surishtiruv boshlaganini Ozodlikka bildirdi.

34 yoshli homilador N.A. Bo‘z tuman Tibbiyot birlashmasiga 8 yanvar kuni yotganidan ikki kun o‘tib olamdan o‘tdi.

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, ayol shamollash kasalligi belgilari bilan kasalxonaga olib kelingan.

- Shifoxonada vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish tashkil etilmagani sabab oddiy shamollashdan o‘lib ketdi, qornidagi bolasi ham nobud bo‘ldi. Ikkinchi farzandini tug‘ishi kerak edi. Uch yoshli bolasi yetim qoldi, - dedi marhumning qarindoshi.

Bo‘z tuman Tibbiyot birlashmasi shifokorlaridan biri esa, bemorga o‘z vaqtida lozim yordam ko‘rsatilganini aytdi:

- Bu ayol yuqori nafas yo‘llari infeksiyasi bilan olib kelingan edi. Holati yaxshilanmagach, ShTYo bo‘limiga o‘tkazdik. U yerda barcha yordamlar ko‘rsatildi. Ikkinchi darajali nafas yetishmovchiligi va kamqonlikning og‘ir darajasi tufayli ikki tomonlama pnevmoniyadan vafot etdi.

Biroq Tibbiyot birlashmasining Ozodlik suhbatlashgan rahbarlaridan biri ekspertiza natijalari chiqmagunicha o‘lim sababi haqida hech narsa aytilmasligini bildirdi.

Tibbiyot birlashmasining Ginekologiya bo‘limi vrachlaridan biri ayol oxirgi marta 21 dekabrda ginekologik tibbiy ko‘rikka kelgani va o‘shanda unga kasalxonaga yotish tavsiya qilinganini aytdi.

- Lekin u va yaqinlari vrach tavsiyasiga quloq solmadi, vrachlar tavsiyasiga ko‘nib, vaqtida yotishi kerak edi, - dedi shifokor.

Ozodlik vafot etgan xomilador ayolning turmush o‘rtog‘i bilan bog‘landi. Lekin, u qo‘ng‘iroq Ozodlikdan ekanini bilgach, telefonini o‘chirdi.

Bo‘z tuman prokuraturasi homilador ayol o‘limi yuzasidan surishtiruv boshlaganini Ozodlikka bildirdi.

Bo‘z tumanida bir yarim oy ichida ikki xomilador ayol nobud bo‘ldi.
Bo‘z tumanida bir yarim oy ichida ikki xomilador ayol nobud bo‘ldi.

Bu Bo‘z tumanida homilador ayol nobud bo‘lishi bilan bog‘liq so‘nggi bir yarim oy ichidagi ikkinchi holatdir.

1 dekabr kuni Bo‘z tumanida is gazidan zaharlangan olti oylik homilador ayol vafot etgan edi.

36 yoshli G.S. uyi yotoqxonasida o‘rnatilgan isitish pechidan sizib chiqqan is gazidan o‘zi hamda mehmonda bo‘lgan qo‘shnisi O.S. bilan zaharlanib kasalxonaga keltirilgan, lekin Bo‘z tuman Tibbiyot birlashmasi shifokorlari ularning hayotini saqlab qolisholmagan.

Bu holat bo‘yicha ham tuman prokuraturasi surishtiruv olib borilayotganini Ozodlikka bildirgan, lekin natijalari hanuz ma’lum emas.

28 noyabr kuni esa, Andijonning Baliqchi tumanida 36 yoshli E.K. qornidagi uchinchi farzandini tug‘ish uchun Tibbiyot birlashmasi tug‘ruq kompleksiga yotganidan bir kun o‘tib olamdan o‘tgandi.

Baliqchi tuman Tibbiyot birlashmasining tug‘ruq kompleksi xodimi Ozodlik bilan suhbatda shifokorlarning "astoydil harakatlari"ga qaramasdan ona qornidagi bolaning ham hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmaganini aytgandi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan marhumaning qarindoshi "ta’magir vrachlar"ning beparvoligi bois, oila nobud bo‘ldi, deb da’vo qilgandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev hukumatning yanvar oyidagi majlisida tibbiyot sohasidagi jiddiy muammolar va yetishmovchiliklar haqida gapirgan, ona va bola sog‘ligini asrash, aholini dori vositalari bilan ta’minlash va sog‘lom avlod o‘stirish – eng muhim masalalar ekanini ta’kidlagandi.

Save the Children tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston bolani dunyoga keltirish uchun havfli mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotida esa mamlakatda o‘tgan yilning o‘zida onalar o‘limi bilan bog‘liq 59 ta, bolalar o‘limi bilan bog‘liq esa, 2.706ta holat qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG