Toshkentda Oliy sud raisining o‘rinbosari, Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Bahodir Dehqonov, 21 fevral kuni hibsga olingani to‘g‘risida daryo.uz sayti o‘z manbalariga tayanib xabar qildi.
“Ishonsa bo‘ladigan manbalar”ga tayanilgan xuddi shunday xabar uzmetronom.comda ham e’lon qilindi.
gazeta.uzning yozishicha, Bahodir Dehqonov 21 fevral, "kunning birinchi yarmida o‘z xizmat xonasida" qo‘lga olingan. Bu nashr "huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasi"ga tayanib xabar qildi.
centre1.com 18 fevral kuni bir-biridan mustaqil uch manbaga tayanib, bahodir Dehqonovning 15 fevralda egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.
Bahodir Dehqonov Oliy Majlisning Senati tomonidan 2017 yil 27 may kuni besh yil muddatga Oliy sudi raisining o‘rinbosari – Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylangan.
U o‘z vazifasiga 2017 yilning 1 iyunida kirishgan.
Bundan avval, Bahodir Dehqonov Oliy xo‘jalik sudi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
uzmetronom.com o‘z xabarida Bahodir Dehqonov “DXXning sobiq raisi Ixtiyor Abdullaevning qudasidir”, deb yozgan.
Bahodir Dehqonovning qudasi ekani aytilayotgan DXX sobiq rahbari 53 yashar Ixtiyor Abdullaevga nisbatan 11 fevralda "qamoq" vaqtincha ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingani to‘g‘risida Ozodlik 13 fevralda DXX sobiq rahbari qo‘l ostida ishlagan mulozimga tayanib xabar qilgan edi.
DXXning joriy rahbariyati tarkibida ishlayotgan va sobiq raisning qo‘l ostida ishlagan manbalarga ko‘ra, Ixtiyor Abdullaev DXX yerto‘lasida joylashgan tergov izolyatorida saqlanayotgani aytilgan 13 fevraldagi xabarda.
Bundan oldingi xabarlari keyinchalik tasdiqlangan bir necha manbaning Ixtiyor Abdullaevga oid ushbu so‘nggi ma’lumotlarining rasmiy tasdig‘i yoki inkori hozircha Ozodlikda yo‘q.
DXX raisi sifatida bir yil ishlagan Ixtiyor Abdullaev 8 fevral kuni salomatligi bois egallab turgan lavozimidan ozod qilingani xabar qilingan.
Ozodlik 11 fevral kuni O‘zbekiston hukumatidagi manbalariga tayanib, Ixtiër Abdullaev jinoyat ishi figuranti bo‘lgani haqida yozgan edi.