Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:44

Andijonda 7-sinf o‘quvchisi, Namanganda 10-sinf o‘quvchisi o‘zini osdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Andijon viloyati Jalaquduq tumanida 7-sinf o‘quvchisi, Namangan shahrida esa 10-sinf o‘quvchisi uyida osilgan xolda topildi. Bu maktab o‘quvchilarining o‘zini osgani bilan bog‘liq Ozodlik aniqlagan ko‘psonli xolatlardir.

Namangan shahridagi 37-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi M.M. 4 mart kuni o‘z uyining uzum tokiga osilgan xolda topildi.

Marhumning mahalladoshlaridan biri Ozodlikka bola maktabdan kelib o‘zini osganini aytdi.

- Kechki beshlar atrofida bo‘ldi. Maktabdan kelib, xovlisidagi uzum tokiga arqon boylab o‘zini osgan. Nimagaligini hech kim bilmaydi. Bugun bolani janozasi o‘qildi, - dedi marhumning mahalladoshi.

Qarindoshlaridan biri Ozodlikka bolani maktabda kimdir xafa qilgan bo‘lishi mumkinligini iddao qildi.

Lekin, 37-sonli maktabning Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchilaridan biri bu iddaoni keskin rad qildi.

- 4 mart kuni hamma darslarni to‘liq o‘qidi. Uyiga borganidan keyin shu ishni qilibdi. Hech kim uni xafa qilmagan, men sinf rahbari bilan bu haqda gaplashdim. O‘zi juda odobli, a’lochilardan edi. Hayronmiz nimaga bunaqa qilganiga, - dedi ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchi.

Ozodlik Namangan prokuraturasidan bu voqeaga munosabat ololmadi.

Ayni paytda 3 martga o‘tar kechasi Andijonning Jalaquduq tumanidagi 31-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi o‘z uyida osilgan xolda topildi.

Tumandagi iqtidorli bolalar o‘qiydigan rus maktabining o‘quvchisi nimaga o‘z joniga qasd qilgani ma’lum emas.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi mulozimi bu holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilayotgani, natijalari ma’lum bo‘lganidan so‘ng ma’lumot berishini aytdi.

-Hozir bu bo‘yicha tekshiruv ketyapti. Natijalari ma’lum bo‘lmagunicha hech narsa aytolmayman, - dedi Jalaquduq tumani Xalq ta’limi bo‘limining mulozimi.

O‘zbekistonda yoshlar, ayniqsa maktab, kollej o‘quvchilari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda.

O‘tgan uch oy davomida Ozodlikka bildirilgan ana shunday sakkizta voqea haqida xabar berildi.

Uch oyda o‘nta suitsid

Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumanidagi 13-umumta’lim maktabining 10-sinf qizbola o‘quvchisining jasadi 26 fevral kuni kechki payt o‘z uyida topilgan. Bola o‘ziini osgani haqida qarindoshlari Ozodlikka xabar qilgandi.

24 fevral kuni Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahridagi 11-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi o‘z uyi ayvoni to‘siniga osilgan holda topildi. 16 yoshli qizning o‘z joniga qasd qilishga olib kelgan sabab va motivlar hozircha ma’lum emas.

Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 9-maktabning 11-sinfida o‘qiydigan bola 7 fevral kuni uyidagi molxonada osilgan holda topildi.

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida kollej o‘quvchisi bo‘lgan 17 yoshli qiz o‘z uyida osilgan xolda topildi. 22 yanvar kuni ro‘y bergan ushbu hodisa haqida Ozodlikka marhumning kursdoshlaridan biri 31 yanvar kuni xabar qildi.

Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanining 27-umumta’lim maktabining 14 yashar o‘quvchisi 17 yanvar kuni uyining molxonasida osilgan holda topilgan.

15 yanvarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 4-bosqich talabasi osilgan holda topildi. Kursdoshlarining Ozodlikka aytishicha, talaba o‘zini o‘zi osgan bo‘lishi mumkin.

Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘g‘il bola o‘quvchisi 6 yanvar kuni osilgan holda topilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan kollej o‘qituvchisining aytishicha, 28 dekabr kuni 3-bosqichda o‘qiydigan yana bir o‘quvchi - qiz bola osilgan holda topilgan.

Prezident havotirda

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

2019 yil fevral oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.

Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami ko‘rsatilishi vaqtida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilandi.

Yangi tahrirdagi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilib, unda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishi nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG