Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:51

Buxorolik o‘qituvchilar: Navro‘z bayrami biz uchun qimmatga tushdi


Buxoro viloyatidan bir-biridan mustaqil ravishda OzodMikrofonga murojaat qilgan maktab-kollej o‘qituvchilarining iddao qilishicha, shahar markazida o‘tkaziladigan Navro‘z bayrami tadbirlari uchun ular ishlaydigan o‘quv yurtlarida har bir o‘qituvchidan 50-100 ming so‘mdan pul yig‘ib olingan.

Bundan tashqari har bir maktab va kollejga o‘zi uchun ajratilgan pavilьonda meva-cheva, bayram ovqatlari hamda turli xil pishiriqlar tayyorlab kelib, dasturxon tuzash va bu dasturxondan saylga kelganlarga ulashish majburiyati yuklatilgan.

"Ovqat pishirish + 50 ming so‘m"

Buxorolik o‘qituvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, Buxoro shahrining “Boqiy Buxoro” yodgorlik majmuasida 20-21 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Navro‘z sayliga har bir maktab va kollej o‘z pavilyonini turli xil ovqatlar va pishiriqlar bilan to‘ldirishi bilan bir qatorda ulardan pul ham yig‘ib olingan.

“Buxoroda maktab o‘qituvchilaridan 50 ming so‘mdan pul yig‘ilyapti, uydan idish-oyoq, turli tuman dasturxon va bezaklar olib kelishga majburlanyapti. Bosh tortganlarga dars soatlarini qisqartirish bilan tahdid qilinmoqda. Buxoroning "Boqiy Buxoro" yodgorlik majmuasida har bir maktab uchun Navro‘zga atalgan pavilyon ajratilgan. Dasturxon bezash uchun ovqatlar, pishiriqlar tortiq qilinadi. Chinovniklar hokimiyatdan kelib, yeb ketishadi. Kimga kerak bunday ahmoqgarchilik. O‘qituvchi bu pulni bayram oldi o‘z oilasiga xarj qilsa yaxshimasmi, o‘sha bolalari rizqini. Nega yana o‘qituvchilar? Hokimiyat bayramni tashkillashtirish uchun puli bo‘lmasa, qilmasin o‘qituvchini qiynab. Rosti gap, bezor bo‘ldik”.

"Navro‘z" uchun o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham darsdan qoldi"

"Boqiy Buxoro" majmuasida 20 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylda ishtirok etgan boshqa maktabning o‘qituvchisi ham bayram uchun pul yig‘ilganini aytdi:

“Pul yig‘ilganda hech qanday vedomost tashkil qilinmay, shunchaki terilgani xam rost. Shaharning barcha maktablari o‘ziga ajratilgan pavilyonda turli milliy taomlardan iborat dasturxon bezagani, o‘sha pavilyonni Navro‘z ruhidagi rasmlar, gullaru-maysalar, milliy matolar bilan bezagani rost. O‘quvchi va o‘qituvchilar milliy kiyimlarda kelib nomerlar qo‘yishgani rost. Shu qo‘yilgan namoyishlariga repetitsiya qilish uchun o‘quvchilar bir necha kunlab darslardan qolishgani xam rost. O‘sha taomlarni pishirishga o‘qituvchilar majburlangani rost. Bunday jamoat ishlari o‘qituvchilarning jon-joniga tegib ketgani ham rost!”

"Kollejlarga solingan o‘lpon baland bo‘ldi"

Buxoro tibbiyot kollejining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan biri, Navro‘z bayramini o‘tkazish uchun ulardan yuz ming so‘mdan pul yig‘ilganini aytdi:

“Maktablarda 50 ming so‘mdan yig‘ilgan bo‘lsa, bizdan 100 ming so‘mdan yig‘ib olindi. Buning qanchasi saylga ketdi, qanchasi chap cho‘ntakka ketdi, bizga hisobot berishmaydi, chunki qora vedomost bu. Kollejda yuzdan ortiq o‘qituvchi ishlaydi. Bilmadim buncha pulga nima qilishadi ekan. Saylga limon, apelsin va boshqa meva-cheva olib borib, bepul tarqatishdi”.

Feysbuk sahifasida ham buxorolik o‘qituvchilar Navro‘z saylida ishtirok etishga majburlanayotgani haqida yozishdi:

“Bayram yaxshi, lekin eng yomoni - biz o‘qituvchilarni “Boqiy Buxoro”da bo‘ladigan vistavkalarda ishtirok etishga majburlashayotgani”.

O‘zbekiston prezidenti va hukumat tomonidan taqiqlanganiga qaramay, O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida o‘qituvchilar va xalq ta’limi xodimlarini o‘z vazifasidan tashqarida bo‘lgan ishlarga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 2018 yilning 17 iyul kuni o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘qituvchilarning turli nazorat organlari tomonidan tekshiruvini cheklash, obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchilarni jalb qilish, turli yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyasi va o‘zlarining vakolatlari doirasida bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilishni taqiqlash zarurligi ta’kidlangan edi.

-----------------------------------------------------------------------------------------------Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG