Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:23

Terrorchilikda ayblanayotgan o‘zbeklar ustidan Peterburgda sud boshlandi (VIDEO)


Akbar Azimovning Podmoskovyeda hibsga olinishi jarayoni
Akbar Azimovning Podmoskovyeda hibsga olinishi jarayoni

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri metrosida bundan ikki yil oldin sodir bo‘lgan portlash bilan bog‘liq ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha 2 aprel kuni sud jarayoni boshlandi.

Terrorchilik akti sifatida malakalangan jinoyat ishi doirasida qirg‘izistonlik, tojikistonlik va o‘zbekistonlik 11 kishi sudlanmoqda.

Sud boshlanishidayoq ayblanuvchilardan biri – Muhammadyusuf Ermatov unga nisbatan FSB tomonidan qiynoqlar qo‘llanilgani to‘g‘risida bayonot berdi.

Sudlanuvchilar ayblarini tan olmadi

Terrorchilik akti Moskva okrug harbiy sudida sudya Andrey Morozov hakamligida ko‘rib chiqilmoqda.

Terrorchilikda ayblanayotganlar asosan O‘zbekiston va Qirg‘iziston, bir nafari Tojikiston grajdanlari - aka-uka Abror va Akrom Azimovlar, aka-uka Ibrohim va Muhammadyusuf Ermatovlar, Shohista Karimova, Mahamadyusuf Mirzaalimov, Dilmurod Mo‘ydinov, Sayfullo Hakimov, Bahrom Ergashev, Sodiq Ortiqov va Azamjon Mahmudovlardir.

2 aprel kuni boshlangan sudga 112 jabrlanuvchidan 14 nafari keldi. Mahkama boshlanishidayoq sudyaning "o‘z aybingizga iqror bo‘lasizmi?" degan savoliga sudlanuvchilar bir ovozdan “Yo‘q!”, deb javob qaytardi.

2 yillik tergov davomida FSB tergovchilari tomonidan yig‘ilgan 140 tomli jinoyat ishi sudga taqdim etildi. Kuzatuvchilar tergov ishi juda cho‘zilgani, prokuratura bir necha marotaba ishni tergovchilarga qaytargani ma’lum qildi.

Sud zalidan onlayn-translyatsiya olib borgan mahalliy “Fontanka” nashri o‘zining aybsizligi borasidagi nutqni o‘zbekistonlik Shohista Karimova so‘zlagani, FSB go‘yo undan topilgan detonator, mikrosxema va F-1 granatasini sochlari va qo‘ltiqlariga surtib olganini bildirdi.

Sud boshlanmasdan oldin jurnalistlar oldiga chiqqan Muhammadyusuf Mirzaalimovning onasi Yorqinoy Mirzaalimova o‘g‘lini “terrorchi” deb atamaslikni talab qildi va uning aybi yo‘qligiga ishonishini bildirdi.

Himoyachi R.Shirshov "Ayblanuvchilar qiynoqlar qo‘llanilganini gapirmoqda!"

Mahkama davomida terrorchilikda ayblanib sudlanayotgan Muhammadyusuf Ermatov “maxfiy qamoqxonada” qiynoqlarga tutilgani to‘g‘risida bayonot berdi.

2 aprel kuni Peterburgdagi Jamoatchilik nazorat komissiyasi (ONK) Muhammadyusuf Ermatov nomidan yuqori instansiyalarga bu masalada shikoyat yuborganini bildirdi.

Jamoatchilik nazorat komissiyasi a’zolarining aytishicha, Ermatov 2017 yilda bir oydan oshiq vaqt davomida isitish batareyasiga bog‘langan holda ushlab turilgan. O‘zbek muhojiri fsbchilar uning boshiga qop kiydirib, elektr toki bilan azoblaganini aytib bergan.

Komissiya a’zosi Roman Shirshov qolgan ayblanuvchilar qattiq qo‘rqitilgani va qiynoqlar qo‘llanilgani borasida ma’lumot berishdan bosh tortayotganini Ozodlik orqali ma’lum qildi:

- Biz bu ishga aloqador bo‘lganlarni “Kresti” izolyatorida so‘roq qilgandik. Muhammadyusuf va Ibrohimjon Ermatovlar bilan uchrashgandik. Bu aka-uka FSBning maxfiy turmasida ushlab turilgani borasida Moskvada bizga xabar kelib tushgandi. Xuddi shunday qiynoqlar qo‘llanilganini Azimovlar ham aytgan. Muhammadyusufni, masalan, uyidan o‘g‘irlab ketishgan va uzoq vaqt FSB maxfiy qamoqxonasida saqlashgan. U yerda uni tok bilan qiynashgan, tinimsiz azoblab, so‘roq qilishgan. Shundan keyingina u Lefortovo izolyatoriga jo‘natilgan.

Masalan, Bahrom Ergashev juda stress holatida bo‘lgani, doimo ko‘ziga yosh olayotganiga guvoh bo‘ldik. Bizda huquq muxofazasi organlari xodimlari tomonidan unga nisbatan qattiq bosim usullari qo‘llanilayotgani to‘g‘risida tasavvur hosil bo‘ldi. Kecha bu dalillar va bayonotlar asosida tegishli idoralarga murojaat yubordik – uch kunda javob olishimiz kerak, dedi himoyachi Roman Shirshov.

Biroq, hanuzgacha Rossiya FSBsi va Tergov qo‘mitasi qiynoqlar to‘g‘risidagi ayblanuvchilar va himoyachilar davolariga munosabat bildirgani yo‘q.

Mahkama boshlanishi bilan aniqlandiki, barcha ayblanuvchilarda sud boshlanishidan biroz vaqt oldin advokatlari almashgan.

Sudьya Andrey Morozov himoyachilarga ishni ko‘rib chiqishga ruxsat bermadi va ular mahkama davomida jinoyat ishi bilan tanishishi mumkinligini bildirdi.

Kunduzgi soat 2 larda Mojayskiy Harbiy-kosmik akademiyasi va Sankt-Peterburg davlat agrar universitetida portlashlar sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Mahkamada ishtirok etayotgan jurnalistlarning yarmidan ko‘pi hodisa joyiga chiqib ketdi va sud zali deyarli bo‘shab qolgani xabar qilindi.

Sudda Peterburg metrosida xudkushlikda gumonlangan Akbarjon Jalilovning “asosiy sheriklari” deb prokuror tomonidan aka-uka Abror va Akrom Azimovlar e’lon qilindi.

O‘zbek muhojirlarining otasi Axrol Azimov o‘g‘illariga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilayotgani borasida xabar berishni boshlaganidan keyin Rossiya grajdanligidan mahrum etilgan va Rossiyadan chiqarib yuborilgandi.

Hozirda O‘shda yashayotgan Ahrol Azimov Ozodlik bilan suhbatda so‘nggi 2 yil davomida bo‘lgan tergov borasida bilganlarini so‘zlab berdi.

- Meni 2017 yil dekabrida jo‘natishvorganidan beri hech narsa o‘zgarmadi. Aksincha, bolalarimiz va bizning huquqlarimiz poymol bo‘lmoqda. Piterda boshlangan sudga bolalarimiz advokatlariga biz pul qilolmadik, o‘zlari tayinlashdi. Sud esa ish bilan tanishib chiqishga advokatlarga vaqt bermayapti. Sudlanuvchilar zalda “videoreportajlar qilinsin, ochiq bo‘lsin” deganiga korrespondentlar kiritildi, ammo videolarda esa faqat qoralovchi prokurorlarning gaplarini qo‘yishyapti, bolalarning va advokatlarning chiqishlarini esa inkor etyapti, ko‘rsatmayapti, dedi sud mahkamasini kuzatib borayotgan Ahrol Azimov

Sankt-Peterburg metrosida 2017 yilda terror harakatini amalga oshirganlikda ayblanib sudlanayotgan 11 nafar o‘zbekdan 10 nafari 2 aprel kuni boshlangan sud jarayonida o‘zlariga bildirilgan ayblovni tan olishdan bosh tortdi.

Avvalroq sudlanuvchi Abror Azimov qisman aybdor ekaniga iqror bo‘lgan edi.

Rossiyalik tergovchilar tomonidan Qirg‘izistonda tug‘ilib o‘sgan aka-uka Abror va Akrom Azimovlarga terrorizm va qurol saqlash bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi.

Avvalroq Abror Azimov FSBning “maxfiy qamog‘i”da qiynoqlarga solingani to‘g‘risida advokati orqali jamoatchilikka ma’lum qilgan edi. Dinzega ko‘ra, FSB xodimlari, arizani qaytarib olmasa Azimovning qarindoshlarini “jismoniy jihatdan jazolashlari” bilan Abror va Akromni qo‘rqitganlar.

Ayblanuvchilarning otasi Ahrol Azimov 25 iyulda Moskvada o‘tgan matbuot anjumanida farzandlariga nisbatan jinoyat ishlari soxtalashtirilgani to‘g‘risida gapirgan edi.

Akromjon va Abrorning yaqinlari ularning granata va pistolet bilan qo‘lga olinishini “uydirma tomosha” deb atagan edi.

2017 yilning 3 aprelida Peterburg metrosida portlash sodir bo‘lib, 16 odam, jumladan xudkush ekani iddao qilinayotgan 22 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi Akbarjon Jalilov halok bo‘lgan edi. Portlashda 103 odam jarohatlangan. O‘lganlarning 9 nafari ayol, 7 nafari erkak edi.

Mazkur ish yuzasidan Rossiyada muhojirlikda yurgan markaziy osiyolik 11 nafar o‘zbek qo‘lga olingan edi.

XS
SM
MD
LG